Chikagoda qochoqlarga ish berayotgan qandolatchi

  • Amerika Ovozi

“Ilayning pishloqli tortlari” (Eli’s Cheesecake) firmasi butun mamlakatga dong taratdi.

“Ilayning pishloqli tortlari” (Eli’s Cheesecake) firmasi butun mamlakatga dong taratdi.

1975-yildan beri Qo’shma Shtatlar uch milliondan ziyod qochqinni bag’riga olgan. Yaqin Sharqdagi g’alayon, urushlardan odamlar qochishda davom etar ekan, qochqinlarni qabul qilish dasturi kengayib borayapti.

Chikagoda shirinliklar tayyorlaydigan, qandolatchilik kompaniyasi bu insonlarni ish bilan ta’minlaydi.

Rahmatli Ilay Shulman bir gapni takrorlashdan charchamas edi.

“Xayriya qilsang, kam bo’lmaysan, der edi”, - deya eslaydi Mark Shulman.

Shulman restorani va biznesini ana shu qoida asosida yuritdi. “Ilayning pishloqli tortlari” (Eli’s Cheesecake) firmasi butun mamlakatga dong taratdi. Yulduzlarni oshiq qildi.

“Xonanda Frenk Sinatra otamga 1987-yilda mana bu soatni sovg’a qilgan. Xillari Klinton 50 yoshini nishonlaganida ham ajoyib tort qilib berganmiz”, - deya eslaydi Shulman.

Shulmanning shirinliklarini butun yurt bo’ylab restoran, do’konlarda uchratish mumkin. Lekin bu taomlarni totib maza qilayotgan odamlar firma muavaffaqiyati kaliti nafaqat pishiriqlar qanday tayyorlanishi, balki kim tomonidan tayyorlanishida ekanini doim ham bilmaydi.

“Qandoq yaxshi kompaniya ekan, qochqinlarni ishga yollar ekan, deb bizni maqtashadi. Aslida bu aqlli, samarali qaror”, - deydi Shulman.

Shulmanning qo’lida 220 kishi ishlasa, shulardan 15 foizi qochoqlardan iborat. Elias Kasonga 1990-yilda Kongodan qochib Amerikaga kelgan. Shundan beri pishiriq qiladi:

“Lubumbashi universitetida o’qir edim. Diktator Mobutu va uning qo’lidagilar talabalarni o’ldirishga tushdi. Vatandan qochishdan boshqa yo’lim yo’q edi”.

Amerikada endi hayot boshlaganida Kasonga Ilayning oshxonasidan boshqa hech yerni bilmasdi:

“Diplomim, tajribam, mulkim yo’q edi. Birorta ko’nikma, kasbim yo’q edi. Ilayning oshxonasi menga imkon berdi, tavakkal qildi. Bor kuchimni ishga solib ishladim”.

Kasonga bugun firmada menejer bo’lib ishlayapti. Qochqinlarga yordam beradigan nodavlat, notijorat tashkilotida yordam berib kelayapti.

O’tgan 25 yilda “Ilayning pishloqli tortlari” kompaniyasi yuzlab qochqinlarni ish bilan ta’minladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqinlar bo’yicha oliy komissari Filippo Grandi yil boshida kompaniyaga bu sa’y-harakatlari uchun tahsin aytdi. Shulmanning aytishicha, uning oshxonasi Birlashgan Millatlar Tashkilotini eslatadi.

“Oshxonani aylanayotib, Bosniya, Kongo, iroqlik odamlarni uchratasiz”, - deydi Mark Shulman.

Shulman suriyalik qochoqlar oqib kelishiga hozirlik ko’rayapti. Xohlashsa, oshxonamda ishlashlari mumkin, deydi u.

Prezident Barak Obama oktabrgacha suriyalik 10 ming qochqinni, 2017-yilda undan ham ko’prog’ini bag’riga olmoqchi. Yuzlab nafari Chikagoga kelishi kutilayapti. Xuddi Ilay Shulmanning oilasi yuz yil oldin Amerikaga kelgani kabi.

“Sharqiy Yevropa, Rossiya, Polshadan oilaviy ko’chishgan. Ota-onasi, singlisi, ukasi, o’zi… 1907-yilda Qo’shma Shtatlarda muqim qolishgan”, - deydi Mark Shulman.

Mark Shulman uchun qochoqlar bilan muomala qilish nafaqat xayriya, balki qonda bor bir urf.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG