Breaking News

Nemsov Putinni shohona hayot kechirayotganlikda aybladi


Boris Nemsov va Leonid Martinyuk “Galeradagi qulning hayoti” kitobchasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni davlat hisobiga boyiganlikda ayblaydi.
Boris Nemsov va Leonid Martinyuk “Galeradagi qulning hayoti” kitobchasida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni davlat hisobiga boyiganlikda ayblaydi.
Rossiyada muxolifat rahbarlaridan biri Boris Nemsovning da’vo qilishicha, prezident Vladimir Putin davlat mulkidan shaxsiy maqsadlarda foydalanmoqda. Xususan, deydi Nemsov, Putin saroylar, yaxtalar, samolyotlar va boshqa mulkni o’zlashtirgan.

Boris Nemsov va Leonid Martinyuk muallifligida chop etilgan izlanishda Putin ixtiyoridagi davlat mulkining ro’yxati keltiriladi. Masalan, prezident samolyotidagi 75 ming dollarlik hojatxona, umumiy bahosi 700 ming dollarga teng qimmatbaho qo’l soatlari to’plami va hokazo.

Prezident maoshini oshkor etganida yillik daromadi 115 ming dollar ekani ma’lum bo’lgan. Putinning aytishicha, prezident bo’lish oson emas, sahardan tunga qadar qulday mehnat qilishga majbur.

Nemsov “Galeradagi qulning hayoti” deb nomlangan broshyuraga ma’lumot to’plash jarayonida Putin tushgan suratlarni o’rgandik, turli manbalardan axborot yig’dik, deydi.

"Putin ixtiyorida 43 ta samolyot, 15 ta vertolyot, 20 ta villa, saroy va qarorgoh, milliarder Roman Abramovich hadyasini hisobga olganda to’rtta yaxta, ko’plab qo’l soatlari bor. Putinning davlat hisobiga foydalanayotgan boyliklarining umumiy qiymati 22 million dollar atrofida", - deydi bir vaqtlar bosh vazir o’rinbosari lavozimida ishlagan Nemsov.

Uning aytishicha, Putinning prezidentlik davrida maktablar soni 20 mingga, o’qituvchilar 700 mingga, kasalxonalar 50 foizga, klinikalar 30 foizga kamaygan.

"Agar ana shunday qoloqlashgan va qashshoqlashgan davlatda bu, Putinning matbuot kotibi aytganidek, tabiiy hol bo’lsa, unda yaxshilik va yomonlik haqida tushunchalarimiz har xil ekan", - deydi Nemsov.

Karnegi jamg’armasining Moskvadagi markazi tahlilchisi Masha Lipmanning aytishicha, Nemsov hisoboti xorijiy matbuotda chiqqan axborotga tayanib tayyorlangan. Shu sabab ma’lumotning qay biri chinu, qaysinisi yolg’on, bilmaymiz, deydi u.

"Putin ahmoq emas. Bo’lar-bo’lmasga tavakkal qilmaydi. Siyosiy va boshqa xavflardan o’zini tutishni yaxshi biladi. Bu gaplar rost bo’lib, mulklarning barchasini noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritgan taqdirda ham bu haqda hech kim bilmagan, jamoatchilikka oshkor etilmagan bo’lardi. Nemsov tilga olgan narsalarning Putinga tegishli ekanini isbotlash deyarli mumkin emas", - deydi Lipman.

Muxolifatchi o’zgacha fikrda.

"Putin shaxsiy mulkini davlatniki bilan aralashtirib yuborib, barchasini o’ziniki deb o’ylaydi. Putin shoxona hayot kechirmoqda, shuning uchun ham Kremldan ketmoqchi emas", - deydi Nemsov.
Uni hech kim tekshirmaydi. Jur’at etishmaydi.
Masha Lipman


Sergey ismli rus yigitning aytishicha, Putinda buncha mol-dunyoning bo’lishi hech kimni ajablantirmaydi.

"Putin boy odam. O’zi hamma prezidentlar boy, millioner, nimasiga hayron qolasiz?" deydi Sergey.

Tahlilchi Masha Lipmanning aytishicha, Putin boy bo’lsa ham, Rossiyada qo’rqmasa bo’ladi.

"Uni hech kim tekshirmaydi. Jur’at etishmaydi. Putin bu hisobotga e’tibor beradimi, yo’qmi yoki Nemsovni buning uchun jazolashadimi, yo’qmi, bilmayman. Lekin shunisi aniqki, mamlakatda Putinga qarshi norozilik kayfiyati hukm surayotganiga qaramay davlat qudratli, xalq esa ojizligicha qolaveradi", - deydi Lipman.

Nemsov da’volari va izlanishiga Kreml hozircha fikr bildirmagan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG