Respublikachilar Trampni nomzodlikka loyiq ko'rmayapti

  • Amerika Ovozi

AQSh Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp shu kungacha o’nlab shtatlarda g’alaba qozonib, yetakchilikni boy bemayapti. Milliarder tadbirkor nomzod bo’lishga yaqin, ammo yetakchi respublikachilar unga xayrixoh emas.

Yaqinda Arizona shtatidagi g’alabasi bilan Tramp nomzodlik tomon yana bir qadam tashladi.

Iyul oyida respublikachilar qurultoyida partiyadan yagona nomzod e’lon qilinadi. Tramp bu maqomga ega bo’lish uchun yetarli delegat yig’a olishiga ishonadi, lekin ko’pchilik nazarida u prezidentlikka loyiq emas.

“Aql-farosati borlar men boshlagan harakatga ergashsin. Hozirgidek parokanda bo’lib yuraversak, respublikachilar noyabr saylovida yutqazadi”, - deydi biznesmen.

Nomzodlikni qo’lga kiritish uchun 1237 ta delegat ovozini olish zarur. Agar Tramp bu raqamga yeta olmasa, ochiq qurultoy o’tkazilib, kutilmagan natijaga yetaklashi mumkin.

Bu degani, uchinchi bir nomzod tanlanishi ehtimoldan xoli emas. Ba’zilar Vakillar Palatasi spikeri Pol Rayanni tilga oladi.

“Ochiq syezd o’tkazish masalasi avval ham ko’tarilgan edi, bunga tayyor turishimiz kerak. Prezidentlikka da’vogarlar yetarli delegat to’play olmasa, nomzod qurultoyda saylanadi”, - deydi Rayan.

Senator Ted Kruz boshchiligidagi konservatorlar fikricha, Donald Tramp aslida konservatizmdan yiroq. Ular saylovchilarni Trampdan voz kechishga undamoqda.

Bu gaplardan hafsalari pir bo’lib, noyabrda yangi bir nomzod sahnaga chiqsin, deb undayotgan fuqarolar ham bor, deydi sharhlovchi Fred Barns.

“Vashingtonda shundaylar bilan shaxsan gaplashdim, ular Trampga aslo ovoz bermaydi. Ularning rejasi - Trampga qarshi konservativ bir nomzodni olg’a surish. Nazarimda shunday bo’ladi ham”, - deydi u.

Lekin nomzodlikni Trampdan tortib olish partiyani qoq ikkiga bo’ladi, deydi tahlilchi Tom DeFrank.

“Trampga ergashayotgan millionlab saylovchiga buni qanday tushuntirasiz? Nafaqat Obama va Klintondan darg’azab, balki Kongressdagi respublikachilardan charchab ketgan fuqarolarga nima deb javob berasiz?”

Belgiyadagi terror xurujlari ketidan AQSh saylov kampaniyasida tashqi siyosat yana birinchi o’ringa chiqdi.

Poygada ikkinchi va uchinchi o’rinda ketayotgan Ted Kruz va Jon Keysik deydiki, Trampning fe’l-atvori va shaxsiyati oliy qo’mondonlikka to’g’ri kelmaydi. Ular yozgi qurultoygacha kurashni davom ettirmoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG