Robiya Qodir: Xitoy Yorkentdagi qo'zg'olon haqida haqiqatni aytsin


Uyg'urlar lideri Robiya Qodir yordamchisi Umar Qanot bilan Vashingtondagi matbuot markazida, 27-avgust, 2014

Uyg'urlar lideri Robiya Qodir yordamchisi Umar Qanot bilan Vashingtondagi matbuot markazida, 27-avgust, 2014

Xitoy davlat matbuotining yoritishicha, 28-iyuldan beri Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatining Yorkent tumani va uning atrofi bag’oyat notinch, chunki mahalliy aholi hukumatga qarshi bosh ko’targan. 100 ga yaqin odam o’lgan, 200 dan ziyod fuqaro hibsga olingan. Halok bo’lganlar asosan uyg’urlar. Xitoylar ham o'lgan. Jahon uyg’urlari yetakchisi, AQShdan turib demokratik harakatni boshqaruvchi Robiya Qodir deydiki, Pekin har doimgidek yolg’on ma’lumot tarqatmoqda va dunyoni laqillatishga urinmoqda. 27-avgust kuni Robiya Qodir Vashingtonda matbuot anjumani berdi.

67 yoshli xonim,11 farzandning onasi, deyarli 10 yildan beri AQShda yashaydi. Xitoy hukumatining uyg’urlarga nisbatan siyosatini qoralagani uchun qamoqda o’tirib chiqqan. Xalqaro bosim ostida ozod etilgach, vatanni tark etib, G’arbdan boshpana olgan. Ayrim farzandlari Xitoyda qolgan. Robiya Qodir, Xitoy nazarida, bu xalq dushmani. Shimoliy Amerika, Yevropa, Avstraliya va Yaponiya nigohida esa o’z elati manfaatlari uchun kurashayotgan qahramon ayol. Bu inson og’zini ochganida hamma uni jiddiy e’tibor bilan tinglaydi, so’zlarining mag’zini chaqadi.

“Xitoy hukumati 65 yildirki uyg’ur xalqini ezib kelmoqda. 2009-yildan beri bizga qarshi harakat ayniqsa kuchaydi. Bu vaqt mobaynida bizga qarshi vahshiy ishlar qilindi. O’tgan ikki yil bag’oyat og’ir davr bo’ldi”,- deydi Robiya Qodir.

Pekin qo’zg’olon sifatida izohlayotgan voqealar, Robiya Qodirning hikoya qilishicha, 28-iyulda hayit tadbiri bilan boshlangan voqealardir. 45 ga yaqin xotin-qiz bayram munosabati bilan ikki joyga to’plangan. Bu haqda xabar topgan xavfsizlik xizmati ular o’tirgan uylarga bostirib kirgan, odamlarni nishonga olgan va katta qismini olib ketgan. Boshqa bir joyda esa politsiya bir oilani diniy kiyimlari uchun so’roq qilgan. Nizo chiqqan va besh kishi halok bo’lgan. Hayit oldidan shu va shunga o’xshash tazyiqlar ommani g’azabga keltirgan va to’polonlarga turtki bergan. Qishloqma-qishloq g’alayon boshlangan. Xavfsizlik kuchlari odamlarga qarshi yoppasiga qurol ishlatgan va o’lganlar soni ikki ming atrofida deya taxmin qiladi Jahon uyg’urlari kengashi. O’tgan bir yil ichida o’nlab uyg’urlar davlatga qarsi jinoyatlarda aybdor deb topilib, qatl etilgan.

“Amerika Ovozi” hisobicha, may oyidan beri Yorkent tumanida bir mingga yaqin uyg’ur hibsga olingan. O’lganlar soni qancha ekanini tasdiqlash juda qiyin, chunki Xitoy hududga chet ellik jurnalistlarni kiritmaydi. Pekin berayotgan ma’lumotlarga esa ishonch yo’q. Tashqaridagi uyg’urlar o’z manbalariga asoslanib, raqamlar rasmiy hisobdan 2-3 karra ko’pligini da’vo qiladi.

Robiya Qodir xalqaro hamjamiyat va axborot vositalarini haqiqatni aniqlashga, Xitoyga ishonmaslikka undamoqda. Amerika va G’arbdagi boshqa hukumatlar “biz tomonda”, deydi u.

"Bilamizki, AQSh rahbariyati Xitoy bilan kechgan har bir muzokarada uyg’urlar masalasini ko’taradi, inson huquqlari toptalayotganini tanqid qiladi. Nafaqat Oq uy va Davlat departamenti, balki Kongressda ham uyg’urlar taqdiriga e’tibor katta. Yevropa Ittifoqida ham shunday. Biz albatta minnatdormiz va uyg’urlar boshdan kechirayotgan qiyinchiliklarga ko’z yummang, deb kelamiz”.

Xitoy uyg’ur milliy harakatini davlat yuzlashayotgan eng katta tahdidlardan biri deb ta’riflaydi. Shinjonda hayot farovonlashib bormoqda, biror elat ezilmayapti, xitoylar va uyg’urlar totuv kun kechirmoqda, deydi rasmiylar.

Ularning izohicha, diniy jihatdan radiklallashgan odamlar, ekstremistik qarashdagi fuqarolar tinchlikka raxna solmoqda.

Robiya Qodir uyg’urlar orasida mutaassiblikka berilganlar borligini tan oladi, ammo musulmonligi uchun ham tazyiqqa olayotganlar ko’p ekaniga diqqat qaratadi.

Erkin e’tiqod uzviy huquq emasmi, deydi u. Uyg’urlarni eksremist ishlarga undayotgan Xitoyning o’zi, uning repressiv siyosati, deydi Robiya Qodir.

”Aslida bu faqat diniy masala emas. Avvalo millat va fuqaro sifatida haq-huquqimiz borligini aytamiz. Xitoy hukumati terrorist uyg’urlarni tutish uchun 30 ming xizmatchi safarbar etildi deya ma’lumot bermoqda. Nahotki? Oddiy odamlarni tutishayapti-ku”

Xitoy maxsus kuchlari

Xitoy maxsus kuchlari

Qashqar ko'chalarida

Qashqar ko'chalarida

Qashqar va Xo’tan kabi shaharlarda deyarli har kuni uyg’urlar nimadadir ayblanib, qamoqqa tashlanadi. Birortasiga advokat berishmaydi, hatto ularning taqdiri haqida ma’lumot olish mumkin emas, deya bildiradi uyg’ur faollar. Xavfsizlik organlari hisobot berishni lozim topmaydi. Tag’inam jurnalistlar va huquq tashkilotlari bor, deydi Robiya Qodir, ular iloji boricha axborot yig’ishga urinadi.

”Xitoy hukumati uyg’urlar nima qilmasin terrorizmga berilayapti deb ularni ezishda davom etayapti. Mana hozir ularni qo’zg’olonda ayblashmoqda. Aslida odamlarning g’azabini keltirgan hukumatning o’zi. Agar uyg’urlar pisib, ovozini chiqarmay o’tirsa ham ularni baribir ayblashadi. Uyma-uy tutib, qamaydi”.

Vashingtonda muxbirlar oldida, 27-avgust, 2014

Vashingtonda muxbirlar oldida, 27-avgust, 2014

Uyg'urlarni xitoylashtirish jarayoni davom etar ekan, bu elat vakillari gapirsa ham, gapirmasa ham tazyiqqa olinadi.

Robiya Qodir va u boshliq uyg’ur harakatining talabi shuki, Xitoy bu elatning uzviy huquqlarini hurmat qilishi kerak. Shinjonni uyg’urlar Sharqiy Turkiston deb ataydi.

“Tarixdan g’arbiy va sharqiy Turkiston bo’lgan. Hozirgi O’zbekiston, Qirg’iziston va Qozog’iston hududlari G’arbiy Turkiston, uyg’urlar o’lkasi esa Sharqiy Turkiston bo’lgan. Manchu tuzumi bizni bosib olgach, Shinjon, ya’ni “yangi yer” deb nom bergan. Lekin asl nomimiz Sharqiy Turkiston. Tibetni ham xitoylar Shizan deydi, lekin Tibet bu Tibet”,- deydi uy'gurlar lideri.

Aytish lozim, Robiya Qodir Xitoy milliy kongressining a’zosi bo’lgan. Katta mol-mulk orttirgan, nufuzli tadbirkor bo’lgan. “1997-yildagi qatliomdan keyin jim o’tira olmadim, elatim uchun kurashmasam vijdoni chidamas edi”,- deydi u, biz bilan suhbatda.

“O’sha damgacha orttirgan nufuzimni uyg’ur xalqi manfaatlari uchun qo’llashga bel bog’ladim va o’lgunimcha kurashaman”,- deydi Robiya Qodir.

Robiya Qodir Xitoyni uyg'ur xalqiga nisbatan qabih jinoyatlarda ayblasa, Xitoy bu ayolni davlat dushmani deb biladi

Robiya Qodir Xitoyni uyg'ur xalqiga nisbatan qabih jinoyatlarda ayblasa, Xitoy bu ayolni davlat dushmani deb biladi

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG