Yaman, Ummonda namoyishlar, Eronda muxolifatchilar qamoqda

  • Amerika Ovozi

Yaman poytaxti Sanodagi universitetda namoyishlar, 1-mart, 2011 yil

Yaman poytaxti Sanodagi universitetda namoyishlar, 1-mart, 2011 yil

YAMAN

Yaman poytaxti Sanoda o'n minglab odamlar prezident Ali Abdulla Solih iste'fosini talab qilib, namoyish qilgan.

Solih Isroil va Qo'shma Shtatlarni xalqini unga qarshi qayrab, namoyishlarni avj oldirganlikda ayblagan. Arab davlatlaridagi g'alayonlar, deydi Yaman prezidenti, AQSh nazorati ostida Tel-Avivda rejalanmoqda.

AQSh va Yaman al-Qoidaga qarshi kurashda ittifoqchi davlatlar hisoblanadi. 1978-yildan beri mamlakatni boshqarayotgan Solih lavozimidan 2013-yilda, prezidentlik muddati tugaganida ketishini aytmoqda.

Namoyishlar o'tgan oy boshlangan. Solihga sodiq kuchlar qo'lidan shu kunga qadar kamida 24 kishi o'lgan.

UMMON

Qo'shma Shtatlar Ummon rahbariyatini namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmasdan muloqot qilishga da'vat etmoqda. Yakshanba kuni boshlangan chiqishlarda bir necha kishi halok bo'lgan.

Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, AQSh Ummon sultonligini iqtisodiy ahvolni yaxshilab, siyosiy islohotlarni chuqurlashtirishga chaqirgan. Namoyishchilar ish o'rinlari yaratishni, maoshlarni oshirishni talab qilyapti.

ERON

Qo'shma Shtatlar Eronda ikki yirik muxolifatсhining hibsda saqlanayotganini qoralab, ularni ozod etishga chaqirgan.

Muxolifatga qarashli internet sahifasida aytilishicha, Mir Husayn Musaviy va Mahdiy Karrubiy rafiqalari bilan Tehrondagi qamoqxonaga ko'chirilgan. 14-fevraldan beri ular uy qamog'ida edi.

Bu islohotchi arboblar 2009-yildagi prezident saylovlarida ishtirok etgan.

Hukumat ularni Eronda arab dunyosidagi kabi namoyishlarni qo'zg'atish harakatida ayblamoqda. Eron sudi rasmiysining ma'lum qilishicha, Musaviy va Karrubiy qamoqqa ko'chirilmagan, hali ham uy qamog'ida.

XITOY

Xitoy hukumati yakshanba kuni poytaxt Pekinda namoyishlarni yoritish uchun chiqqan xorijiy jurnalistlarning politsiya tomonidan kaltaklangani bo'yicha uzr so'ramoqchi emas. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi bildirgan.

"Agar muxbirlar bu kabi hollarning kelajakda takrorlanishini istamasa, hukumat bilan hamkorlik qilishi va Xitoy qonunlarini e'zozlashi kerak", deydi Xitoy rasmiylari. Politsiya ularni yetarlicha ogohlantirgan, deydi ular.

Xorijiy jurnalistlar, xususan Amerika Ovozi muxbirining shikoyat qilishicha, politsiya ularni ogohlantirishsiz turtib, ba'zilarini kaltaklagan, video va fotokameralarini tortib olib, undagi suratlarni o'chirib tashlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG