Hukumatga qarshi namoyishlar jahon bo'ylab keng tus olmoqda

  • Amerika Ovozi

Xorijiy jurnalist xitoyliklar qurshovida, Pekin, 27-fevral, 2011-yil

Xorijiy jurnalist xitoyliklar qurshovida, Pekin, 27-fevral, 2011-yil

MISR

Misr Bosh prokuraturasi sobiq prezident Husni Muborak va oilasiga mamlakatni tark etishni taqiqlagan.

Matbuotdagi xabarlarga ko'ra, Muborak milliardlab dollarni g'amlab qo'ygan.

Mamlakatning 30 yillik rahbari 11-fevral kuni, 18 kunlik ommaviy namoyishlardan so'ng iste'foga chiqishga majbur bo'lgan.

UMMON

Arab dunyosidagi yana bir davlat - Ummonda ham namoyishlar. Bugun uchinchi kuni.

Odamlar sanoatlashgan yirik shahar - Soharda ko'chaga chiqib, hukumatdan ish o'rinlari yaratishni, maoshlarni oshirishni, demokratik islohotlarni jadallashtirishni talab qilmoqda.

Ummon absolyut monarxiya bo'lib, Sulton Qobus bin Said uni 40 yildan beri boshqaradi. Kechagi namoyishlarda politsiya omma bilan to'qnashib, yuzlab odamlarga qarata o't ochgan.

Sog'liqni saqlash vazirining aytishicha, politsiya ko'zni yoshlantiruvchi gaz va rezinali o'q ishlatgan. Bir kishi o'lgan. Ammo guvohlar namoyishchilarga haqiqiy o'q otilib, 2 kishi o'lganini ta'kidlamoqda.

Kecha Sulton Qobus namoyishchilar talablarini qondirishini aytib, 50 ming ish o'rinlari yaratiladi, degan.

Shuningdek, ishsizlarga oyiga 390 dollar nafaqa beriladi. Sulton Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o'zgartirishlar kiritishga ham va'da bergan.

XITOY

AQShning Xitoydagi elchisi Jon Xantsmen poytaxt Pekinda xorijiy jurnalistlarning politsiya tomonidan ushlanib, kaltaklanganiga nisbatan norozilik bildirgan.

Muxbirlar internet orqali e'lon qilingan namoyishni yoritishga borgan.

Odamlarni namoyishga chiqishga kim da'vat etgani noma'lum, biroq minglab politsiyachilar uning oldini olish uchun safarbar etilgan.

Elchi Xantsmen jurnalistlarga hujumni qoralab, hukumatdan aybdorlarni jazolashni va xorijiy muxbirlar huquqlarini poy-mol etmaslikni talab qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG