Qirg'izistonda yangi konstitutsiya ma'qullangan

  • Amerika Ovozi

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, referendumda 2,7 million saylovchidan 70 foizi ishtirok etgan. Undan 90 foizi yangi qomusga ovoz bergan.

Qirg'iziston saylov komissiyasining ma'lum qilishicha, kecha mamlakatda o'tkazilgan referendum natijalariga ko'ra, xalq ko'pchilik ovoz bilan yangi konstitutsiyani ma'qullagan. Jarayonda 2,7 million saylovchidan 70 foizi ishtirok etgani aytilmoqda. Yangi qomusda prezident vakolatlari parlament foydasiga qisqartirilgan.

Markaziy saylov komissiyasining aytishicha, referendumda ishtirok etganlarning 90 foizi "Qirg'iziston parlament respublikasiga aylansin" deb javob bergan. Oktyabr oyida parlament saylovlari o'tmaguncha Roza Otunbayeva mamlakatni boshqarib turadi.

"Ba'zi guruhlar qarshiligiga qaramay referendum tan olindi va o'z maqsadiga erishdi", - deydi Otunbayeva.

Qirg'iziston hukumatiga janubdagi xunrezliklar sabab referendumni qoldirish taklif etilgan edi, biroq Otunbayeva buni rad etgan. Muxolifatning ba'zi vakillari ovozlar va referendumda ishtirok etganlar soni qo'shib yozilgan, deydi. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti jarayon adolatli o'tgan, deydi.

Tashkilot vakili Yens Eskenbekerning aytishicha, hukumat referendumni vaziyat murakkabligiga qaramay uddalagan.

"Yo'l qo'yilgan xatolarni esa parlament saylovlari oldidan bartaraf etish lozim", - deydi u.

Yevropa tashkiloti nazarida xatolar asosan saylovchilarni ro'yxatga olishda ko'zga tashlangan. Bundan tashqari bir kishining takror ovoz bermasligini ta'minlash ham tavsiya etiladi.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Qirg'izistonda yangi hukumat samarali bo'lishiga shubha bildirdi.

"Parlament tizimi Qirg'izistonga to'g'ri kelmaydi, zaif hukumat esa ekstremist kuchlarning hokimiyatga kelishini bartaraf eta olmaydi", - deydi Medvedev.

Mustaqil jurnalist Nodir Ismoilovning aytishicha, etnik ziddiyatlarga qaramay qirg'izlar va o'zbeklar referendumda ishtirok etish uchun yonma-yon navbatda turdi.

"Har ikki millat vakillari bilan gaplashganimda ular "tinchlikni xohlaymiz" deb aytishdi. Yangi konstitutsiya bunda yordam berishiga ishonishadi", - deydi jurnalist.

Qo'shma Shtatlar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham referendumni qo'llab-quvvatlab, mamlakatni barqarorlashtirishda muhim qadam deb aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG