Referendumda qatnashgan fuqarolar istagimiz faqat tinchlik deydi


Qirg’izistonda yangi konstitutsiya loyihasi ma'qullandi. Referendum natijasi shuki, endi prezident vakolatlari kamayib, mamlakat yil oxirida parlament boshqaruv tizimiga o’tadi.

Rasmiylarning aytishicha, saylovchilarning 70 foizga yaqin qatnashgan, asosan shimoliy viloyatlarda.

Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva 27 iyun kuni erta tongda O’sh Davlat Universitetiga kelib, ovoz bergan.

“Butun dunyo Qirg’izistondagi jarayonlarni yaqindan kuzatib turibdi va aksar davlatlar muvaqqat hukumatning janubiy viloyatlarda barqarorlikni ta’minlash sa’y-harakatlarini qo’llab-quvvatlaydi. Xalq tinchlik va barqarorlik, qonuniy-legitim hukumat uchun ovoz bermoqda”, - deydi Otunbayeva.

“Referendum dunyoga mamlakat birdamligini namoyish etishi kerak”.

Bir necha kun oldin qirg'in dahshatini boshdan kechirgan, yaqinlaridan ayrilgan, cheksiz talofat bilan yuzlashgan o'zbek aholi referendumga deyarli chiqmagan. Ovoz berganlar kelajakka umidi so'nmaganini aytmoqda.

Referendumni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillari kuzatgan. Tashkilotning Inson Huquqlari va Demokratik institutlar byurosi direktori Yanesh Lenarchich fikricha, “referendumni o’tkazish uchun normativ-huquqiy baza mukammal emas, biroq shoshilinch tarzda o’tkazilayotgani hisobga olinganda bu tabiiy”.

Ovoz berish jarayoni tinch sharoitda o’tgan bo’lsada, etnik to’qnashuvlar yana alanga olishi mumkin degan tahlika mavjud. Referendum oldidan xalqaro tashkilotlar, jumladan inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti zo’ravonliklar qayta boshlanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan saylovchilar "istagimiz faqat tinchlik", deydi.

O’sh va Jalobobod viloyatlari hamda Bishkekda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

XS
SM
MD
LG