Putin Qrimga bordi

  • Amerika Ovozi

Sevastopol, 9-may, 2014-yil.

Sevastopol, 9-may, 2014-yil.

Kreml yarimorolni shu yilning martida Ukrainadan ajratib olganidan beri Putinning birinchi tashrifi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrimga safar qilmoqda. Kreml yarimorolni shu yilning martida Ukrainadan ajratib olganidan beri Putinning birinchi tashrifi.

Rossiya rahbari Sevastopol shahrida Ikkinchi jahon urushidagi g’alabaga bag’ishlangan tantanalarda qatnashdi. Rus harbiy dengiz floti aynan Sevastopolda joylashgan.

Bugun sal oldin Putin Moskvada 11 ming askar va qurol-aslaha ishtirokidagi harbiy paradni tomosha qildi.

Bu orada, Ukrainaning janubi-sharqida, Mariupol shahrida mahalliy askarlar va Rossiyaga moyil kuchlar qattiq olishmoqda.

Port shaharda hafta boshida avvalroq ham to’qnashuvlar kuzatilgan edi, biroq bu gal qaqshatqich tus olgan. Guvohlar tanklar bostirib kirganini aytmoqda. Mahalliy matbuotda ikki odam o’lgani, sakkiz kishi jarohat olgani xabar qilinadi.

Donetsk va Lugansk kabi shaharlarda Rossiya tarafidagi ayirmachilar shu yakshanba referendum o’tkazish qarorida qat’iy. Unda Kiyevdan ajralib, Rossiyaga qo’shilish masalasi ovozga qo’yiladi. Putin referendumni kechiktirishni taklif qilmoqda.

Luganskda yaqinda o’tkazilgan so’rovlarga ko’ra, aholining 70 foizi Ukraina tarkibida qolishni istaydi.

Shuningdek, Rossiya energiyaga muhtoj Ukrainadan kelgusida gaz ta’minoti uchun oldindan to’liq haq to’lashni talab qilmoqda.

Rossiya Energetika vazirligining bildirishicha, Ukraina gaz uchun 3,5 milliard dollarni chorshanbaga qadar to’lashi kerak edi. Biroq Kiyev buni uddalay olmagan. 1-iyundan boshlab Ukraina bu mahsulot uchun oldindan pul berishi lozim.

Bu qaror Yevropa Ittifoqiga ta’sir qilishi ehtimoldan xoli emas, deydi kuzatuvchilar. Rossiya G’arbiy Yevropa gaz ehtiyojlarining 30 foizini qoplaydi va shuning yarmi Ukraina orqali tashiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG