AQSh 15 yil ichida yangilanuvchi energiyaga to’q mamlakatga aylanishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Kolorado shtatining Boulder shahri metereologlariga ko’ra, Qo’shma Shtatlar zaharli gazlar chiqindisini salkam 80 foizga tushirishga qodir. Buning uchun amaldagi texnologiyalardan kengroq foydalanish kerak. Jarayon, ular nazarida, 15 yildan kamroq vaqt olishi mumkin.

Turbinalar shamoldan quvvat oladi.

Kanzas shtatidan fermer Ted Bannister:

“Shamol esgan kun 3-4 so’m ishlab olsa bo’ladi”.

Amerikaning markaziy shtatlari asosan tekisliklardan iborat va shamol kuchli. Bu yerdagi turbinalar orqali olinadigan quvvatni sharqiy shtatlarga uzatish mumkin. Ammo ta'minot tizimi murakkab.

“Bu avtomobil trassalariday emas. Elektr tarmog’ini taqsimlash qimmat loyiha. Bundan tashqari shtat, federal, okrug hukumatlari va tijoriy shirkatlar hamkorlik qilish o’rniga doim raqobatda”, - deydi Bannister.

Yana bir muammo shuki, Kanzas singari shtatlarda neft yoki ko’mir kabi qazib olinadigan yoqilg’i turlariga ehtiyoj katta, chunki shamoldan olingan quvvat yetmaydi.

Mamlakatda yagona tizim yaratish kerak, deydi metereolog Aleksandr Makdonald.

“Ob-havodan foydalanish kerak. Shamoldan ham, quyoshdan ham ancha quvvat olish mumkin”, - deydi u.

Makdonaldning aytishicha, mamlakat bo’ylab shamol turbinalari va quyosh batareyalari ko’paytirilsa, qazib olinadigan yoqilg’ini ishlatmay butun Amerikaning elektr tokiga ehtiyojini qoplasa bo’ladi.

Yuqori voltli, doimiy tok o’tkazuvchi liniyalardan tarkib topgan umummamlakat tarmoq orqali har yerni elektr quvvati bilan ta’minlasa bo’ladi.

“Elektronlar supertrassasini yaratgan bo’lamiz”, - deydi Aleksandr Makdonald.

Elektron supertrassa yoqilg’ining an’anaviy turlaridan arzonroq bo’lib, 2030-yilgacha atmosfera ifloslanishini 80 foizga kamaytirishga yordam beradi.

“Loyihani amalga oshirishda texnologik muammoga duch kelamiz deb o’ylamayman”, - deydi tahlilchi Sara Ladislo.

Ammo, deydi u, energetika sanoati bunga imkon bermaydi.

Ekspertning aytishicha, odatda odamlar elektr liniyalarining yuqoridan o’tishiga qarshi.

Makdonaldning hamkorlaridan biri boshqa fikrni olg’a suradi.

“Besh gigavattlik katta simni yer ostiga yotqizsa bo’ladi”, - deydi Kristofer Klak.

Uning aytishicha, elektr simlarini temir yo’l bo’ylab yer ostidan o’tkazish yuqoridan olib o’tishga qaraganda qimmatroq, ammo an’anaviy yoqilg’i turlaridan ancha arzonroq bo’ladi. Biroq buning uchun elektron supertrassaning hajmi katta bo’lishi kerak.

"Loyiha arzon bo’lsin desangiz, uni kattaroq qilish kerak. Kichikrog’i qimmatga tushadi”, - deydi u.

Klak va Makdonaldning aytishicha, agar siyosatchilar mamlakat ravnaqini o’ylab birgalikda ish ko’rsa, Amerika 15 yilda yangilanuvchi energiyaga to’q mamlakatga aylanishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG