Breaking News

Virjiniyadagi muhojir chevarlar


Qo’shma Shtatlarga kelgan qochqin oilalar yangi muhit, til, iltimoiy va madaniy sharoitga ko’nikkach, aksariyat hollarda muvaffaqiyat qozonadi. Ayrimlari o’tmishdagi tajribasini yangi hayotda unumli qo’llay oladi. Virjiniyaning Sharlotsvil shahrida tikish-bichishga mo’ljallangan biznes ochgan Parvin va Yadulla Jamolrizo bilan tanishsak.

“Amerikaga faqat ikkita chemodan bilan kelganmiz. Ust-boshdan boshqa hech narsamiz yo’q edi”, - deydi Parvin Jamolrizo.

Oldilarida bir juft qaychi ham bor edi.

“Eski qadrdonimiz. Erondan olib kelganmiz. Turmush o’rtog’im 40 yil oldin bir ustadan olgan. O’sha usta o’z vaqtida bu qaychini 66 yil ishlatgan ekan. Salkam yuz yoshlik qaychi bo’lsa ham, ishga juda yaraydi”.

Parvin Jamolrizo va uning eri Yadulla Sharlotsvil markazida “Yadining ustaxonasi” nomli biznesni yuritadi.

11 yil oldin oila qochqin maqomini olib, uch farzand bilan Amerikada qo’nim topdi.

“Sharlotsvil aeroportiga qo’nganimizda, qaysidir payt o’zimizni yo’qotib qo’ydik. O’shanda bir odam bizni chaqirib qoldi. Shunaqa xursand bo’ldik! Bizni bilishar ekan!”- deydi ayol.

Ularni qidirib borgan odam Xalqaro qutqaruv qo’mitasining vakili edi. Qo’mita qochqinlar mamlakatda o’rnashib, uyli-joyli bo’lishiga madad beradi. Jamolrizo avvaliga birovning ustaxonasida chevarlik qildi. Bir og’iz inglizcha bilmay ishlab ketdi.

“Ishim shu-ku! Ipidan ignasigacha bilaman. Vatanimda 25 yilda chevarlik qilganman. Qo’limdan keladigan ishni topa olganimdan boshim osmonda edi”, - deydi Parvin.

U bu ustaxonada uzoq qolmadi. Ikki yil o’tib, oila o’zlarining biznesini ochib, shundan beri odamlarga xizmat qilib keladi. Ishlari baroridan keldi.

Parvin matodan qilingan ust-bosh tikadi, turmush o’rtog’i esa teridan kiyim bichadi. 150 yillik eski tikish mashinasini bir-bir bosib, mijozlar xohlaganday qilib kiyimlarga ishlov berishadi.

Avvaliga Jamolrizo oilasi o’zlarini juda ko’p reklama qilishdi. Bugun bunga umuman hojat qolmagan.

“Birinchi marta kelishim. Do’stim shu ustaxonaning uzoq yillik mijozi, o’sha maslahat berdi. Uning gapiga ko’nib keldim, chunki do’stim doim yaxshi kiyinib yuradi. Bugun qilingan ishdan, masalan, ko’nglim to’ldi”, - deydi Getti Gedkin, mijoz.

“Qattiq ishlab, mehnatim rohatini ko’rayapman. Shundan xursandman. Ustaxonamiz daromad keltirayapti. Mijozni doim xursand qilib jo’natamiz”, - deydi ayol.

Jamolrizo oilasi to’rt yil oldin uy xarid qilishdi. Hamma farzandlari kollejni bitirib, ishli bo’lib yo’lini topib ketdi. Oila Sharlotsvildagi hayotidan mamnun.

“Odamlar juda ahil, mehribon va qo’li ochiq. O’zimni hech vaqt qochqin deb bilgan emasman. Shu yerning mag’rur odamiman”, - deydi Parvin Jamolrizo.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG