Robiya Qodir inson huquqlari bo'yicha xalqaro mukofot bilan taqdirlandi


Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodir

Jahon uyg’urlari kongressi rahbari Robiya Qodir

Kecha Jahon inson huquqlari kunida AQSh Kongressida inson huquqlari himoyasi yo’lida fidoiylik qilgan uch musulmon faol Lantos jamg’armasining yillik mukofoti bilan taqdirlandi. Sovrindorlar orasida Jahon uyg’urlar kengashi prezidenti Robiya Qodir ham bor.

Ikkinchi jahon urushi paytida yahudiy va boshqa elatlarni qirishga qaratilgan Xolokost qatliomida omon qolgan vengriyalik yahudiylar Tamash Lantos va uning bo’lajak rafiqasi Annett 1947-yilda AQShga muhojir bo’lib ko’chadi.

Amerikada ismini Tomga o’zgartirgan Tamash obro’li universitetlarda tahsil oladi, doktorlik ilmiy darajasini yoqlaydi va 1980-yilda katta siyosatga qadam qo’yadi. Kongressning Vakillar palatasiga saylangan arbob umrining oxirigacha deputatlikni qo’ldan boy bermaydi, 13 marta qayta saylanadi. 2007-yilda palataning Xalqaro aloqalar qo’mitasiga rais etib tayinlangan Tom Lantos bir yildan so’ng 80 yoshda rakdan vafot etadi.

Marhum qonunchining Kongressda inson huquqlariga doir ko’plab qonun loyihalariga qo’li tekkan. Tibet, Darfur, Livan va dunyoning boshqa chekkalarida nohaq ayblanganlar, ozchilikdagi guruhlar himoyasiga turdi.

1983-yilda qonunchi asos solgan Kongressning Inson huquqlari bo’yicha kengashi uning o’limidan so’ng Tom Lantos nomidagi Inson huquqlari komissiyasiga o’zgartirildi.

Jamg’arma sovrini yettinchi bor topshirilmoqda. Bungacha sobiq Davlat kotibi Xillari Klinton, Tibet diniy yetakchisi Dalay Lama, Isroil Prezidenti Shimon Peres kabi arboblar unga sazovor bo’lgan. Bu yili mukofot birvarakayiga uch kishiga berildi.

Barchasi musulmon ayollar: Jahon uyg’urlar kengashi prezidenti Robiya Qodir, Ugandada tug’ilgan, hozir esa Kanadada yashayotgan huquq faoli, muallima va ijodkor Irshad Manji hamda ayollar huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullanuvchi Nyu-Yorkdagi jamg’arma asoschisi, asli somalilik adiba, faol va siyosiy arbob Ayaan Hirsi Ali.

Sovrinni marhum kongressmen Tom Lantosning qizi, hozirda Diniy erkinlikar bo’yicha xalqaro komissiya raisasi Katrina Svett topshirdi.

Robiya Qodir va Katrina Lantos-Svett

Robiya Qodir va Katrina Lantos-Svett

“Sovrindorlarimiz kundalik hayotida shug’ullanadigan muammolar va adolatsizliklar Amerikada tug’ilgan ko’pchilik odamlarga yot holatdir. Erkinlikni targ’ib qilayotgan bu uch ayol bizni ham o’z ozodligimiz uchun kurashishga, jamiyatimizdagi in’omlarni qadrlashga ruhlantiradi degan umiddaman”, - dedi u.

Mukofotni qabul qilar ekan, Robiya Qodir Tom Lantosni xotirladi.

“Tom Lantos mening haqiqiy do’stim edi. Uning vafoti inson huquqlari faollari uchun musibat bo’libgina qolmay, men uchun ham kata yo’qotish bo’ldi. Tom Lantos butun umrini inson huquqlariga, tenglikka, erkinlik uchun kurashgan, erkinlikka muhtoj xalqqa adolat ulashgan zot edi”.

Robiya Qodir uyg’urlarning Xitoydagi huquqlari uchun kurashib keladi, Shinjonda kommunistik hukumatning ularga nisbatan zug’umi haqida ochiq gapiradi, AQSh siyosatchilari va qonunchilarini uyg’urlar himoyasi uchun chora ko’rishga undab keladi.

Vashingtonda o'tgan taqdimot marosimida

Vashingtonda o'tgan taqdimot marosimida

“Uchchalamizning bu mukofotga erishganimiz musulmon ayollarning o’z jamiyatlarida rahbarlik va yetakchi ro’l o’ynay olishining bir isbotidir. Shuningdek, e‘tiqodimiz bo’lgan islom dinining bugungi kunda dunyoga tinchlik olib kelishda va uning taraqqiyotida rol o’ynay oladigan din ekanini ko’rsatadi.

Robiya Qodir fursatdan foydalanib, Xitoy hukumati siyosatini yana bir bor tanqid qildi.

“Xitoy hukumati 2001-yilda Amerikada yuz bergan terror xurujlaridan beri Sharqiy Turkistonda uyg’ur xalqini bostirish siyosatini oqlash uchun uyg’urlarni dunyoda radikal dindorlar deb ko’rsatishga harakat qilyapti. Uyg’urlarning terrorizmga hech qanday aloqasi yo’q. Uyg’urlar tinchlikparvar, taraqqiyparvar xalq. Uyg’urlar insoniyatning tinchligiga tahdid bo’ladigan radikal g’oyalarni inkor etadi”.

Robiya Qodir AQSh hukumatidan Xitoydagi siyosiy mahbuslarni ozod etishda Pekinga bosim qo’yishga chaqirdi.

XS
SM
MD
LG