Breaking News

London Olimpiya parki yonida iftor dasturxoni yozildi


London ko'chalarida
London ko'chalarida
Londonning sharqiy qismida joylashgan Olimpiya parki yonida Buyuk Britaniyaning eng katta fuqarolik jamiyati iftorlik kechasi uyushtirdi. Tinchlik ramzi sifatida tanilgan Olimpiadani nishonlab turli din vakillari musulmonlarning iftor dasturxoni atrofida yig’ildi.

Iftorlik qirollikning “Buyuk Britaniya fuqarolari” deya nomlanuvchi eng katta fuqarolik jamiyati tomonidan tashkil etildi.




Jamiyat London Olimpiadasini o’tkazishda tashkiliy qo’mitaga yordam berib kelayotgan tashkilotlardan. Olimpiya obyektlari qurilishida ishlaganlar uchun eng kam ish haqini oshirish, Olimpiya jamg’armasidan maktab, shifoxona va yangi turar-joylarni qurish uchun mablag’ olishda uning hissasi katta.

Jamiyat tashkil etgan iftorlikda Sharqiy London masjidi jamoasi hamda turli din va millat vakillari ishtirok etdi.

Tashkilot rahbari Nil Jeymsonning aytishicha, shahar taraqqiyotini ta’minlayotgan loyihalarda Sharqiy London masjidi jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.

“Masjid shahardagi eng yirik fuqarolik jamiyati. U yerda 10 ming odam ibodat qiladi. Bugun biz, musulmonlar va boshqa din vakillari, ular bilan birga iftorlikda og’iz ochamiz. Chunki bu dunyoni tinchroq qilishga, Olimpiya o’yinlarining osoyishta o’tishiga hissa qo’shadi”, deydi u.

Masjid yetakchisi Muhammad Boriyning aytishicha, musobaqalar shaharga nafaqat iqtisodiy foyda keltiradi, balki uning tinchlik ramzi ekani Ramazon oyida alohida ahamiyat kasb etadi.

Misrdan shtangachi Nahla Ramazon Muhammad, London, 5-avgust, 2012 (Suratni kattalashtirish mumkin)
Misrdan shtangachi Nahla Ramazon Muhammad, London, 5-avgust, 2012 (Suratni kattalashtirish mumkin)
“Sportchilar yuqori natijani ko’zlaydi. Demak, sog’lom raqobat bor. Bunda bir uyg’unlik mavjud. Siyosat aralashmagan. Shuning uchun Olimpiada London va butun Britaniya ahli uchun ajoyib voqea bo’lyapti”, deydi masjid rahbari.

Kun botishi bilan musulmonlar og’iz ochishga shoshiladi. So’ng jamoa jam bo’lib shom namozini o’qiydi.

Londonlik chim ustida xokkey o’yinchisi Daren Chizman jarohati bois musobaqalarda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo’ldi. Ammo u Olimpiadaning shahar hayotiga ijobiy ta’sir ko’rsatayotganidan mamnun ekanini aytadi.

“Bu yerda bo’layotgan har bir voqea mening shaxsiy hayotimga bevosita ta’sir qiladi. Sportchi sifatida aytishim mumkinki, musobaqa jamiyatimiz xotirasida ijobiy iz qoldiradi”, deydi sportchi.

Chizmanning aytishicha, Olimpiada sabab shaharning turli din va millat vakillari bir joyga jam bo’lib, musobaqalardan umumiy ezgulik yo’lida foydalanishga harakat qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG