Diniy erkinlik bo'yicha AQSh hisoboti e'lon qilindi

  • Amerika Ovozi

"Alohida tashvishga molik davlatlar" xaritada.

"Alohida tashvishga molik davlatlar" xaritada.

AQSh hukumati ma’lumotiga ko’ra, o’tgan yili dunyoning bir qator davlatlarida diniy haq-huquqlar toptalishda davom etgan. Ular orasida O’zbekiston ham bor. AQSh Davlat departamentining vijdon erkinligini sarhisob qiluvchi yillik hisobotida dunyoning turli mamlakatlaridagi ahvol tahlil qilingan.


AQSh Davlat departamenti e’lon qilgan hujjatda aytilishicha, ayrim davlatlarda diniy haq-huquqlarning cheklanishiga yo’l qo’ygan rasmiylar javobgarlikka tortilmayapti. Ozchilikdagi diniy guruhlar huquqlarining toptalishi yoki bunga yo’l ochuvchi yangi qonunlarning qabul qilinishi keng miqyosda davom etmoqda, deyiladi rasmiy hisobotda.

AQSh davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, vijdon erkinligi har bir insonning tug’ilganidan beri ajralmas huquqi hisoblanadi. Uning buzilishi AQSh milliy xavfsizligiga tahdiddek gap, dedi u.

“Davlatlar diniy erkinlikka rahna solsa yoki bee’tibor bo’lsa, ular nafaqat huquqi toptalgan shaxslarga, balki o’z milliy barqarorligiga ham zarar yetkazgan bo’ladi. Afsuski, buning ko’p joylarda kuzatilayotganiga guvoh bo’lyapmiz. Diniy erkinlikning toptalishi axloqiy jihatdan ham, strategik jihatdan ham AQSh milliy xavfsizligiga tahdiddir”, - dedi AQSh rasmiysi.

Kerrining aytishicha, o’tgan yilda antisemitizmning kuchaygani kuzatilgan. Bu borada Venesuela, Misr va Eronda tashvishlanarli holatlar qayd etilgani aytiladi.

Shuningdek, Kerriga ko’ra, ayrim davlatlarda din haqida nojo’ya fikr bildirganlarni hamda dindan qaytganlarni qattiq jazolovchi qonunlar qabul qilinmoqda. Bu diniy erkinlikka zid xatti-harakatdir, deydi Kerri. Saudiya Arabistoni, Misr, Liviya, Tunis, Eron va Eritreya ana shunday davlatlar qatorida tilga olinadi.

Hisobotga ko’ra, ayrim o’lkalarda esa nasorolar ayirmachilik siyosati va tahdidlar nishoni bo’lmoqda. Ozchilik musulmon diniy guruhlari ham ko’pchilik yoki yetakchi mazhablar tomonidan tazyiq ostiga olinishi kuzatilgan.

Ikki yil muqaddam AQSh Davlat departamenti sakkiz davlatni “alohida tashvishga molik mamlakatlar” deya atagan edi. Bular – Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan va O’zbekiston. Hisobotga ko’ra, bu yil ham mazkur o’lkalarda ijobiy o’zgarish kuzatilmagan. Aksincha, Xitoy va Eronda ahvol yanada yomonlashgan.

O’zbekiston har yili diniy huquqlarni toptovchi mamlakatlar qatoridan o’rin olib keladi. Ikki yildan beri esa “alohida tashvishga molik davlatlar” ro’yxatiga kiritilgan.

Hisobotda yozilishicha, O’zbekiston konstitutsiyasi va vijdon erkinligiga oid asosiy qonuni diniy erkinliklarni ta’minlaydi, ammo boshqa qonunlarda, xususan, amalda bunga to’liq rioya etilmaydi. Diniy e’tiqodi bois minglab oddiy dindorlar jinoiy javobgarlikka tortilgani va uzoq yillik qamoq jazosiga hukm etilgani juda tashvishlanarli hol, deyiladi AQSh hukumati hisobotida.

Unda, shuningdek, dunyo davlatlari vijdon erkinligi bo’yicha xalqaro huquq me’yorlariga to’la rioya qilishga va bu borada jahon hamjamiyati oldidagi o’z burch va vazifalarini sidqidildan bajarishga chaqiriladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG