AQShda hukumatning yopilgani respublikachilar obro'sini tushirdi


AQShda o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklar federal hukumatning qisman yopilganida respublikachilarni ayblamoqda. Aniqrog’i, ularning Kongressdagi eng konservativ arboblari tuzgan Choychilar harakatini.

Choychilar prezident Barak Obamaning sog’liqni saqlash islohotiga qarshi chiqib, byudjetning qabul qilinishiga to’siq qo’yib kelayotgan edi. Biroq respublikachi qonunchilarning barchasi ham choychilar bilan hamfikr emas. Partiya birligi darz ketgan ko’rinadi.

Hukumatning qisman yopilishiga asosiy sababchilardan bo’lgan texaslik senator Ted Kruzni yaqinda Vashingtonda o’tgan konservatorlar yig’inida iliq kutib olishdi.

“Vakillar Palatasi shashtidan qaytmasligi kerak, o’z pozitsiyasida qat’iy turishi kerakzarur- dedi u.

Kruz 2016-yilda bo’ladigan prezident saylovlarida qatnashishi, Senatga Kentukidan saylangan Rend Pol esa unga raqib bo’lishi mumkin. Ammo hozircha ular ittifoqdosh.

“Siyosatchilarni abortga qarshi turishga, nasroniylarga qarshi urushni yoqlamaslikka da’vat eting”, deydi Pol.

Kruz va Pol federal hukumat ishini jonlantirishga qaratilgan bitimga qarshi ovoz bergan. Biroq sobiq respublikachi kongressmen Vin Veberning aytishicha, bu voqea partiya obro’sini to’kdi.

“Obro’ga qattiq putur yetdi. Respublikachilar safidan prezidentlikka loyiq nomzod chiqmaguncha, uni tiklash oson bo’lmaydi”, - deydi sobiq qonunchi.

Mo’tadil respublikachilar konservativ safdoshlarining agressiv taktikasidan charchagan ko’rinadi. Kentukidan Vakillar palatasiga saylangan Xarold Rojers:

“Aqlni joyiga qaytarish kerak. Har birimiz bunga harakat qilishimiz lozim”, - deydi Rojers.

Prezident Obama respublikachilarni hamkorlikka da’vat etmoqda.

“Sizga muayyan siyosat yoki prezident yoqmasa, haq ekaningizni isbotlang. Saylovda g’alaba qozonib, o’zgarishlarni amalga oshiring, ammo buzg’unchilik bilan shug’ullanmang”, deydi Obama.

Respublikachilar faoliyatini kuzatuvchi tahlilchi Skot Folknerning aytishicha, partiya har qachongidan tarqoq.

“Baqir-chaqir ko’p bo’lyapti va eng muhimi, partiyadoshlar bir-birlarini yomonlashga o’tgan”, - deydi tahlilchi.

Sobiq qonunchi Veberning taxmin qilishicha, mo’tadil respublikachilar va choychilar tarafdorlari yaqin oylarda yana to’qnashishi mumkin.

“Natijada har ikki tomon partiyaga g’azabini yanada sochib, tarqoqlikning kuchayishiga sabab bo’ladi. Bundan boshqa iloj yo’q, balki muammo shu orqali hal bo’lar”, - deydi Veber.

Tahlilchi Skot Folknerning aytishicha, respublikachilar saylovchilar oldida o’zini oqlash ustida ham bosh qotirishi zarur.

“Respublikachilar oldida katta muammo turibdi. Saylovchilar ularni aqldan ozgan, tizim doirasida ortiq ishlashni istamaydigan, uni yemirmoqchi bo’lgan odamlar deb o’ylayapti”, - deydi Rojers.

Buning qanchalik haqiqatga yaqinligini kelasi noyabrda bo’ladigan Kongress saylovlari natijalari ko’rsatadi.
XS
SM
MD
LG