Putin siyosiy muhit o'zgargan Rossiyada prezidentlikka qaytmoqda

  • Amerika Ovozi

Vladimir Putin

Vladimir Putin

Kelasi dushanba kuni Vladimir Putin prezident sifatida Kremlga qaytadi. Biroq Yevropadagi eng qudratli davlatlardan birini boshqarish bu safar oson bo'lmasligi mumkin. So'nggi yillarda Rossiya aholisining siyosiy savodi oshib, Kremldan qo'rqmaydigan bo'lib qolgan.

Vladimir Putinning prezidentlikka qaytishi Rossiya iqtisodiy kuchga to'lgan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Albatta, bunda uning xizmati katta. Byudjet tekis, tashqi qarz, inflyatsiya va ishsizlik past darajada, valyuta zaxirasi g'amlangan. Iqtisodiyot yiliga to'rt foizdan ko'p sur'atda o'smoqda. Bu G'arbiy Yevropadagi o'rtacha ko'rsatkichdan uch baravar yuqori.

Biroq bu farovonlik zaminida asosan neft va gaz yotibdi.

Xalqaro iqtisodiyot institutida Rossiya bo'yicha mutaxassis Anders Aslundning aytishicha, Putin iqtisodiyotning boshqa sohalarini ham rivojlantirishi kerak. Shunda jahon bozorida energiya mahsulotlarining narxi tushsa ham Rossiyaga ta'siri bo'lmaydi.

"Kelasi ikki yilda neft bahosi eng yuqoriga ko'tarilib, keyin normaga tushishi kutilmoqda. Shu sabab hozirdan tejamli bo'lish lozim", - deydi Aslund.

Ayrim rossiyaliklar xalq iste'moli mollari qimmatlashganidan norozi, boshqalar nazarida eng muhimi barqarorlik. Buning uchun esa, deydi ular, ko'proq siyosiy erkinlik kerak.

Kremlning sobiq maslahatchisi Gleb Pavlovskiyning aytishicha, hozirgi Rossiya 2008-yilgi mamlakatdan farq qiladi. O'shanda Putin prezidentlikni topshirib, bosh vazir bo'lgan edi.

"Rossiyani ortiq virtual monarxiya deb bo'lmaydi. Dekabr oyida parlament saylovlari ketidan avj olgan norozilik namoyishlari "Putin benuqson" degan tushunchani yo'qqa chiqardi", - deydi siyosiy texnolog.

Namoyishlarga javoban prezident Dmitriy Medvedev qator siyosiy islohotlarni e'lon qildi. Jumladan, oblast gubernatorlarini prezident emas, oldingiday xalq saylaydigan bo'ldi. Ammo sal o'tib Kremlga gubernatorlikka nomzodlarga veto qo'yish vakolati berildi. Qonun bugun kuchga kirdi.

Medvedev islohotlari natijasida siyosiy partiyani ro'yxatdan o'tkazish osonlashdi, ammo natijada muxolifat mayda guruhlarga bo'linib ketdi.

RIA "Novosti" axborot agentligi muxbiri Konstantin fon Eggertning aytishicha, fuqarolik harakati hozir qanday ahvolda bo'lmasin, kelajakda Rossiyada ancha ochiqroq siyosiy tizimga poydevor bo'lib xizmat qiladi.

Rossiyaning tabiati o'zgarmoqda, xalq rahbarlardan cho'chimay qolgan. Nafaqat xalq, balki amaldorlar ham. Aprel o'rtalarida Putin bosh vazir lavozimida so'nggi bor hisobot berishga Dumaga borganida, muxolifatdagi bir guruh deputatlar o'rnilaridan turib, zaldan chiqib ketdi.

Astraxanda esa merlik uchun saylovlarda ishtirok etgan nomzodlardan biri saylovlar soxtalashtirilgan deya, norozilik bildirib, ochlik e'lon qilib, ikki hafta o'tgach saylov komissiyasini huquqbuzarliklarni tan olishga majbur qildi. Uch yirik shaharda muxolif nomzodlar merlikni qo'lga kiritdi.

Putin prezidentlikka qaytgach, o'ziga kerakli tartibni o'rnatishga kirishadimi yoki yangi voqelikka moslashishga harakat qiladimi? Prezidentlik uchun ajratilgan olti yillik muddatning oxirigacha qoladimi yoki yangi muhitda ishlolmay, muddatidan erta ketadimi?

Gleb Pavlovskiy nazarida Putin siyosatchilar orasida eng moslashuvchan arbobdir.

"Biroq muxolif kuchlar bilan murosa qilolmay, hamkorlikni o'rnata olmasa, Rossiya siyosiy inqirozga yuz tutishi aniq", - deydi u.

Aholini hukumatga qarshi birlashtiruvchi muhim omil bu korrupsiya. Illat bartaraf etilmas ekan, siyosiy qarashlaridan qat'iy nazar odamlar asosiy muammoni hukumatda ko'rishda davom etaveradi. Mamlakatlarda korrupsiya darajasini o'rganuvchi Transparency International tashkiloti tuzgan jadvalda Rossiya yana bir neft ishlab chiqaruvchi davlat Nigeriya bilan quyi pog'onalardan birini egallab turibdi.

Taniqli blogger Aleksey Navalniy Putin yetakchiligidagi hukmron "Birlashgan Rossiya" partiyasini "muttaham va o'g'rilar to'dasi" deb atagan.

Jurnalist fon Eggert deydiki, Rossiya qo'rquv va umidsizlikdan boshini ko'tardi va endi bu holatga qaytmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG