"O'zbekiston hukumati Muhammad Bekjonni ozod qilsin"

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston hukumati 12-iyun, juma kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Munni kutib olishga hozirlik ko'rar ekan, "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti va Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi rasmiylarni qamoqdagi jurnalist Muhammad Bekjonni zudlik bilan qo'yib yuborishga chaqirdi.

Bekjon qamoqda eng uzoq vaqt qolayotgan jurnalistlardan. 2013-yilda "Chegara bilmas muxbirlar" tomonidan mukofotlangan Bekjon "Erk" partiyasining gazetasi muharriri bo'lib ishlagan. Bugun 60 yoshini qarshilagan jurnalist 16 yildan beri turmada.

1999-yilda Toshkentdagi portlashlar ketidan ushlanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. 2012-yilda u qamoqxona qoidalarini buzganlikda ayblanib, jazo muddati yana salkam besh yilga uzaytirilgan.

"Erk" nashrida ishlagan yana bir jurnlist Yusuf Ro'zimurodov ham Bekjon bilan bir paytda hibsga olingan. U hanuz panjara ortida.

Bekjon ushlanganidan beri qayta-qayta qiynoqqa solingan; hushidan ketgunicha do'pposlangan. Qamoqda davolanish imkonidan mahrum qilingan jurnalist qulog'i ancha og'irlashgan, sil kasalining og'ir shakli bilan og'rigan, biroq davolanmagan.

Bugun kamida yana sakkiz nafar jurnalist O'zbekiston qamoqxonalarida qolayapti. Hukumat tanqidchilari, inson huquqlari himoyachilari, faollar, diniy ekstremizmda ayblangan minglab odamlar hisbda.

"Chegara bilmas muxbirlar" va Markaziy Osiyo inson huquqlari uyushmasi BMTning qiynoqlar bo'yicha maxsus vakiliga va BMTning so'z va fikr erkinligi bo'yicha maxsus vakiliga maktub yo'llab ana shu mavzularni ko'targan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG