Obama musulmon olamini Ramazon bilan tabrikladi

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama dunyo musulmonlarini muborak Ramazon oyi bilan qutlayapti. "Oilam nomidan jahonning bir yarim millard musulmon aholisini muborakbod etaman", - deyiladi uning murojaatida.

Bu – erkinlik, qadriyatlar, hamjihatlikni yodga olish uchun ham muhim bir palla, deydi u. Ayniqsa, Yaqin Sharq va Afrika shimolida qator xalqlar uzviy huquqlari uchun kurashayotgan, millionlab insonlar Ramazonni muhojirotda qarshi olayotgani bir paytda. Ularga tinchlik, oilalarida sokinlik, karaka tilab qolamiz, deydi Oq uy rahbari.

Qo’shma Shtatlarda ro’za bugun, seshanba boshlandi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Suriya hukumati va isyonchilarni Ramazon oyida urushni to’xtatishga da’vat etdi. Xalq uchun shunday tuhfa qiling, jangni bas qiling, deydi xalqaro tashkilot rahbari. Tobora qo’rqinchli tus olib borayotgan fuqarolar urushini yakunlash, tinchlikka erishish sari muhim qadam bo’ladi bu, deydi Pan Gi Mun.

Ikki yildan oshiq davom etayotgan ixtilof 100 mingdan ko’p fuqaroni hayotdan olib ketdi. 6 million odam uy-joyini tashlab, sarson yurishga yoki qo’shni mamlakatlarda jon saqlashga majbur.

Pan Gi Mun xalqaro hamjamiyatni Suriya xalqini qo’llab-quvvatlashga chaqirayapti.

Bu orada, Suriya BMT vakillarini mamlakatga taklif qilib, kimyoviy qurol qo’llanayotgani haqidagi da’volarni muhokama qilmoqchi. Ammo bu yurtning BMTdagi elchisi Bashar Ja’fariy so’zlariga ko’ra, gap faqat isyonchilar qo’llagan ommaviy qirg’in quroli ustida ketadi. Xalqaro ekspertlar esa keng ko’lamli tergov o’tkazish imkonini so’rab keladi.

Shuningdek, kecha armiya Himsni qattiq bombardimon qilishda davom etgan. Hukumat shu tariqa isyonchilar uchun muhim manzilni ikkiga bo’lib, poytaxtga yetaklovchi yo’lni tozalamoqchi. Himsdagi janglar 10 kundan beri tinmaydi. Matbuot hududga yo’latilmayotgani bois talofatlar haqida aniq biror narsa deyish qiyin.

Hims poytaxt Damashq va sohilbo’yidagi harbiy bazalarni ulovchi manzil sanaladi. Armiyaning bildirishicha, shaharning Xaldiya tumani ularning nazoratiga o’tgan.

Suriya muxolifati rahbari, yaqinda saylangan Ahmad Jarba so’zlariga ko’ra, Saudiya Arabistonidan tez orada yangi qurollar partiyasi yetib kelishi kerak. Qirollik bilan rishtalari mustahkam Jarbaning aytishicha, oppozitsiya uchun harbiy qudratini oshirish nihoyatda muhim. Muxolifat kelasi oy Jenevada rejalangan tinchlik anjumaniga borish-bormasligi noaniq qolmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG