Maktab o'quvchilari diniy va madaniy mavzularda suhbat qurmoqda

  • Amerika Ovozi

Dunyo bo'ylab diniy tafovutlar, ko'pincha, siyosiy mojarolarga sabab bo'ladi. Britaniya sobiq Bosh vaziri Toni Bleyerga qarashli tashkilot videokonferensiya orqali turli mamlakat yoshlari o'rtasida do'stlik rishtalarini o'rnatishga bel bog'lagan.

Margaret Gorgisyan videomuloqot orqali dunyoning boshqa bir burchagidagi o'quvchilarga o'zini tanishtirmoqda.

"Maktabimizda odamlar juda qattiq ishlaydi va bir-birimizni hurmat qilamiz", - deydi u.

Indoneziya poytaxti Jakartadagi "Islom Al-Azhar" maktabida esa Reynard Rabiul Soniy o'zi yashaydigan muhit haqida gapiradi.

"Barchamizni birlashtirib turadigan jihatlar bor. U din, irq yoki bir xil qonunlar bo'lishi mumkin", - deydi indoneziyalik o'quvchi.

Turli din va elat yoshlari o'rtasidagi bu muloqot Toni Bleyerning E'tiqod jamg'armasi tomonidan moliyalangan.

Maqsad diniy va madaniy tafovutlardan qo'rqmaydigan yoshlar avlodini yaratish, deydi dastur boshqaruvchisi Kristen Luni.

"Talabalar o'zlari haqida, maqsadlari haqida erkin gaplasha oladigan xavfsiz bir maydon yaratishga urinyapmiz", - deydi u.

Moderator yordamida yoshlar ayrim nozik va bahsli mavzularni ham tilga oladi.

Amerikalik musulmon qiz hijob haqida gapirmoqda

Indoneziyalik o'quvchi esa zo'ravonlikni tilga oldi.

Bu yoshlar o'tgan yili har oy ana shunday suhbatlarda qatnashdi. Muloqot faqat diniy an'analar haqida emas.

"Din haqida to'g'ridan to'g'ri gaplashmagan bo'lsak-da, hammamiz oramizda diniy tafovutlar borligini sezamiz va bu farqlarni hurmat qilamiz", - deydi Margaret.

"Nima bo'lganda ham, barchamiz insonmiz, bir xil qarashga egamiz. Shuning uchun bir-birimizni hurmat qilamiz", - deydi indoneziyalik Rahma Marsha.

Bu suhbatlar dunyo muammolarini hal qilib bermaydi, ammo ular kelajakni yaxshiroq maskanga aylantirishga hissa qo'shsa ajab emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG