Andijon voqealariga qayta baho berish payti keldimi?


Huquq faollariga ko'ra, Andijon fojiasi yuzasidan xolis tergov o'tkazilmas ekan, O'zbekistonda adolat qaror topmaydi. 2005-yilning 12-13 may kunlari sodir bo'lgan qonli voqealardan 12 yil o'tib ham mustaqil tergov o'tkazilmagan.

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va yangi hukumat bu mavzuda jim. Rasman o'sha kuni qariyb 190 kishi, norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 700 nafarga yaqin odam o'lgan.

Andijon fojiasining 12 yilligi arafasida Toshkentga safar qilgan BMT Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husayn bu voqeani eslab o'tgan. Andijonni unutmaslikka chaqirgan BMT komissari Mirziyoyev bilan ham uchrashdi, ammo unda Andijon qanchalik tilga olingani noma'lum.

Sharhlovchi Namoz Normo'min tahlilicha, yangi hokimiyat bu borada yopiq qozon yopiqligicha qolsin, degan qarashda.

“Andijon fojiasi hukumat tomonidan unutilishga mahkum qilingan voqealardan. Xalqaro jamoatchilikning mustaqil tergov o'tkazishga urinishlari samarasiz ketdi, hukumat ruxsat bermadi. Mana 12 yil o'tdi, hukumat bu masalani hamon kun tartibiga keltirmaslikka urinadi va yangi islohotlar haqida gapiradi. Andijon katta fojia, mingga yaqin odam o'ldi, lekin bu yangi hokimiyatning kun tartibida emas, bu masalani ko'taradigan jamoatchilikning o'zi ham yo'q”, - deydi Normo'min.

Diniy faollardan biri Muhammadsolih Abutovga ko'ra, yaqin tarixdagi eng qonli kunlar sifatida iz qoldirgan bu mudhish voqealar yuzasidan adolatning qaror topishi islohotlar va'dasini berayotgan yangi hokimiyat uchun ham, yuzlab qurbonlar xotirasi, shuningdek, xolis xulosani kutayotgan xalqaro jamoatchilik uchun ham o'ta muhim.

“Andijon fojiasi, shubhasiz, o'zbek rejimining mustabid siyosati natijasi. Aynan shu fojealar O'zbekistonning xalqaro maydondagi o'rniga ham katta dog' tushirdi. Shu bilan birga, bu fojea huquq himoyachilari, jamoatchilikning O'zbekistonda adolat qaror topishiga ishonchini ham yo'qotdi. Odamlarning hafsalasi o'ldi, umidlari so'ldi. Fojea natijasida minglab qochqinlar yuzaga keldi. Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bugun ularga, o'zbek jamoatchiligi va muxolifatiga ham adolatni qaror toptirishga urinish uchun imkoniyat bermoqda”, - deydi Abutov.

Yangi hokimiyat BMT doirasida imzolangan hujjatlarga rioya eta boshlasagina Andijon masalasida adolat qaror topishiga umid qilish mumkin, deydi Normo'min.

“O'zbekiston BMTning inson huquqlari bo'yicha deklaratsiyasini, matbuot va siyosiy erkinliklarga doir boshqa qator hujjatlarni imzolagan, hukumat bularning amaliy ijrosini boshlashi kerak. Shunda bu kabi og'riqli masalalarni kun tartibiga keltirish, xalqqa to'g'ri shaklda yetkazish mumkin. Qisman yondashib bunday og'riqli muammolarni yechish qiyin, katta noroziliklarga sabab bo'lishi mumkin”, - deydi u.

Xo'sh, jamoatchilik bugun bu qonli o'tmishni qanchalik eslaydi yoki muhokama qiladi?

“Karimov hukumati Andijon voqealarining unutilishini istagan edi. Bugun rostdan shu narsa kuzatiladi - fojia xalq xotirasidan o'chib bormoqda. Ammo bugun yangi davr boshlandi. Qolaversa, BMT komissari Toshkentda turib Andijon haqida gapirdi va millat tarixidagi og'ir bu fojiani gapirmasligi ham mumkin emas edi. Ammo yangi hokimiyat ham shunga tayyormi? Avvalgi hukumat faqat bir tomonlama jazoladi, terrorchilar dedi, qanchasini qamadi, qanchasi qochishga majbur bo'ldi. Yangi hokimiyat bu voqealarni qayta xolis baholay oladimi? Nazarimda, Mirziyoyev bunga tayyor emas, Inoyatov hamon iqtidorda, Almatov qaytmoqda”, - deydi Abutov.

O'zbekiston hukumati Andijon voqealarini xorijdagi ekstremistik guruhlar bilan til biriktirgan “Akromiylar” guruhi sodir etgan deb hisoblaydi. Guruh a'zolari 12-may kuni tunda Andijondagi qamoqxonaga va harbiy bazaga bostirib kirgan. 13-may kuni esa Andijonda o'tgan norozilik namoyishida minglab kishi qatnashgan. Hukumat bu namoyishni ayovsiz ravishda bostirgan, tinch aholi o'qqa tutilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Fikringiz

XS
SM
MD
LG