Xalqaro Qizil Xoch O’zbekiston turmalaridan qadamini uzdi

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi O’zbekistonda mahbuslar bilan uchrashuvlarni butunlay to’xtatdi, chunki idora mamlakatda bu borada to’laqonli faoliyat yurita olmayapti.

"O’zbekistonda mahbuslar bilan ko’rishib, ularning ahvolini puxta tekshirish va xolis baholash imkoniga ega emasmiz", - deydi qo’mita rahbari Iv Dakkord.

Uning aytishicha, turma va hibsxonalardagi asl vaziyatni aniqlash uchun sharoit mavjud emas va qo’mita vakillarining quruq borib-kelishidan naf yo’q.

Xalqaro Qizil Xoch dunyoning turli davlatlarida qamoqxonalarga borib, mahbuslar holidan xabar oladi va ular yuzlashayotgan qiyinchiliklar haqida jamoatchilikni ogoh qilib keladi.

Mahbuslar bilan yuzma-yuz, guvohlarsiz gaplasha olish - jarayonning eng muhim shartlaridan biri, deydi Dakkord.

Turma rasmiylari qo’mitaning tavsiyalarini inobatga olishi va dialog uchun ochiq bo’lishi kerak.

"Lekin O’zbekistonda bunaqa emas", - deydi Dakkord.

Xalqaro Qizil Xochga ko’ra, uning ekspertlari 2001 va 2004-yillar orasida, 2008-yilda, 2009 va 2012-yilning oktabri oralig’ida O’zbekiston qamoqlarida odamlar bilan ko’rishgan. Shundan beri bu muhim jarayon to'xtab qolgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG