Breaking News

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod tanlash jarayoni cho'zilmoqda


AQSh sobiq senatori Rik Santorum seshanba kuni ikki shtatdagi saylovlarda g'alaba qozonib, respublikachi da'vogarlar orasida mavqeini kuchaytirishga muvaffaq bo'ldi. Biroq Alabama and Missisipidagi yutuqlarga qaramay Santorum peshqadam Mitt Romnidan ortda. Bunday vaziyatda Respublikachilar partiyasi qachon yagona nomzod bilan chiqishi noma'lum.

To'rt da'vogardan uch nafari konservatorlikda musobaqalashmoqda.

"Ommaviy axborot vositalari rivojlangan bir davrda oddiy odamlar ularning ta'siriga berilmasdan ovoz berishini tasavvur etish oson emas", - deydi Santorum.

Alabama va Missisipidagi saylovlarda Vakillar Palatasining sobiq spikeri Nyut Gingrich ikkinchi o'rinlarni egallab, ayrim respublikachilar undan poygani tark etib, Santorumni qo'llab-quvvatlashni so'rashi mumkin.

Biroq Gingrich avgust oyida Floridada partiyaning qurultoyigacha saylovdan chiqmasligini tarafdorlariga ma'lum qildi.

"Matbuotning Mitt Romnini nomzodlikka loyiq deb ko'rsatish harakati pand berdi. Bu ikki shtatdagi saylovlar natijalari bunga dalil", - deydi Gingrich.

Chapdan - Rik Santorum, Nyut Gingrich, Mitt Romni va Ron Pol
Chapdan - Rik Santorum, Nyut Gingrich, Mitt Romni va Ron Pol
Romni shu haftaning o'zidayoq maydaroq Gavayi shtati va Amerika Samoasida g'alaba qozonib, Santorumdan ikki karra ko'p delegatlar yig'gan. Shanba kuni Missuri respublikachilari ham saylovga chiqadi. Romni ular bilan uchrashuvi chog'ida partiyadosh raqiblariga hujumdan o'zini tiyib, odatdagidek umumiy raqib, amaldagi prezident Barak Obama siyosatini tanqidga oldi.

"Hozirgi prezidentda yangi g'oyalar qolmadi, bahona qolmadi. Yil oxirigacha uni lavozimidan ayirish zarur va bu sizning vazifangizdir", - dedi Romni tarafdorlariga murojaat qilib.

Tahlilchilar nazarida Romni Obamani mag'lub etishga qodir nomzod ekaniga partiyani hali ishontira olgani yo'q. Ayniqsa janubiy shtatlardagi konservativ diniy va ijtimoiy arboblar bir fikrga kelmagan.

Vashingtonlik tahlilchi Genri Olsenning aytishicha, Romniga bu guruhlarning muhabbati kerak emas, shunchaki qo'llab-quvvatlavorishsa bo'lgani.

Virjiniya universitetida Siyosat markazi direktori Larri Sabatoning taxmin qilishicha, respublikachilar Romnini sinovdan o'tkazayotgan bo'lishi ham mumkin, uning konservativ tamoyillarga sodiqligini tekshirib, lozim bo'lsa, bir oz tarbiyalash uchun.

Umuman olganda Respublikachilar partiyasining yetakchi a'zolari Romniga umid bog'lamoqda va kampaniyaning cho'zilishini istamaydi. Bu partiyani tarqoqlashtirib noyabrda bo'ladigan asosiy saylovlarda prezident Obamaga qarshi zaiflashtirishi mumkin.

Respublikachilardan yagona nomzod bo'lish uchun da'vogar 1144 delegat ovozini olishi zarur. Romnida hozir taxminan 500, Santorumda esa 250 delegat ovozi bor. Gingrich va texaslik kongressmen Ron Pol ancha ortda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG