"Chegara bilmas muxbirlar": O'zbekistonda so'z erkinligi ayanchli ahvolda


"Chegara bilmas muxbirlar" tashkilotining yangi hisobotiga ko'ra, O'zbekistonda so'z erkinligi ko'rsatkichi hanuz quyi darajada. Tashkilotning yillik hisobotida 180 davlatga baho beriladi. Mintaqadagi eng yomon vaziyat 178-o'rinni egallagan Turkmanistonda, O'zbekiston 166-o'rinda.

Tashkilot umuman dunyoda bu borada vaziyat nihoyatda og'irlashganini qayd etadi.​ Ko'plab davlatlarda jurnalistlardan hayiqish hissi, paranoya kuchaygan va ularni siquvga olish holatlari oshgan. Xususiy matbuotda esa jurnalistlar korporatsiyalar manfaatlari ostida qiynalmoqda.

"Chegara bilmas muxbirlar" qayd etishicha, O'zbekiston - so'z erkinligi keskin cheklangan, mustaqil jurnalistlar kasbiy faoliyati uchun qamoqqa tashlanadigan jamiyat.

Islom Karimov 1989-yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan mamlakatda so'z erkinligi yo'q, mustaqil matbuot, internet ustidan nazorat keskin. So'nggi paytda kam sonli mustaqil jurnalistlarga nisbatan ta'qiblar yanada kuchaygan.

O'zbekiston o'tgan yili ham bu tashkilot tahlilida 166-o'ringa qo'yilgan edi, bu yil ham xuddi shunday baholangan. Bu esa vaziyat o'zgarmayotganidan dalolat.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan o'zbek jurnalisti Qudrat Bobojon:

“Kuzatib kelayapmiz, so'z erkinligi, inson huquqlari bo'yicha biror ijobiy o'zgarish alomatlari sezilmadi. Aksincha, tazyiqlarga asoslangan tendensiya davom etdi. Jurnalistlar yana mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo'lishdi. Men uchta misol keltirmoqchiman. Bular mamlakatni yaqinda tark etgan Dmitriy Tixonov, paxta monitoringi bilan shug'ullangan faolning uyi yoqib yuborilgan. O'ktam Pardayev qamoqqa olinishi va xalqaro tashkilotlar harakati bilan yana qo'yib yuborilishi. Jurnalist Malohat Eshonqulovaga nisbatan bosimlarning davom etgani, unga tegishli mulkning, kompyuterlari musodara qilingani. Bular tazyiqlarning davom etayotganini ko'rsatadi”.

"Cheraga bilmas muxbirlar" O'zbekistonda kasbiy faoliyati uchun eng uzoq muddat qamoqda qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjonning taqdiriga diqqat qaratadi. 17 yildirki hibsda qolayotgan, muxolifatdagi “Erk” gazetasi muharriri bo'lib ishlagan jurnalist 2013-yil "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti mukofotiga sazovor bo'lgan edi.

Hozirgacha xalqaro huquq tashkilotlari, jumladan, "Chegara bilmas muxbirlar", Bekjonni qamoqdan ozod etishga qaratilgan bir necha aksiyalar o'tkazdi, bayonotlar tarqatdi, uning ozodligi uchun dunyo bo'ylab imzolar to'pladi, ammo natijadan darak yo'q.

Avvallari mamlakatda so'z erkinligi bo'g'ilishi, matbuot nazorati va senzura mavjudligini rad etib kelgan o'zbek rasmiylari so'nggi yillardan bu kabi tanqidlarni mutlaqo e'tiborsiz qoldirishni an'anaga aylantirdi.

Matbuot mustaqil kuch yoki to'rtinchi hokimiyat emas, hukumatning targ'ibot va tashviqot quroli.

So'nggi paytda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar ommalashishi ortidan bu targ'ibot usullari ham, nazorat qamrovi ham ancha kuchaytirilgan.

“O'zbek matbuotidagi tendensiya odamlarning miyasini yuvishga, yo'q joydan dushman topishga, qidirishga qaratilgan. Gazetalar hadeb bir narsa haqida yozaversa, odamlar ham shuni takrorlaydigan bo'lib qoladi. Bugungi mavjud texnologiyalar asosida esa butun bir xalqni zombi qilish mumkin. O'zbek rejimi buning uchun pulni ayayotgani yo'q, sotib olayapti. Bugun so'z erkinligi, demokratiya institutlari mamlakatda mulaqo tanazzulga uchradi. G'arb davlatlari ham o'z geosiyosiy maqsadlari uchun bu narsadan ko'z yumishmoqda”, - deydi Qudrat Bobojon.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG