Breaking News
Din

Tadqiqot: Ekologiyani asrashda dinning ahamiyati katta


O’tmishda yerga yoki tabiatga sig’ingan odamlar ham bo’lgan. Hozir dunyoning asosiy dinlarida bunday e’tiqod bo’lmasa ham, tadqiqotchilar fikricha, tabiatni asrab-avaylashda ularning o’rni muhim ahamiyatga ega.
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:13 0:00
Yuklab oling

Ekolog olim Gregorz Mikusinskining aytishicha, biologik rang-baranglikni saqlab qolishda e’tiqodning o’rni katta. U mansub ilmiy guruh dunyodagi turli dinga mansub odamlarning joylashuvini o’rgandi. Tadqiqotda ko’plab e’tiqodli insonlarning iqlim o’zgarishi, taraqqiyot va boshqa omillar ta’siridagi biohayot xilma-xil bo’lgan o’lkalarda yashashi aniqlandi.

Mikusinski Shvetsiya Qishloq xo’jaligi tadqiqotlari universitetida dars beradi.

“Biologik rang-baranglik zich bo’lgan o’lkalarda nasorolar, ayniqsa, Rim katoliklari ko’p yashaydi. Bu masalada Janubiy Amerika muhim ahamiyatga ega – Braziliya, Meksika, Ekvador va boshqalar. Bu davlatlarning barchasi katolik diniga mansub. AQSh, Meksika va Afrikaning ekvator bo’ylab joylashgan davlatlari ham kuchli bioxilma-xillik koni hisoblanadi”, - deydi tadqiqotchi.

Uning aytishicha, diniy e’tiqod va bioxilma-xillikning bir-biriga aloqasi bor. Masalan, Janubi-sharqiy Osiyoda buddaviylik, Hind subkontinentida hinduizm, Kichik Osiyo, Shimoliy va Markaziy Afrikada islom keng quloch yoygan. Mikusinskiga ko’ra, bu dinlardagi pand-nasihatlarda atrof-muhitga alohida e’tibor berilmaydi. Ammo bunday qarashni o’zgartirish kerak, deydi u.

“Men o’zim uzoq yillar katolik cherkovi a’zosi bo’lganman. Sizga ochig’ini aytaman, 1500 dan ortiq dindorning xutbasini tinglagan bo’lsam, tabiiy manbalarni tejab ishlatish haqida deyarli birorta so’z ham eshitmaganman”, - deydi u.

Mikusinskining aytishicha, ekologiyani asrab-avaylashdan diniy guruhlar ham birdek manfaatdor.

“Sayyoramizdagi quruqlikning yetti foiziga diniy jamiyatlar egalik qiladi. Yana sakkiz foiz yer muqaddas hisoblanadi. Demak, 15 foiz yer – bu juda katta raqam – to’g’ridan to’g’ri dinlar bilan aloqador”, - deydi tadqiqotchi.

Shvetsiya Qishloq xo’jaligi tadqiqotlari universitetining yana bir professori Margorzata Blixoska ham tadqiqot mualliflaridan biri. Uning yozishicha, tabiatga nisbatan odamlarning ma’naviy munosabatini o’zgartiradigan strategiyalarga ehtiyoj bor. Atrof-muhit uchun foydali bo’lgan hayot tarzini rag’batlantirish lozim, deydi u. Mikusinski bu fikrga qo’shladi.

“Kelajak avlodlarga yaxshi yashash sharoitlarini meros qilib qoldirish zimmamizdagi axloqiy majburiyat. Odam boshiga sarflanayotgan resurslar miqdori borgan sari ko’payib bormoqda. Kelajak uchun bu sog’lom muhit emas”, - deydi Mikusinski.

Ammo masala ancha murakkab, deydi u. Chunki qashshoq odamlarni yanada tejamkor bo’lishga undash qiyin.

Tadqiqotchilar atrof-muhitni asrab-avaylashda nasorolik dinining muhim ahamiyat kasb etishidan umid qilmoqda. Rim katoliklari hayvonot va ekologiya homiysini avliyo Frensis deb ataydi. Yangi Rim papasi ham o’ziga shu nomni tanladi. Shunday ekan, ekologiyani himoya qilishda uning yanada faolroq bo’lishini umid qilamiz, deydi Mikusinski.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG