Breaking News

Amerika va Rossiyani bugun ittifoqchilar deyish mumkinmi?


Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev, AQSh prezidenti Barak Obama til topisha olgan
Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev, AQSh prezidenti Barak Obama til topisha olgan

Sovet Ittifoqi qulaganidan 20 yil o’tib ham AQSh va Rossiyani do’st deb bo’lmaydi. Ammo munosabatlar ancha yumshagani sir emas.

Qator masalalarda qat’iy pozitsiyaga ega bu davlatlar ko’p masalalarda hamkorga aylangan. Odil Ruzaliev mavzuni davom ettiradi.

Sovuq urush davrida ashaddiy raqib bo’lgan bu ikki mamlakat bugun ham bir-birini yo’q qilish salohiyatiga ega. Minglab yadro qurollari jahannamga chipta bo’lib xizmat qiladi.

Ammo Sovuq urush davridagidan farqli o’laroq, bu qurollar bugun bir-biriga qaratilmagan.

AQSh rahbari Barak Obama prezidentligining ilk damlaridanoq Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi. Tomonlar yadro qurollarini kamaytirishga qaratilgan muhim bitimni yangilashga muvaffaq bo’ldi.

Vashingtondagi Jorjtaun universitetida Rossiya bo’yicha ekspert Anjela Stentning aytishicha, buncha qurollardan foyda yo’q.

“Sovuq urush tugadi. Yadro arsenali ancha kamaytirildi. Bundan keyin ham sonini qisqartirish rejada bor. Bu juda ham katta yutuq”, - deydi u.

Unga ko’ra, Moskva va Vashington Afg’oniston bo’yicha ham hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

"Rossiya orqali Afg’onistonga harbiy yuk jo’natyapmiz. Pokiston bilan aloqalar taranglashar ekan, Shimoliy ta’minot tarmog’ining roli va ahamiyati oshib bormoqda”, - deydi tahlilchi.

Rossiya BMTning Eronga nisbatan sanksiyalarini kuchaytirishga ham ovoz berib, havo hujumiga qarshi S-300 raketalarini rasmiy Tehronga sotmaslikka qaror qildi. BMT Xavfsizlik Kengashining Liviya havo hududini nazorat etishga doir rezolyutsiyasiga qarshi chiqmadi.

Biroq, deydi Stent, tomonlar Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi bo’yicha haligacha kelisha olmayapti.

“Sistema Eron va Shimoliy Koreya kabi Amerikaga tahdid solishga qodir davlatlardan himoyalanish uchun zarurligini bot-bot tushuntirdik. U Rossiyaga qarshi qaratilmagan”, - deydi mutaxassis.

Kelasi yil martida Rossiyada prezident saylovlari. Dmitriy Medvedev o’rniga ushbu lavozimda ungacha ikki muddat ishlagan hozirgi Bosh vazir Vladimir Putin kelishi mumkin.

Amerikalik tahlilchilar Putin prezidentlikka qaytsa, ikki davlat munosabatlari qanday bo’ladi, deya bosh qotirmoqda.

“Katta o’zgarish bo’ladi, deb o’ylamayman, chunki Medvedev prezidentligi davrida ham tashqi siyosatni Putin olg’a surgan”, - deydi AQSh prezidentining xavfsizlik masalalari bo’yicha sobiq maslahatchisi Brent Skoukroft.

AQShning Moskvadagi sobiq elchisi Tomas Pickeringning aytishicha, Rossiyada davlat tepasiga kim kelishidan qat’iy nazar, unga ko’z-quloq bo’lish lozim.

“Albatta, Rossiyaning bizga yoqmaydigan tomonlari bor va bu hol hech qachon o’zgarmaydi. Bizni ham doim yoqtiravermaydi ular. Ammo umumiy maqsad va manfaatlarimiz talaygina. Tinch-totuv hayotga intilish shulardan biri”, - deydi sobiq elchi.

Kelasi noyabrda amerikaliklar ham prezidentni saylaydi. 2013-yilga borib har ikki davlatda yangi rahbar bo’lishi ehtimoldan xoli emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG