Breaking News

Amerikada Ramazon shukuhi


Ramazon oyi Amerikada ham musulmonlar uchun ro’za tutish, ibodat qilish va xayriyalar berish demakdir. Etnik kelib chiqishi turli xil bo’lgan jamoa orasida mana shu e’tiqod – islom kuchli bir ko’prik vazifasini o’taydi.

Ramazon oyi kirib kelishi bilan AQShda ham musulmonlar ro’za tuta boshlaydi. Oqshom masjidlarda jam bo’lib, taroveh namozlarini o’qishadi. Qur’onni xatm qilish va muhtojlarga xayr-ehson qilish bu oyning fazilatli amallaridan.

Abdulla Xo’ja Vashington Islom markazi rahbari.

“Biz odamlar o’zlarini islom o’lkasida, musulmonlar jamoasi orasida yurgandek his qilishlarini ta’minlashga harakat qilamiz. 500 dan ziyod erkak-ayolga, ularning oilalariga iftorlik beramiz. Tarovehga esa bundan ham ko’p odam keladi”,- deydi u.

Bassim Said San Diyegoda imomlik qiladi. Hozir Vashingtonda mehmon bo’lib turibdi.

“Biz har oqshom Qur’on tilovat qilamiz. Muhtojlarga iftorlar beramiz. Bu buyuk oyda insonlarga rahmat bo’lib Qur’on nozil qilingan. Undan unumli foydalanib qolish kerak”,- deydi imom.

Ramazon insonni nafsni tiyishga undab, yor-birodarlarga yordam berishga o’rgatadi.

“Ramazon yilning eng muqaddas oyi. Birodarlarga yaxshilik qilish, ibodatlar va mag’firat oyi”, - deydi amerikaliklardan biri.

Lekin Amerikada Ramazonni nishonlashning qiyin tomonlari ham bor.

“Ko’pincha ishda yoki o’qishda bo’lamiz. Talabalar uchun yanayam qiyin. Chunki atrofingizdagilar Ramazon nima ekanini tushunmaydi”,- deydi bir talaba.

Lekin Bilol Said kabi yosh musulmonlar uchun bular to’siq emas.

“Boshida qiyin bo’ladi. Lekin Qur’onni o’qiganim sari kundan-kun ro’za tutishim osonlashadi”,- deydi u.

Imom Xo’ja fikricha, AQSh prezidentining musulmonlarni Ramazon bilan tabriklashi xalqqa bu oy mohiyatini tushunishga yordam beradi.

“Bu buyuk davlatning prezidenti ham musulmonlar ro’za tutayotganini eslatib o’tdi va bu bilan musulmonlar Amerikaning ajralmas qismi ekanini ko’rsatdi”,- deydi u.

Imomning aytishicha, Ramazon oyida o’tkaziladigan dinlararo muloqot -iftorlar o’zga din vakillariga islom haqida ma’lumot berish uchun qulay imkoniyatdir. Amerika musulmonlarining etnik jihatdan rang-barangligi bu o’lkada Ramazonga o’zgacha shukuh beradi.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG