Diniy mahbusmi yoki siyosiy, gap inson huquqlarida


AQSh Kongressi Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyadan global miqyosda vaziyat qanday ekanini so’rab turadi. Muayyan davlatga nisbatan siyosatni belgilashda, u bilan hamkorlik qilishda e’tiqod qanchalik erkin ekani muhim omil. Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada ahvol chatoq, deydi komissiya eksperti Keti Kosman.

AQSh Kongressi Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyadan global miqyosda vaziyat qanday ekanini so’rab turadi. Muayyan davlatga nisbatan siyosatni belgilashda, u bilan hamkorlik qilishda e’tiqod qanchalik erkin ekani muhim omil. Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada ahvol chatoq, deydi komissiya eksperti Keti Kosman.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi o’zining yillik hisobotini chiqardi. Unda tahlil qilinishicha, Markaziy Osiyo davlatlari e’tiqodni cheklashda yetakchi. Musulmon dunyosining ajralmas qismi bo’lgan bu o’lkalarda islom siyosiy tus olmasligi uchun nazorat mustahkam. Bu bilan esa hukumatlar inson huquqlari va xalqaro qonunlarni buzib kelmoqda, deyiladi Kongressga uzatilgan hujjatda.
Qo’shma Shtatlar uchun diniy erkinlik eng yuqori o’ringa qo’yiladigan qadriyatlardan biri. Yevropadagi diniy repressiyadan qochib, yangi dunyoga kelgan odamlar barpo etgan bu mamlakatni. Xudo hammani teng yaratgan degan shior davlat idoralari qoshida zarhal harflar bilan yozib qo’yilgan. Aholining aksariyati nasroniy, shuningdek, Amerika - millionlab musulmonlar, buddistlar va boshqa din vakillariga vatan. Diniy huquqlar bu yerda ham buziladi. Lekin qonunlar va adliyaga ishonch kuchli.

AQSh Kongressi Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiyadan global miqyosda vaziyat qanday ekanini so’rab turadi. Muayyan davlatga nisbatan siyosatni belgilashda, u bilan hamkorlik qilishda e’tiqod qanchalik erkin ekani muhim omil. Markaziy Osiyo davlatlarida bu borada ahvol chatoq, deydi komissiya eksperti Keti Kosman.

“Mintaqadagi har bir mamlakatda diniy tashkilot va guruhlarning ro’yxatdan o’tishi bag’oyat qiyin. Diniy adabiyot va materiallar davlat tomonidan ma’qullanmagan bo’lsa, ularni o’qish va mutolaa qilish jinoyat hisoblanadi. Diniy liboslarda yurish ham, agar siz rasman taqvodor odam bo’lmasangiz, taqiqlangan. Dindorlashgan odamga hukumatlar shubha bilan qaraydi, ularni ko’p hollarda muxolif shaxs deb biladi. Har bir mamlakatda qo’ra ro’yxat bor va unga tushgan odam nishonga olinadi”,- deya xulosa qiladi mutaxassis.

O’zbekistonda terrorizm va ekstremizm aybi bilan minglab odamlar sudga tortilgan va izlanishlar shuni ko’rsatadiki, deydi Kosman xonim, ularning aksariyati yetarlicha dalil-isbotsiz hisbga olingan va sudlangan. Asosiy aybi dindor ekani bo’lgan. Huquq tashkilotlari ularni diniy mahbuslar deb ataydi, ammo O’zbekiston hukumati siyosiy mahbus degan ta’rifni tan olmaganidek, diniy mahbus degan tushunchani ham inkor etadi. Rasmiylarning muntazam ravishda qayd etishicha, qamoqda o’tirganlar jinoyati isbotlangan fuqarolar va qilmishi uchun jazo muddatini o’tamoqda. Bu insonlarning katta qismi O’zbekiston davlatiga tahdid solmoqda deya man etilgan guruhlar, xususan Hizbut-Tahrir tashkiloti, xalqaro maydonda terrorist deb tan olingan O’zbekiston Islomiy Harakati yoki Andijonda 2005-yildagi fojiada ayblangan akromiylar guruhi a’zolari deya ko’rsatiladi.

AQSh komissiyasi hisobotida diniy mahbuslarning soni taxminan 12 ming deyiladi, lekin bu tasdiqlanmagan.

Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistondagi vaziyat ham juda salbiy baholanadi.

Inson huquqlari bo’yicha yetakchi xalqaro tashkilot “Human Rights Watch” (HRW) AQSh komissiyasi xulosalariga qo’shiladi. Mintaqa bo’yicha bosh mutaxassis Stiv Sverdlov deydiki, O’zbekiston bejiz “alohida tashvishga molik davlat” deb belgilanmagan. Taqvodor odamlar doimiy siyosiy nishonda, bunga qayta-qayta guvohmiz, deydi u. Diniy sabablar bilan qamalganlar, jumladan radikalizmni targ’ib qilmoqda deya panjara ortiga tashlanganlarning jazo muddati ko’p hollarda uzaytiriladi, deydi huquqshunos. Ular qanday ahvolda ekani bilan tanishishga yo’l berilmaydi. Mahalliy huquq faollari u yoqda tursin, hatto BMTdek katta organlarning maxsus vakillari ham O’zbekiston qamoqxonalariga yaqinlashtirilmaydi.

O’zbekiston hukumati tashqi dunyoni, jumladan G’arbda asoslangan huquq tashkilotlarini tuhmatchi deb qoralaydi, ammo haqiqatni ko’rish uchun darvoza yopiq, deya tanqid qiladi Sverdlov. “Human Rights Watch” 2010-yilda O’zbekistondan haydalgan. O’zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari, Oliy Majlis a’zosi Akmal Saidov bu tashkilotni respublikaga qarshi uydirmalarda ayblaydi. HRW va u bilan hamkor tashkilotlar esa vaziyat haqida BMT va boshqa organlarga ma’lumot uzatib keladi. Diniy va siyosiy mahbuslar kim ekanini tushuntiradi. Gap biror jinoyati uchun emas, erkin e’tiqodi va siyosiy qarashlari uchun qamalgan insonlar haqida ketmoqda, deydi Sverdlov.

Parijdan turib Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Uyushmasini yurituvchi Nadejda Atayeva O’zbekistondan bir necha yil ilgari siyosiy bosim ostida chiqib ketgan. Hukumat u va uning oilasini moliyaviy firibgarlikda ayblab, sudga tortgan. Atayevaning otasi Olim Atayev 1997-2000 yillarda "O‘zDonMahsulot" rahbari bo‘lib ishlagan. Atayev ham bugun Fransiyada istiqomat qiladi. Oila Toshkentda qo’yilgan ayblovlarni va hukmni tan olmaydi. Sud ularni bir necha yillik qamoq jazosiga loyiq topgan. Atayevlar ishni apellyatsiyaga topshirgan.

Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Uyushmasi asosan muhojirlikda yurganlarning huquqlarini himoya qiladi. Ayni damda butun diqqat 57 ishda, deydi Atayeva. 36 shaxs O’zbekistonga deportatsiya qilingan, qolganlar esa bu xavf bilan yuzlashmoqda. Ular vatanni dindorligi va muxolif fikrda ekani uchun tark etishga majbur bo’lgan, lekin hukumat ularni qaytarib, qamoqqa tashlashni istaydi, deydi faol. Bedarak ketganlar bor. Har bir masala murakkab va huquq himoyachilarining o’zi ham doimiy tazyiq ostida ishlaydi, deya hikoya qiladi Nadejda Atayeva Vashingtonda kechgan muhokamada. O’zbekiston hukumati “bizda siyosiy va diniy mahbuslar yo’q” deb o’zini oqlay olmaydi, deydi u.

Gap shundaki, bu tuzum o’z fuqarolariga nisbatan xohlagan chorasini ko’rishga o’rgangan va hech kimga hisobot berishni lozim topmaydi. O’zbekiston BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti a’zosi sifatida, qolaversa, o’z bosh qomusiga binoan, adolatsizliklar uchun javob berishi va adolat qaror topishi kerak, deydi huquq himoyachilari.

Faollar uchun asosiy vazifa - yopiq tuzumning qilmishlarini fosh etish, iloji boricha ko’proq ma’lumot yig’ib, uni dunyo ahliga ko’rsatish va adolat ta’minlanishida yordam so’rash, deydi Nadejda Atayeva.

Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha AQSh komissiyasi, HRW va Markaziy Osiyo Inson Huquqlari Uyushmasi vakillari deydiki, hisobotlar va bayonotlar adolatsiz qamalgan yoki tazyiqqa uchragan har bir shaxsni qutqara olmas, lekin bir insonning bo’lsa-da huquqi hurmat qilinishini ta’minlash ezgu maqsad. O’zbekiston hukumati adolatparvar va huquqparvar ekanini isbotlamoqchi bo’lsa, bu organlar muloqotga tayyor.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG