AQSh hukumati xorijiy lobbichilar ustidan nazoratni kuchaytirmoqchi

  • Amerika Ovozi

Tramp saylov kampaniyasining sobiq raisi Pol Manafort

Tramp saylov kampaniyasining sobiq raisi Pol Manafort

AQSh Adliya vazirligi chet davlatlar manfaatini targ'ib qilayotgan shaxslar va guruhlardan, lobbichilardan, ko'proq ma'lumot talab qilish niyatida. Buning uchun Kongressdan ruxsat kerak.

Mavjud qonunlar atrofidagi tushunmovchiliklar oqibatida AQShda lobbichilar kech ro'yxatdan o'tgan va ma'lumotni yangilamagan, deyiladi shu hafta Adliya vazirligi bosh inspektori tomonidan chiqarilgan hisobotda.

Bu tekshiruvga prezidentlikka respublikachi nomzod Donald Tramp kampaniyasini yaqingacha boshqarib kelgan Pol Manafort ishi sabab bo'ldi.

Manafort va uning lobbichi firmasi Yevropa tadqiqotlar instituti uchun olib borilgan faoliyatni fosh etmagan va bu bilan 1938-yildan buyon amal qilayotgan "Xorijiy agentlarni ro'yxatga olish" haqdagi qonunni buzgan. Manafort ushbu institutni Ukrainadagi rossiyaparast siyosiy partiyaga a'zo shaxs bilan boshqargan.

"Adliya vazirligi ma'lumotni oshkor etishga shoshilmaydi, aksincha ma'lumotlarning sir saqlanishiga odatlangan va boshqalardan ham informatsiyani talab qilmaydi", - dedi "Public Citizen" nomli lobbichi tashkilotdan Kreyg Holman.

1993-yildan buyon bor-yo'g'i yetti marta bu borada ish qo'zg'atilgan. Ro'yxatdan o'tganlar soni keskin kamaygan. Biroq Vashington chet davlatlarning lobbichilariga to'la.

Masala bilan yaqindan tanish ekspert Jeyson Arnold:

"Lobbichilar qonunni buzmasligi yoki undagi "tuynuk"lardan foydalanmasligini kafolatlash uchun Kongress ro'yxatga olishni talab qilishi va bunday qilmaganlar uchun jazo choralarini aniq belgilashi kerak. Kongressga, shuningdek, Adliya vazirligining qonun amalini kuzatib boradigan bo'lim uchun ko'proq mablag' ajratishi tavsiya qilinadi", - deydi u.

Qonunni buzganlar besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Adliya vazirligini esa inspektorlar sonini ko'paytirish uchun byudjet yetarli emasligini bildirdi.

Holman ham masalaga Kongress aralashmasa bo'lmaydi, degan fikrda.

Adliya vazirligi o'z nazorat tizimini kuchaytirish uchun mablag' ham so'rashi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG