Internet ommalashar ekan, senzura ham kuchaymoqda

  • Amerika Ovozi

Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, so’nggi bir yil ichida internet ustidan nazorat dunyoning ko’plab mamlakatlarida, shu jumladan O’zbekistonda ham ancha kuchaygan.

Bugun dunyo ahlining uchdan bir qismi, ya’ni 2 milliarddan ziyod odam internetda. Ammo ko’pchilik to’siqlarga duch keladi.

Delfin Xalgand “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Vashingtondagi direktori.

“2011-yil internetdan foydalanuvchilarga nisbatan zo’ravonlik hollari eng ko’p bo’lgan yil sifatida yodimizda qoladi. Besh kishi global tarmoqda ma’lumot tarqatgani uchun o’ldirildi, yana 200 odam hibsga olindi. Bu 2010-yil bilan taqqoslaganda 30 foizga ko’p”.

Delfin Xalgandga ko’ra, 120 odam hozir qamoqda. Internetdagi faoliyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan.

“Chegara bilmas muxbirlar” o’z hisobotida 12 mamlakatni “internet dushmanlari” sifatida e’tirof etadi. Bahrayn, Belarus, Birma, Xitoy, Kuba, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Suriya, O’zbekiston, Turkmaniston va Vyetnam.

“Bu mamlakatlar internetga filtr qo’yadi, kirish-chiqishni nazorat qiladi, ulanish yo’llarini to’sadi. Tarmoqni yaqindan kuzatib, erkin fikr bildirgan odamlarni hibsga olish uchun foydalanadi”, - deydi Xalgand.

“Chegara bilmas muxbirlar” tuzgan “xavotirga molik davlatlar” ro’yxatidan ayrim demokratik jamiyatlar ham o’rin olgan.

Masalan, Avstraliya hukumati internet-provayderlarni yosh bolalar pornografiyasi va jinsiy tajovuzga oid saytlarni to’sishga majburlagan. Tashkilot nazarida buni amalga oshirish uchun aniq qoida va mezonlar ichlab chiqilishi zarur.

"Google" kompaniyasining Hindistondagi vakolaxonasi rasmiylar so'rovlariga javob berishga majbur

"Google" kompaniyasining Hindistondagi vakolaxonasi rasmiylar so'rovlariga javob berishga majbur

Ro’yxatda Hindiston ham bor.

“Kuzatuvlarimizga ko’ra, Hindiston hukumati so’nggi payt internet ustidan nazoratni kuchaytirgan, texnik xizmat ko’rsatadigan provayderlarga bosim o’tkazadi. Lekin rasmiylar senzura borligini qat’iyan rad etishadi”, - deydi Delfin Xalgand.

Internetda qidiruv tizimi bilan mashhur “Google” kompaniyasi ma’lumotiga ko’ra, 2010-yilning ikkinchi yarmida Hindiston hukumati 67 marta murojaat qilib, 282 ta materialni olib tashlashni so’ragan. Bular asosan “YouTube” saytida rasmiylarni tanqid qiluvchi video lavhalar.

“Google” bu so’rovlarning 80 foizini qondirishdan bosh tortgan, chunki video lavhalar na kompaniya talablari, na Hindiston qonunlariga zid.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton kibermakon hamma uchun erkin va ochiq bo’lishi kerak, deydi.

“Internet kundalik hayotning ajralmas qismiga aylanayotgan bir paytda, inson huquqlari bu jabhada ham hurmat qilinishini ta’minlash lozim”.

Kelasi 20 yilda internetdan foydalanuvchilar soni ikki baravar ko’payadi, deydi Klinton. Shulardan bir milliardini avtoritar mamlakatlar fuqarolari tashkil etadi.

Internet ommalashar ekan, senzura ham kuchaymoqda
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG