Prezidentlikka nomzod respublikachilar tashqi siyosatdan bahs qildi

  • Amerika Ovozi

O'ndan republikachi nomzodlar Ben Karson, tadbirkor Donald Tramp, Florida sobiq gubernaotir Jeb Bush, Viskonsin gubernatori Skott Voker, HP sobiq rahbari Karli Fiorina.

O'ndan republikachi nomzodlar Ben Karson, tadbirkor Donald Tramp, Florida sobiq gubernaotir Jeb Bush, Viskonsin gubernatori Skott Voker, HP sobiq rahbari Karli Fiorina.

AQSh prezidentligiga da'vogar respublikachi nomzodlar bahsida tashqi siyosat asosiy mavzu bo'ldi. Nomzodlar Prezident Obama siyosatidagi zaif deb ko'rilgan jihatlarga o'z takliflarini olg'a surdi.

11 nomzod Kaliforniyadagi Ronald Reygan prezident kutubxonasida jamul-jam bo'lib, xususan, Eron yadro dasturi borasida erishilgan bitim, Xitoyning oshib borayotgan qudrati, Rossiyaning xatti-harakatlari va "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurash kabi mavzularda bahslashdi.

Respublikachilar partiyasining keskin qarshiligiga uchragan va hozir Kongressda ko'rilayotgan Eron yadro kelishuvi eng ko'p muhokama qilindi.

Eron

Texasdan senator Ted Kruz bitimni ayovsiz tanqid qilib, prezident bo'lsa, ishga tushgan kuniyoq hujjatni yirtib tashlashini aytdi.

Florida sobiq gubernatori Jeb Bush va Kentuki shtatidan senator Rend Pol nazarida bunday yondashuv o'ta jizzaki. Kelasi prezident Amerika va xalqaro ittifoqchilar erishgan shartnomani darrov bekor qilishi to'g'ri emas, deydi ular.

"Qog'ozni yirtish strategiya emas", - dedi Bush. "O'rniga, Eronning raqibi Isroil bilan aloqani mustahkamlash va bu bilan mintaqada muvozanatni saqlash mumkin". Senator Pol fikricha ham, avval Eron bitimga amal qilish-qilmasligini tekshirish lozim.

"Islomiy davlat"

Rend Pol AQShning Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarini qattiq tanqid qilib keladi va kecha ham shunday bo'ldi. "Har safar Bush yoki Klintonga ovoz bersangiz, Iroqda urush davom etaveradi", - deydi u.

Suriyadagi urush borasida to'xtalar ekan, Pol harbiy aralashuv Amerikani xavfsizroq qilmaydi, deya ta'kidladi. "Assad tomonida ham, isyonchilar tomonida ham jang qilib foyda ko'rmaymiz. Ba'zan fuqarolar urushida jang qilayotgan har ikki taraf ham yovuz bo'ladi va har qanday aralashuv baloni boshlaydi", - deydi senator.

Tadbirkor Donald Tramp "Islomiy davlat" to'dasi va Assadga qarshi shunday taklifni olg'a surdi: Hammasi bir-birininng etini yesin, deydi u.

Tramp chetda

Tashqi siyosatda tajribasi kam Tramp kechagi muhokamada asosan chetda edi.

"Oq uyga saylanganimdan keyin mazkur muammolar bilan yaqindan tanishaman", - dedi Tramp. U safdosh raqiblaridan farqli jahon siyosatida no'noq ekanini tan oldi.

Florida senatori Marko Rubio fursatdan foydalanib, bilimi sayoz Tramp davlatni boshqarishga loyiq emas, dedi.

Fiorina: Rossiya bilan gaplashib o'tirmayman

"Hewell Packard" kompaniyasi sobiq rahbari Karli Fiorina Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan gaplashmoqchi emas.

"Harbiy dengiz salohiyatimizni darhol oshiraman. Polshada raketa mudofaa tizimini barpo etaman. Boltiq davlatlarida muntazam, agressiv harbiy mashqlarni amalga oshiraman. Germaniyaga bir necha ming askar jo'nataman", - deydi Fiorina.

"Shunda Vladimir Putin bizni eshitadi", - deydi u.

Tramp esa avvalroq Putin bilan ko'rishish niyatini bildirgan edi. "Gaplashardik, murosa qila olardik. Bugun Amerika bilan jiqillashayotgan ko'p davlatlar rahbarlari bilan murosaga erisha olardim", - deydi milliarder.

Xitoy

Nomzodlar Xitoyga nisbatan qattiqqo'lroq bo'lish masalasida ham tortishdi.

Reytinglarda orqada ketayotgan Viskonsin gubernatori Skot Voker Obamani Xitoy rahbari Si Zinpinni kelasi hafta Oq uyda qabul qilayotgani uchun urishdi.

"Qo'shma Shtatlarga qarshi keng ko'lamli kiber-xurujlarni amalga oshirgan davlat rahbariga nima uchun ziyofat berasiz? Oq uyda mushakbozlik bilan kutib olishmoqchi uni", - deydi Voker.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG