O’zbekistonda huquq bilan bog'liq ahvol tobora og‘ir


O’zbekistonda huquq bilan bog'liq ahvol tobora og‘ir

O’zbekistonda huquq bilan bog'liq ahvol tobora og‘ir

Yaqinda O’zbekistonda 40 dan oshiq fuqaro diniy ekstremizmda ayblanib, uzoq muddatli qamoq jazosiga mahkum etilgani ma’lum bo’ldi. Huquq faollarining aytishicha, noqonuniy diniy guruhlarga a’zolikda gumon qilinayotgan fuqarolar soni maxsus kampaniya natijasida oshib bormoqda.

“Oxirgi paytda sudlanayotganlar qaysi oqimga qarashli ekanini ham tushunish qiyin bo’lib qolgan. Konkret aybi, jinoyati ko’rsatilmaydi. Agar jinoyat bo’lsa, uning isboti bo’lishi kerak, lekin isbot yo’q, faqat ayblov bor. Buyurtmaligi, oxirgi paytda bu ishlarning soxta ekani yanada ayon bolib qolmoqda”, - deydi Surat Ikromov, Inson huquqlari tashabbus guruhi rahbari.

Noyabr oyida 40 dan oshiq fuqaro terrorchilik, diniy ekstremizmda ayblanib, 6 dan 17 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingani ma’lum bo’ldi.

Hisobot muallifi Surat Ikromovning aytishicha, bular faqat turli yo’llar bilan jamoatchilikka oshkor bo’lgan raqamlar. Aslida mamlakat bo’ylab kechayotgan kampaniya qamrovi haqida gapirish qiyin.

“Butun respublika bo’ylab ketayapti. Sudlar yashirin o’tayapti, yaqinlari ham qo’yilmayapti. Bu narsa bizga qarindoshlari orqali vaqt o’tib ma’lum bo’ladi. Sudlar, qiynoqlar to’xtamagan, davom etayapti”, - deydi Ikromov.

Diniy cheklov, qiynoq va qamoq tahdidi fuqaroni mamlakatdan qochishga majbur qilmoqda. Muhojirot dindorlar uchun ta’qib va tazyiqlardan qutulishning yagona yo’li.

Huquq-tartibot organlari talabiga ko’ra, qo’shni respublikalar, shuningdek, Rossiyadan O’zbekistonga qaytarilayotgan fuqarolar soni oshib bormoqda. Tazyiqlardan qochib Yevropaga borgan din ahlini ham O’zbekistonga qaytarish hollari kuzatilmoqda.

Markaziy Osiyo inson huquqlari tashkiloti rahbari Nadejda Atayeva Yevropaga kelayotgan qochqinlarning aksariyati dindorlar, deydi.

“Bular odatda diniy farzlarni ado etayotganlar, ya’ni kimdir soqol qo’yadi, kimningdir kiyim-boshi boshqa, besh vaqt namoz o’qiydi, diniy marosimlarni jamoa bo’lib o’tkazishni ma’qul ko’radi. Bularning hammasi qonunni buzish sifatida baholanmoqda. Ular huquq-tartibot xodimlari nazoratiga olingach keyinchalik vahobbiy, ekstremist kabi turli yorliqlar yopishtiriladi”, - deydi Atayeva.

Uning so’zlariga ko’ra, Yevropada O’zbekistondagi diniy vaziyatdan yetarlicha xabardor emaslar, qochqinlar esa o’zlariga nisbatan tazyiqlar qamrovini har doim ham asosli qilib tushuntira olmaydi.

Ozbekistondagi vaziyat yanada keskinlashgan, nafaqat qamoqdagi dindorlar, balki ularning qarindoshlari ham bosim ostida.

“Odamlar huquqini himoya qilish uchun muhit yo’q. Sudlar ayblov tarafida. Bunday vaziyatda muhojirotdan yagona yechim. Turli yo’llar bilan Yevropaga borib, qochqinlik maqomi so’ralar ekan, bu yerdagilar O’zbekistonda qonun mutlaqo ishlamasligini tushinmaydi”, - deydi Atayeva.

Huquq himoyachilari e’tiqod tufayli bosimga olinayotgan aholi qatlami kengayib bormoqda, deydi.

“Kamida 10 ming odam qamoqda. Lekin ularning soni bundan ko’p bo’lishi ham mumkin, negaki, oxirgi besh yilda dindorlar amnistiyaga tushmadi. Shunday ekan, mahbuslar yanada ko’paygan bo’lishi mumkin”, - deydi Surat Ikromov

AQSh Davlat departamenti Ozbekistonni diniy cheklov va tazyiqlar hukmron davlatlar sirasiga kiritgan. Avtoritar boshqaruvni qurol qilgan hukumat muxolifatning har qanday ko’rinishiga qarshi ayovsiz kurash bilan tanilgan.

Bundan esa, dunyoviy muxolifat ezilgani sari diniy oppozitsiya kuchaya boshlagani ham kuzatiladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG