Kiber-qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi tanqid ostida

  • Amerika Ovozi

Kiber-qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi tanqid ostida

Kiber-qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi tanqid ostida

AQShda asoslangan yirik internet kompaniyalar qaroqchilik va o’g’rilikka qarshi Kongressda ko’rib chiqilayotgan qonun loyihalaridan norozi.

Kino va musiqa olamida o’g’rilik azaliy muammo, jinoyat asosan global tarmoq orqali amalga oshiriladi. Ammo bunga chek qo’yish uchun ko’rilayotgan choralar, tanqidchilar nazarida, senzura bilan barobar.

Wikipedia nomi ostida tanilgan internet ensiklopediya bir kun davomida o’chirib qo’yildi. Qaroqchilikka qarshi kurash va mualliflik huquqini himoya qiluvchi qonun loyihalariga nisbatan protest bu.

Wikipedia vakili Jey Volsh deydiki, internet hamma uchun ochiqligi bilan qadrli. “Erkinlikni poymol qilishyapti, buni hammaga yetkazish kerak”.

Kiber-qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi tanqid ostida

Kiber-qaroqchilikka qarshi qonun loyihasi tanqid ostida

Wikipedia qatorida boshqa veb saytlar ham eshigini yopib, odamlarni Kongressga murojaat etishga da’vat etdi.

“Texnologiya sanoatini yemiradigan bunday xavfli qonunlar ovozdan o’tmasligi kerak. Kampaniya boshladik”, - deydi faollar.

Turli saytlarga kirgan kishi “Murojaatnomaga qo’l qo’ying. Kongressdagi vakillaringizga yozing” degan da’vatlarni ko’radi. 18-yanvar kuni Google qidiruv tizimiga kirsangiz ham, yozuv usti qora bilan yopib qo’yilgan edi.

Qonun loyihalari ayni paytda AQSh Vakillar Palatasi va Senatda muhokamada. Tarafdorlar deydiki, bu senzura emas, balki o’g’irlangan musiqa va filmlarni savdoga qo’yayotgan xorijiy saytlarga qarshi kurash.

“Amerika fuqarolarini ishidan ayirayotgan, iste’mochiga sifatsiz mahsulot taklif etayotgan bizneslarga internetda joy yo’q”, - deydi AQSh Tijorat palatasi vakili Stiven Tepp.

"Google" saytining 18-yanvardagi ko'rinishi

"Google" saytining 18-yanvardagi ko'rinishi

Mavzu bo’yicha izlangan olim Deyvid Smitning qayd etishicha, maqsad ezgu, lekin Wikipedia singari veb sahifalarni to’ldirib turadiganlar – oddiy odamlar, ko’ngillilar-ku.

“Qonun ovozdan o’tsa, deylik, musiqa sanoati va kino uyushmalar internet kompaniyalar ustidan sudga arz qilishi, cheklovlar joriy etishi mumkin bo’ladi. Muammo ham aynan shunda. Chunki hozir internetga nima qo’yilsa ham, provayder javobgar emas. Kuzatish ham uning ishi emas”, - deydi Smit.

Loyiha Kongressdan o’tish-o’tmasligi hali aniq emas. Ammo Oq uy tashabbusni allaqachon tanqid qilib chiqdi.

“So’z erkinligiga raxna soladigan va internetda omilkorlikni bo’g’adigan hujjatlarga prezident qo’l qo’ymyadi”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jey Karni.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG