Putin: Sovet rahbarlaridan ko'p, samaraliroq ishlayman

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Vladimir Putin

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 4-dekabrga belgilangan parlament saylovlaridan oldin vatandoshlarini hukmron "Birlashgan Rossiya" partiyasiga ovoz berishga da'vat etmoqda. Putin 2012-yil martida bo'ladigan saylovlarda g'alaba qozonib, prezidentlikka ham qaytmoqchi.

Uning aytishicha, Rossiya Sovet Ittifoqi qulaganiga 20 yil bo'lishiga qaramay hali ham zaif bo'lib, davlatchilikni kuchaytirish lozim.

Putin davlat televideniyesi orqali so'zlar ekan, xato qilishga haqqimiz yo'q, deydi.

"Aks holda shu paytgacha erishilgan barcha yutuqlarimiz chipakka chiqadi", - deydi.

"Birlashgan Rossiya" saylovlarda g'alaba qilsa, prezident saylovlaridan so'ng Putin davlat rahbari, amaldagi prezident Dmitriy Medvedev esa partiya boshida turib, bosh vazirlikka o'tishi mumkin.

Bu hol Putinga Rossiyani 24 yilgacha boshqarish imkonini beradi. Matbuotdagi ayrim karikaturalarda Putin Sovet Ittifoqi tepasida 17 yil turgan Leonid Brejnevga qiyoslanadi. Karikaturalarning birida yoshi bir joyga yetgan Putin Brejnev kabi medallarga to'la harbiy formada tasvirlanadi.

"Bunday o'xshatishlarga qarshiman, deydi Putin. Sovet rahbarlari Rossiyaning hozirgi rahbarlarichalik qattiq mehnat qilmagan. Siyosatda muvozanat bo'lishi tarafdorimiz", - deydi u.

Putin nazarida Rossiya hamkor davlatlar bilan do'stona aloqada bo'lishi kerak. O'zimizni buyuk deb o'ylab, boshqalarga talab qo'yish amaliyotidan chetda turishimiz kerak, deydi u.

Bosh vazir G'arbdagi norozilik namoyishlari haqida gapirar ekan, ijtimoiy ahvolni yaxshilash kerak, deydi. Putinning aytishicha, kelasi yillarda byudjetning 20 foizi ijtimoiy himoya dasturlariga sarflanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG