Rossiyada endi prokurorlar xalqaro tashkilotlar faoliyatini to'xtata oladi

  • Amerika Ovozi

Rossiya politsiyachilari huquq faolini hibsga olmoqda, Moskva, 24-fevral, 2014-yil.

Rossiya politsiyachilari huquq faolini hibsga olmoqda, Moskva, 24-fevral, 2014-yil.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yaqinda prokurorlarga mamlakatdagi xalqaro tashkilotlarni “nomaqbul” deb topish vakolatini beruvchi yangi qonunga imzo chekdi. Huquq-tartibot idoralari bunday tashkilotlar faoliyatini to’xtatishi va ular bilan hamkorlik qilgan Rossiya fuqarolarini jazolashi mumkin. Hukumat tarafdorlariga ko’ra, davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi faoliyatlarni to’xtatish uchun bunday chora zarur. Huquq faollari esa qonunni muxolif qarashlarni bostirishga qaratilgan navbatdagi qadam sifatida baholamoqda.

Xavfsizlikka tahdid sifatida topilgan xalqaro tashkilotlar faoliyatini taqiqlash haqidagi qonun Dumada qabul qilinishi bilan Prezident Putin unga imzo chekdi.

Xalqaro va mahalliy huquq faollari qonunni fuqarolik jamiyatiga uyushtirilgan navbatdagi hujum deya qoralamoqda.

Qonun nafaqat bunday tashkilotlar faoliyatini to’xtatadi, balki unda ishlagan Rossiya fuqarolarini jarimaga va hatto olti yilgacha qamoq jazosiga tortadi.

Qanday tashkilotlar “nomaqbul” deb topilishi aniq belgilanmagan.

Rossiyaning inson huquqlari bo’yicha ombudsmeni Ella Pamfilova qonunni biror huquqiy asosga ega emas, deya qoraladi. Uning aytishicha, sud hukmisiz tashkilotlar faoliyatini to’xtatish konstitutsiyaga zid va prokuror qarorlari ustidan shikoyat qilish huquqining berilmagani ham noqonuniy.

Korrupsiyaga qarshi qarashlari bilan tanilgan siyosatchi va blogger Aleksey Navalniyga ko’ra, qonun Putin hokimiyatini yanada mustahkamlashga qaratilgan.​

“Buning 2015 va 2016-yilgi saylovlarga jiddiy aloqasi bor. Kreml uchun odamlarga nafaqat moliyaviy yordam beruvchi, balki ularni bir joyga yig’ib turli tadbirlar o’tkazuvchi va intellektual markaz vazifasini bajaruvchi har qanday nodavlat tashkilotini yo’q qilish juda muhim. Putin maydonni har qanday uyushgan strukturalardan tozalamoqchi”, - deydi u.

Muxolif blogger fikricha, hukumat xalqaro tashkilotlardan qo’rqadi.​

“Putin va uning atrofidagilar vahimada. Avvalo, maxfiy xizmatlar muxolifatga tashqaridan pul kelishiga hali ham ishonadi. 2011-2012-yillardagi Moskva namoyishlari korrupsiyalashgan Putinga qarshi o’z-o’zidan ro’y bermagan deb hisoblashadi”, - deydi u.

Navalniy Putinga qarshi yuz mingdan ziyod odam qatnashgan namoyish tashkilotchilaridan biri edi. U bir necha bor hibsga olingan, yaqinda uy qamog’idan ozod qilindi.

Putin tarafdorlariga ko’ra, Kremlga qarshi inqilob ro’y berishining oldini olish uchun G’arb kuchlari yo’lini to’sish kerak.

2012-yilda xorijdan moliyaviy yordam oluvchi va siyosiy faoliyat bilan shug’ullanuvchi har qanday tashkilotni “xorij agenti” deb tamg’alash haqida qonun chiqqan edi.

Shundan beri 64 tashkilotdan “xorij agenti” sifatida qayta ro’yxatdan o’tish so’raldi. Aks holda, ular bir necha ming dollar jarimaga tortiladi.

“Human Rights Watch” vakili Tanya Lokshinaning aytishicha, yangi qonun ham eski amaliyotning davomi.

“Yangi qonun mustaqil ovozlarni o’chirishga qaratilgan harakatlarning bir qismi. U tazyiqni yangi bosqichga olib chiqdi. Milliy xavfsizlikka raxna soladigan tahdidlarni bartaraf etish nomi ostida Rossiyadagi guruhlar va faollarning ovozini o’chirish va ularni xalqaro hamjamiyatdan uzish maqsad qilingan”, - deydi u.

Kreml muxolif siyosatchilarni ham josus va xiyonatchi sifatida tamg’alashga urinadi. Aleksey Navalniy ana shunday shaxslardan biri.

Rossiya Adliya vazirligi shu hafta ilm-fan bilan shug’ullanuvchi “Sulola” jamg’armasini “xorij agentlari” ro’yxatiga qo’shdi.

Rasmiylarga ko’ra, bu ro’yxat tashkilot faoliyatiga hech qanday tahdid solmaydi, faqat xorijdan kelayotgan mablag’ haqida aniqroq ma’lumot olishni talab qiladi.

Jamg’arma homiylaridan biri, rossiyalik tadbirkor tashkilot “xorij agenti” deb topilgani uchun unga ortiq moddiy yordam bermasligini ma’lum qildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG