Rik Perri, Mitt Romni - prezidentlikka da'vogar respublikachilar orasida oldinda

  • Amerika Ovozi

Florida shtatining Tampa shahrida o'tgan so'nggi debatda Mitt Romni va Rik Perri ishsizlikka qarshi kurash va iqtisodni ko'tarishda qanday tajribaga ega ekani haqida bahslashdi

Florida shtatining Tampa shahrida o'tgan so'nggi debatda Mitt Romni va Rik Perri ishsizlikka qarshi kurash va iqtisodni ko'tarishda qanday tajribaga ega ekani haqida bahslashdi

AQShda kelasi yil prezident saylovlari ekan, respublikachi da’vogarlar kecha Florida shtatida bahslashdi. Iqtisodiyotni tiklash, ishsizlikka qarshi kurash va sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish haqida gap ketdi.

Reytinglarda Texas gubernatori Rik Perri va Massachussets shtati sobiq rahbari Mitt Romni oldinda ketmoqda.

Rik Perri va Mitt Romni prezidentlikni demokrat Barak Obamadan tortib olishga tayyor ekanini aytib, saylovchilar ko’nglini ovlamoqda.

Bugun odamlarning fikri-xayoli iqtisodda ekan, da’vogarlar ham diqqatni aynan shu sohaga qaratmoqda. Perri ham, Romni ham yangi ish joylarini yaratish borasida katta tajribaga ega ekanini aytadi.

2000-yildan buyon Texasni boshqarayotgan Perri xalqni ish bilan ta’minlash asosiy vazifa bo’lishi kerak deydi.

"O’tgan 10 yil ichida biz amalga oshirgan ishlarga nazar tashlasak, faqat Texas shtatining o’zida bir milliondan ziyod ish joyi ochildi. Lekin bu davr ichida Amerika bo’ylab 2,5 million odam ishini yo’qotdi",- deydi Perri.

Saylov kelasi yilning 6-noyabrida. Ungacha har bir partiya o'ziga yagona nomzod tanlashi kerak.

Saylov kelasi yilning 6-noyabrida. Ungacha har bir partiya o'ziga yagona nomzod tanlashi kerak.

To’rt yil Massachusetts shtatiga gubernatorlik qilgan Romni nafaqat yangi ish joylari yaratgani, balki Amerika iqtisodiyotini tebratadigan xususiy sektorda, biznes sohasida ham ishlaganini qayd etadi.

"Yangi biznes boshlash, sarmoya va moliyaviy yordam bobida qancha malakam borligi hammaga oydek ravshan. Bugun bizga mana shunday salohiyat, bilim va tajribaga ega rahbar kerak”,- deydi Romni.

CNN telekompanyasi o’tkazgan ommaviy so’rovlarga ko’ra, respublikachilar va mustaqil saylovchilarning qariyb 30 foizi Perri, 18 foizi esa Romni tomonda.

Siyosatshunos Norman Ornshteyn fikricha Perri partiyadoshlariga ko’p jihatdan ma’qul. Chunki u hozir Romniga qaraganda konservativroq, siyosiy qarashlari amaldagi prezidentnikidan va umuman Demokratik Partiyanikidan tamoman boshqacha. Aynan shunday arbob hozir Obamani yenga olishi mumkin, deydi ko'plab amerikaliklar.

Prezidentlik saylovi 2012-yilning 6-noyabrida o’tadi. Ungacha partiyalar da’vogarlarni saralab, yagona nomzod tanlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG