O'zbekistonda Sharof Rashidov nomi abadiylashtirilmoqda


Sharof Rashidov haykali, Toshkent, O'zbekiston

Sharof Rashidov haykali, Toshkent, O'zbekiston

O`zbekistonga sal kam chorak asr rahbarlik qilgan Sharof Rashidov sovet davrida ishlagan va xotirasi mustaqil O`zbekiston tarixida abadiylashtirilgan ilk davlat arbobiga aylanishi mumkin. Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Sovet O`zbekistonini uzoq yillar boshqargan rahbar Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish tashabbusi bilan chiqdi. Jizzax tumanini Sharof Rashidov nomi bilan atashni taklif etgan Mirziyoyev uni sobiq tuzum qatag`oniga uchragan davlat arbobi sifatida taqdim etdi. O`zbek jamoatchiligi vakillari yangi hokimiyatning sobiq tuzum davridagi arboblarga nisbatan munosabati o`zgarayotganini munozarali deb baholamoqda.

Jamoatchilikda munozara qo`zg`agan navbatdagi tashabbus Mirziyoyevning Jizzax viloyatida saylovchilar bilan o`tkazgan uchrashuvi paytida gapirildi.

“O`zbekistonni murakkab davrda boshqargan, yurtimiz sha`niga ham, o`z nomiga ham gard yuqtirmasdan o`tgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidov O`zbekistonga sal kam chorak asr yetakchilik qildilar. Albatta, Sharof Rashidov o`z davrining farzandi edi, mavjud tuzumga sadoqat bilan xizmat qildi. Ammo shunday odam dunyodan o`tganida o`zi umr bo`yicha sodiq xizmat qilgan tuzum unga xiyonat qildi. Uning qabrini ko`chirdilar, oila a`zolarini, qarindoshlarini tazyiq etdilar, nomini yomonotliqqa chiqardilar. Dunyoda shunday ham adolatsizlik bo`ladimi, tirik paytida ko`klarga ko`tarib, o`lgandan keyin yer bilan yakson etsa, bu o`zi qanday davlat, qanday jamiyat bo`ldi degan savol, albatta, bizni qiynashi kerak”, - dedi Mirziyoyev.

Mamlakat mustaqil bo`lmas ekan, boshqalar uning nafaqat dehqoni, shoiri, davlat arbobini ham xo`rlashi mumkinligini ta`kidlagan Mirziyoyev keyingi yil Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini keng nishonlash, Jizzax tumaniga uning nomini berish va yodgorlik majmuasini barpo etishni taklif qildi.

Muvaqqat prezidentning olqishlar bilan kutib olingan bu tashabbusi amalga oshishidan shubhalanmasa ham bo`ladi. Sovet O`zbekistonini 20 yildan oshiq boshqargan Sharof Rashidov nomi o`zbek jamoatchiligining aksariyat qismida iliq xotira qoldirgan, uning o`limi bilan bog`liq vaziyat esa hamon mavhum, turli taxminlardan xoli emas.

Bu tashabbusni jamoatchilikning ayrim vakillari olqishlamoqda, taqiqlar olib tashlanayotgani quvvatlanmoqda. Boshqa qarashlarga ko`ra, Rashidov davridan O`zbekistonga Orol fojiasi, paxta yakkahokimligi meros qolganini unutmaslik kerak.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov nazarida o`zbek xalqi hayotida muhim iz qoldirgan Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish Mirziyoyevning yaqin o`tmishni qayta ko`rib chiqishga qaratilgan siyosatidagi dastlabki qadamlardir.

“Qisman bu Mirziyoyevning ham jizzaxlik ekani bilan bog`liqdir. Bu uning Karimov tutgan pozitsiyaga qo`shilmay kelganini ham ko`rsatadi. Boshqa tomondan Mirziyoyev o`tmishdagi shaxslarni reabilitatsiya qilish o`zining nufuziga xizmat qilishini yaxshi biladi. O`zbekiston tarixi shaxslar, voqealar, markazlar bilan boyligi jihatidan Markaziy Osiyoda ajralib turadi. Lekin Karimov bu merosni inkor etishga jur`at topgan edi. Mirziyoyev shu tarixni qaytadan ko`rib chiqmoqchi. Shu bilan bir qatorda Karimov xotirasini abadiylashtirish uchun ham madaniy bir zamin hozirlamoqchi. Qolaversa, Karimov davrida nomi matbuotda qayd qilinishi taqiqlangan shaxslar haddan ortiq ko`payib ketgan edi. Rashdov haqida esa o`zbek jamoatchiligida biror salbiy qarashlar mavjud emas”, - deydi Rabbimov.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan huquq himoyachisi Abdujalil Boymatovning aytishicha, hozir kommunistik tuzumga xizmat qilgan arboblar xotirasini abadiylashtirish vaqti emas, shuningdek, Rashidov davridan O`zbekistonga Orol fojiasi, paxta yakkahokimligi meros qolganini unutmaslik kerak.

“Orol dengizi Sharof Rashidov davrida qurishni boshladi, Karimov davriga kelib esa 90 foizga qisqarib bo`ldi. Ikkinchidan, Rashidov davrida paxta yakkahokimligi, qo`shib yozishlar avj oldi. U davrda ehtimol poraxo`rlik nisbatan kamroq bo`lgandir, lekin yo`q emas edi. Men aytmoqchimanki, biz kommunistik davrdagi rahbarlar faoliyatiga tanqidiy qarashimiz kerak, chunki o`sha davrdan meros qolgan majburiy mehnat haliyam davom etayapti. Mirziyoyevning o`zi ham hokimligi paytida odamlarni urib, so`kib ishlatgan, bularga ko`z yumish mumkin emas. Shuning uchun ham Rashidov xotirasini abadiylashtirish jamoatchilikda ochiq muhokama qilinishi kerak. Hozir Mirziyoyev Rashidov faoliyatiga faqat bir tomonlama yondashayapti. Bu esa olqishlanayapti, men bunga qarshiman. Biz sovet tuzumidan xalos bo`lishimiz kerak”, - deydi Boymatov.

Sharof Rashidov O`zbekistonni 1959-1983-yillarda Kompartiyaning birinchi kotibi sifatida boshqargan. Rashidov 1983-yilda yurak xurujidan vafot etgani rasman qayd qilinadi, ammo uning o`limi yuzasidan boshqa farazlar ham mavjud. Ulardan biriga ko'ra, zaharlab o'ldirilgan.

Sharof Rashidov sobiq ittifoq oldidagi xizmatlari uchun ko`plab unvonlar bilan taqdirlangan. Shu bilan bir qatorda Rashidov O`zbekiston uchun ulkan xizmatlar qilgan davlat arbobi sifatida ham eslanadi.

“Sharof Rashidov sovetlar davrida an`anaviy o`zbek tili, madaniyati, adabiyotini, milliylikni saqlab qolish uchun kurashgan davlat arbobi sifatida tarixda qolgan. Sovet Ittifoqiga a`zo davlatlarda o`sha paytdagi vaziyatga qaraydigan bo`lsak, ichki imkoniyatdan foydalanib bunday siyosatni yuritish juda murakkab edi. Rashidov faoliyatida buni oson kuzatish mumkin”, - deydi Rabbimov.

Huquq himoyachisi Abdujalil Boymatov fikricha, Sharof Rashdovni ulug`lash, uning xotirasini abadiylashtirish timsolida kommunistik tuzumdagi barcha salbiy meroslarni ijobiylashtirish mumkin, lekin mavjud hukumatning o`zi hali bu meroslardan to`liq qutilganicha yo`q.

“Afsuski, o`zbek xalqi so`nggi 70 yil davomida ham, keyinchalik mustaqillik davrida ham faqat propaganda yordamida, dunyodan haqiqiy axborotdan uzilgan holda yashab kelmoqda. Sharof Rashidov davri, uning faoliyati yuzasidan ham shunday deyish mumkin. Hozir xalq Sharof Rashidov faoliyatiga xolis baho bera olmaydi. Hozir Rashidov xotirasini abadiylashtirishdan ko`ra muhimroq bo`lgan muammolar yetarli. Sobiq tuzum qoldiqlaridan butunlay xalos bo`lish yo`llarini ko`rish kerak”, - deydi Abdujalil Boymatov.

Muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirishni taklif etar ekan, uni sobiq sovet tuzumining sodiq xizmatchisi, ammo tuzum tomonidan xiyonatga uchragan, o`zbek xalqining fidoyi rahbarlaridan biri sifatida taqdim etdi.

Sharof Rashidov xotirasini ulug`lash yangi hokimiyatning sobiq tuzumga nisbatan munosabati o`zgayotganidan darak, deyishga hali erta.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG