Putin Istanbulda Turkiya prezidenti bilan uchrashadi

  • Amerika Ovozi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Xitoy, 3-sentabr, 2016-yil.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an (chapda) Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan, Xitoy, 3-sentabr, 2016-yil.

Anqara va Moskvaning diplomatik aloqalari yanada kuchayadiganga o'xshaydi. Rossiya rahbari Vladimir Putin 10-oktabr kuni Turkiyaga kelishi kutilmoqda. Bu yerda u Prezident Rajab Toyib Erdog'an bilan uchrashadi. Ammo Suriya bo'yicha kuchayayotgan farqli qarashlar hamda Anqaraning Saudiya Arabistoniga yanada yaqinlashishi tashrifga soya solayotgan masalalardan ekani aytiladi.

Putin Istanbulda bo'lib o'tayotgan Dunyo energiya kongressida qatnashadi. Suriyada harbiy amaliyot olib borgan Rossiya samolyoti Turkiya tomonidan urib tushirilgandan beri aloqalar bir muddat keskin sovuqlashgan edi.

Tomonlar energiya sohasida ham hamkorlikni kuchaytirishi kutilyapti. Rossiya va Yevropa o'rtasida joylashgan Turkiya Moskva uchun Yevropaga gaz uzatishning muqobil yo'li sifatida ko'riladi. Shu paytgacha bu vazifani Ukraina bajarib kelmoqda. "Turk oqimi" deb nomlangan gaz quvuri loyihasi samolyot urib tushirilishi hodisasidan so'ng muzlatib qo'yilgan edi.

Moskva bilan aloqalarni iliqlashtirish uchun Erdog'an Suriya siyosatini biroz yumshatishiga to'g'ri keldi: u Prezident Bashar Assadning hokimiyatdan ketishini qattiq talab qilmaydigan bo'ldi. Aksincha, uning o'tish davrida ham prezident bo'lib qolishiga rozi bo'lgan. Shuningdek, Turkiya isyonchilarga berilayotgan yordamni ham kamaytirgani aytilmoqda.

Ayni paytda Turkiya prezidenti Damashqqa nisbatan qarashini yana keskinlashtirmoqda. Bu orada u Riyod bilan ham munosabatlarni chuqurlashtiryapti.

Shuningdek, Turkiya askarlarining Suriya ichiga chuqurroq kirib borayotgani Rossiyani bezovta qilmoqda.

Iroq ham Rossiya-Turkiya aloqalariga raxna solmoqda. Moskvaning yana bir mintaqaviy hamkori bo'lgan Bag'dodning Anqara bilan munosabatlari sovuq. Iroqliklar Turkiya askarlarining Bashiqa bazasida joylashib olganidan norozi.

Anqara Rossiya bilan aloqalarida iqtisodiy kelishuvlardan ham manfaatdor. Ayniqsa, energiya sohasida.

Kuzatuvchilarga ko'ra, mintaqadagi ziddiyatlar bois Anqara va Moskva doimiy iliq aloqalarni saqlab qolishi qiyin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG