Breaking News

Putin: O’zbekiston mintaqadagi eng muhim sheriklarimizdan


Islom Karimov, Vladimir Putin, Toshkent, 4-iyun, 2012-yil
Islom Karimov, Vladimir Putin, Toshkent, 4-iyun, 2012-yil

Bugun, 4-iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin O’zbekistonga rasman tashrif buyurdi. Islom Karimov va Putin o’rtasidagi uchrashuv Toshkent taklifi bilan amalga oshmoqda.

Bu Putinning prezidentlikka kelganidan keyin ikki tomonlama aloqalarni oliy maqomda muhokama etuvchi birinchi uchrashuvi.

Tomonlar Keng qamrovli strategik hamkorlikka doir deklaratsiya, Erkin savdo haqidagi bitimga O'zbekistonni jalb qilish yuzasidan hamfikrlikka doir memorandumga imzo chekkan, deya xabar beradi "RIA Novosti".

Putinning aytishicha, O'zbekiston bilan hamkorlik g'oyat ahamiyatli, ayniqsa, xalqaro qo'shinlar 2014-yilda Afg'onistonni tark etishi kutilayotgan bir paytda. Rossiya xavfsizligi bunga bevosita bog'liq, dedi Putin.

Karimov so'zlariga ko'ra, xorij askarlarini olib chiqishdan oldin Afg'oniston armiyasini mustahkamlash zarur. O'zbekiston rahbari qo'shni bu davlatda ekstremizm, terrorizm ko'lami, qoradori savdosi oshishi, mintaqadagi boshqa mamlakatlarni ham domiga tortishi mumkinligini alohida eslatdi.

Rossiya, dedi u, Markaziy Osiyodagi vaziyatga befarq qarab turmaydigan mamlakat.

Safar arafasida Rossiya jamoatchiligi O’zbekiston bilan aloqalarga, jumladan mehnat muhojirlari muammosiga ahamiyat qaratdi.
Rossiya jamoatchiligi o’zbek mardikorlari xavfidan tashvishga tushgan. Bu davlat telekanallarida navbatma-navbat uzatilgan mehnat muhojirlari haqidagi ko’rsatuvlar shundan darak bermoqda. Bu ko’rsatuvlarda mehnat muhojirlari katta xavf ekani, mamlakatda jinoyatchilik ko’payib borayotgani qayd etiladi.

Vladimir Putin muhojirlar muammosi haqida prezident Islom Karimov bilan gaplashishi ehtimoldan yiroq.

Biroq Kreml buyurtmasi bilan Rossiya televideniyesida namoyish qilingan filmlar ham bejiz emas. Mehnat muhojirlarini vataniga qaytarish qudrati Putin qo’lida ekaniga ishora qilinadi. Ko’rsatuvlar Putinning tashrifi arafasida efirga uzatilgani shundan darak beradi.

Avvalroq esa Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) sammiti doirasida Moskvada bo’lgan Karimov Putinning uchinchi muddatga prezidentlikka qaytishini olqishlar ekan, Putin humkronligiga qarshi noroziliklar ham mavjudligi, bir qadar qattiqroq siyosat tutishi lozimligiga ishora qilib o’tgan edi.

Mulohazalarga ko’ra, Putin prezidentligi rejimlar mustahkamlanishi bilan kuzatilsa-da, umumiy siyosiy aloqalarda aniq o’zgarishlar kutish qiyin.

“Islom Karimov Putinni prezidentlikka qaytishini nihoyatda xursandchilik bilan kutib olganining o’zi ko’p narsalar haqida tasavvur beradi. Putin diktatorlar, rejimlar himoyasi uchun kerak. Lekin Rossiya tashqi siyosati masalasida biror aniqlik yo’q. Agar bu yangi Rossiya bo’ladigan bo’lsa, siyosat qanaqa bo’ladi? Eski Rossiya sifatida qoladigan bo’lsa, biz uning imperialistik siyosatini yaxshi bilamiz. Hozir Putin Rossiya xalqini ham fikrini chalg’itmoqda, ya’ni ichkaridagi siyosiy faolliklarni susaytirmoqchi”, - deydi Moskvadagi faollardan biri Bahrom Hamroyev.

Vladimir Putin yangi prezident sifatida Markaziy Osiyoga birinchi bor safar qilmoqda. Tashrif O’zbekistondan boshlanayotgani ahamiyatga molik. Putinning prezidentlik davri sobiq ittifoq davlatlari bilan aloqani kuchaytirish, aniqrog’i, mintaqada Rossiya ustuvorligini ta’minlanshga qaratilishi ta’kidlanmoqda. Buning mavjud rejimlarni kafolatlash orqali amalga oshishi aytiladi.

“Putin va Islom Karimov ham bir-birlarini yaxshi bilishadi. Rossiya mintaqada o’z ta’sirini saqlab qolishni istar ekan, bu rejimlarni qo’llab-quvvatlashi kerak, bu Moskva manfaatlariga ham mos tushadi. Biroq bu munosabatlar silliq kechadi degani emas. Moskvada MDH hamkorlariga nisbatan ishonch yo’q, buni Gruziya bilan o’tgan urush ham ko’rsatdi. Shunday ekan, munosabatlar ham, ziddiyatlar ham, aloqalar ham avvalgicha qolaveradi”, - deydi rossiyalik jurnalist Vadim Krilov.

Putinning tashrifi doirasida Kreml tashabbuslariga bir qadar ishonchsizroq yondashayotgan rasmiy Toshkent bilan jiddiy muzokaralar kutilayotgani ham ehtimoldan soqit qilinmaydi.

Islom Karimov qudratli davlatlar manfaati va ziddiyatlari oralig’ida mohirlik bilan siyosat yuritishini namoyish qilib kelmoqda. Bu siyosat rasmiy Toshkent manfaatlarini hozirgacha yaxshi himoyalab kelmoqda.

Rossiya prezidenti bilan Toshkentdagi muzokaralardan so’ng, Islom Karimov mintaqadagi yana bir qudratli davlat - Xitoyga tashrif buyuradi. Pekin-Toshkent munosabatlari strategik sheriklik haqidagi bitim bilan mustahkamlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG