Qochqinlar muvaqqat hukumat xolis tergov o’tkazishiga ishonmayapti


Rasmiylarning ta’kidlashicha, O’sh va Jalolobodda ahvol nisbatan tinch, ammo huquq-tartibot tizimlari ayrim joylarda reydlar o’tkazgan.

O’zbeklar esa “hukumat bayonotlariga ishonch yo’q. Bizga hali ham bosim kuchli”, - deydi. Rahbar Roza Otunbayeva bugun janubdagi viloyatlarda bo’lgan.

O’shda ko’chalarni to’siqlardan tozalash ishlari davom etmoqda. Ammo ayrimlar bunga qarshilik bildirmoqda. Shahar markazida esa odam siyrak. Savdo markazlari, maktablar, oliy o’quv yurtlari yopiq.

Huquq-tartibot idoralari o’zbek faollarini hisbga olayotgani haqida xabarlar bor. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan bir ayol Narimon qishlog’ida uning o’g’li qamoqqa olinganini aytadi. "Farzandimga telefon qilsam, harbiylar olayapti", - deydi bu ayol.

O’zbek aholi hukumatning mustaqil tekshiruv o’tkazish haqidagi va’dalariga ishonchsizlik bilan qaramoqda. Matbuotda, arboblarning chiqishlarida masalaga bir yoqlama, noxolis yondashish ko’zga tashlanadi. Mavjud fikrga ko’ra, tergovni xalqaro idoralar o’tkazishi kerak.

Qirg’izistonga xorijdan oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa mahsulot yetkazilmoqda. Yordamni tarqatish ishlari ancha yo’lga qo’yildi, deydi rasmiylar. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan o’shliklar yordam oz-ozdan yetib kelmoqda, deydi. Lekin bu yordam sotilmoqda, degan xabarlar ham yo’q emas.

Qirg’iziston Davlat chegara xizmati vakili Cho’lponbek Turuzbekovning aytishicha, hozirgacha O’zbekistondan 7398 odam qaytgan. Chegaradagi vaziyat tinch, deydi u. Qochqinlar lagerlarida sanitariya ahvoli og’ir bo’lsa-da, ko’pchilik vatanga qaytishdan hayiqmoqda.

XS
SM
MD
LG