Mixail Proxorov - prezidentlikka da'vo qilayotgan milliarder

  • Amerika Ovozi

Mixail Proxorov, milliarder, prezidentlikka nomzod

Mixail Proxorov, milliarder, prezidentlikka nomzod

4-mart Rossiyada prezident saylovlari. Oliy lavozimga besh kishi da'vogarlik qilmoqda. To'rt nafari siyosatchi va biri tadbirkor. Raqiblaridan farqli o'laroq milliarder Mixail Proxorov saylovlarda ilk bor qatnashmoqda.

Mixail Proxorov professional basketbolchi bo'lmasa-da, sportning bu turini sevadi. Bo'yi ikki metrdan baland bo'lgani uchun basketbolchilarga o'xshaydi, tez-tez o'ynab turadi. Boyib ketgach esa AQSh Basketbol uyushmasidagi klublardan biri Nyu-Jersining Nets jamoasini sotib oldi. Endi esa yanada balandroq dorga osilmoqchi. Rossiya prezidenti bo'lmoqchi.

Kampaniya avjida ekan, Proxorov maktab bolalariga basketbol o'ynashni o'rgatmoqda.

"Rossiyani birlashtira oladigan omillar raketa, tank yoki xavfsizlik kuchlari emas, balki sport va madaniyatdir", - deydi u.

Ko'rgazmali mashg'ulotni kuzatayotgan maktab o'quvchilaridan birining onasi Proxorovning o'zi va dasturi menga yoqadi, deydi.

"Proxorov yosh, zamonaviy arbob. Prezident bo'lsa, ta'lim va madaniyat uchun pulni ayamaydi", - deydi bu ayol.

46 yoshli Proxorov siyosiy sahnaga endi chiqmoqda. Vladimir Putin uchun bu uchinchi saylov bo'lsa, Vladimir Jirinovskiy va Gennadiy Zyuganov 1990-yillardan beri siyosatda. Jirinovskiy Liberal-Demokratik partiya asoschisi va yetakchisi. Prezident saylovlarida beshinchi bor ishtirok etmoqda. Kommunistik partiya rahbari Zyuganov uchun esa bu to'rtinchi saylov. Yana bir nomzod Sergey Mironov Senatning sobiq raisi, "Adolatli Rossiya" partiyasi rahbari.

Ommaviy so'rov natijalariga ko'ra, Putin birinchi bosqichdayoq g'alaba qozonadi. Proxorov esa Moskva va Sankt-Peterburg kabi ikki yirik shaharda ikkinchi o'rinni egallaydi.

Tadbirkor korrupsiyaga qarshi kurashmoqchi, davlat apparatini kichraytirmoqchi, majburiy harbiy chaqiriqni bekor qilmoqchi, amerikaliklar va yevropaliklarga Rossiyaga kirishni vizasiz qilmoqchi.

Moskvadagi san'at galereyasi rahbari Mariya Rappaportning aytishicha, Putinni xush ko'rmaydigan poytaxtliklar Proxorovni unga muqobil nomzod deb biladi.

"Ko'p odam unga ovoz beradi deb o'ylayman", - deydi Rappaport.

Ammo shu bilan birga, deydi u, boshqalar undan Sovet Ittifoqi qulaganidan so'ng davlat mulkini qo'lga kiritib boyiganidan nafratlanadi.

"Shu sabab Proxorov bir oligarx sifatida qishloqdagi odamlarni unga ovoz berishga qanday ishontirarkin, hayronman. Axir Rossiyada oligarxlarga ishonishmaydi", - deydi bu ayol.

Anna Ramjan ismli mana bu ayol ham Proxorovga ovoz beraman, deydi.

"Ammo ayrimlar Proxorovni Putinning odami deb o'ylaydi", - deydi u.

Proxorov saylov kampaniyasida Putinni keskin tanqid qilishdan o'zini tiyadi.

Karnegi jamg'armasining Moskvadagi tahlilchisi Masha Lipmanning aytishicha, Proxorov prezidentlikka nomzodini Moskvada Putinga qarshi yirik namoyishlar o'tganidan ikki kun keyin e'lon qildi. Rossiyada hech bir milliarder Kremldan mustaqil bo'la olmaydi, deydi Lipman.

"Proxorov juda ham qulay raqib, Putin uchun qulay", - deydi u.

Lipmanning aytishicha, umuman boy odamlar xalq muxabbatini qozona olmaydi.

"Odamlar uning milliarder ekanidan nafratlanadi. Chunki odam boy bo'lsa, pulni xalq hisobiga qilgan, davlati harom deb o'ylashadi", - deydi tahlilchi.

Bugun Moskvada Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putinni qo'llab-quvvatlab, o'n minglab odam ko'chaga chiqdi. Moskva daryosi bo'ylab namoyish qilgan omma Lujniki stadionigacha yurib, u yerda Putin ularga murojaat qildi.

"4-martda bo'ladigan prezident saylovlarida men albatta g'alaba qozonaman" dedi Putin.

Shu kungacha poytaxtda Putinga qarshi bir necha namoyish bo'lgan edi. Bugungi chiqishlar muxolifatga javob bo'ldi.

Bugun Kommunistlar hamda Liberal-demokratik partiya tarafdorlari ham mitinglar o'tkazdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG