Saylov-2016: Respublikachi da'vogarlar teledebatga tayyorlanmoqda

  • Amerika Ovozi

Republikachilar partiyasidan prezidentlikka 10 da'vogar teledebatda bellashadi

Republikachilar partiyasidan prezidentlikka 10 da'vogar teledebatda bellashadi

2016-yilgi prezident saylovlarida oliy lavozimga nomzodimni qo'yaman degan 17 respublikachidan 10 nafari payshanba kuni teledebatda qatnashadi.

Milliarder Donald Tramp sahnada markaziy o’rinni egallashi kutilmoqda. O’zining keskin bayonotlari hamda raqiblariga nisbatan achchiq so’zlari bilan u ko’plarga ma’qul keldi. So’rovlarga ko’ra, Tramp 19 foiz ovoz bilan reytingning birinchi o'rinida turibdi. Undan so’ng Viskonsin gubernatori Skott Uoker – 15 foiz, va Floridaning sobiq gubernatori Jeb Bush – 14 foiz.

Trampdan tashqari da’vogarlarning aksari dushanba kuni Nyu-Hempshirda uyushtirilgan forumda qatnashdi. Ular asosiy e’tiborni noqonuniy muhojirlar va tashqi siyosatga qaratdi. Texas shtatining sobiq gubernatori Rik Perri noqonuniy immigrantlar oqimiga qarshi chiqish vaqti keldi, deb aytdi. Tramp reytingi ko’tarila boshlaganidan beri Perri so’rovlarda ko’p ovoz ololmay keladi.

Trampga hujum qilish kerakmi yoki befarq bo’lishmi?

Klivlend shahrida kechadigan debat chog’ida da’vogarlar ilk bor katta sahnada bellashadi va bu butun mamlakatga televideniye orqali namoyish qilinadi.

Ko’plar teledebatni Trampning keskin bayonotlar uslubini tomosha qilish uchun ko’rishi mumkin. U shu kungacha ayrim raqiblarini “axmoq”, “esipast” va “miyasi yetishmaydi”, qabilida so’zlar bilan ta’rifladi. Raqiblar endi uni tanqid qiladimi yoki e’tibor bermaydimi, degan savol ko’plarni qiziqtirmoqda.

Tramp obro’sini uning achchiq, ammo ko’plarga ma’qul kelgan so’zlari bilan tushuntirsa bo’ladi.

“Biz bu mamlakatni yana ulug’ davlatga aylantiramiz”, - deydi milliarderning o'zi.

U ayniqsa boshqalardan hafsalasi pir bo’lgan respublikachilarga ma’qul kelmoqda.

“Vashingtondan norozilik juda kuchli. Odamlar shtat gubernatorlari yoki mahalliy hokimiyatdan rozi, ammo Vashingtondan g’azabda”, - deydi Amerika tadbirkorlik institutida ommaviy fikrni o’rganadigan tahlilchi Karlin Bauman.

Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bush Trampning noqonuniy immigrantlar hamda safdoshlariga qilayotgangan hujumlarini qoralab chiqdi. “Faqatgina o’z g’oyasiga odamlarni ergashtirib g’alaba qozonish mumkin, o’zidan bezdirib emas. Saylovoldi kampaniyasini odamlarni chekkalab qo’yib olib borib bo’lmaydi”, - deydi Bush.

Debatlar katta ahamiyatga ega

“Fox News” telekanali homiyligida o’tkaziladigan teledebatda 17 nomzoddan 10 nafari qatnashadi. Payshanba kuni Klivlendda sahnaga chiqa olmaydiganlar orasida Luiziana shtatining sobiq gubernatori Bobbi Jindal, tadbirkor ayol Karli Fiorina va sobiq senator Rik Santorum bor. Santorum 2012-yilgi respublikachilar poygasida Mitt Romnidan keyin ikkinchi o’rinni egallagan edi.

Bundan so’ng yana to’qqizta debat bo’lib o’tadi. “Da’vogarlarning hammasi o’zini ko’rsatish imkoniga ega bo’ladi, - deydi tahlilchi Jon Fortyer, - lekin har bir debatda o’zini zo’r ko’rsata olgan va obro’ qozongan arbob partiyadoshlaridan ancha o’zib ketishi mumkin”.

Bayden poygaga qo’shiladimi?

Demokartlar partiyasidan asosiy nomzod Hillari Klinton ekani ayon. Poygaga Vermontdan senator Berni Sanders qo’shildi va o’zining boy va kambag’allar orasidagi tengsizlik haqdagi bayonotlari bilan xalq orasida obro’ qozonmoqda. So’nggi haftalarda Klinton reytingi pasaygan. Bunga odamlarning unga uncha ishonmasligi sabab, deydi mutaxassislar.

Vitse-prezident Jo Bayden poygaga qo’shilishi mumkin. O’g’li Bo Bayden o’limidan keyin arbob ommaviy yig’inlarda qatnashmayapti. Biroq “Nyu-York Tayms" gazetasi yoritishicha, Bo o’limidan oldin otasidan Oq uy uchun yana bir bor harakat qilishni iltimos qilgan.

Klintonga oid xavotirlar

Klinton obro’si pasayishda davom etsa demokratlar partiyasi bor umidini Bayden bilan bog’laydi, deganlarga vitse-prezidenting poygaga qo’shilishi haqidagi xabarlar ma’qul kelmoqda. Hillari Klinton o'z partiyadoshlari orasida hamon birinchi – 37 foiz ovozga ega. So’ralganlarning 48 foizi esa unga qarshi.

Bayden 72 yoshda. U 1988 va 2008-yilda bosh lavozimga da’vo qilgan va yutqazgan. 2008-yilda uni Barak Obama mag’lubiyatga uchratgan va so’ngra vitse-prezident lavozimini taklif qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG