O'zbekistonlik tadqiqotchi: Irsiy kasalliklarning oldini olish mumkin


O’zbekistonlik mustaqil tadqiqotchi Qadamboy Otaboyev yaqinda irsiy xastaliklar haqida risola chop etdi. Muallifning ta’kidlashicha, tibbiyot sohasi vakillarining olqishiga sazovor bo’lgan bu kitobdan nasldan naslga o’tuvchi genetik kasalliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator foydali maslahatlar o’rin olgan.
Qadamboy Otaboyev tilshunos filolog. O’zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. Bugun esa u tibbiyot sohasida irsiy kasalliklar ustida tadqiqot olib bormoqda.

Filologning o’z mutaxassisligi bo’lmagan bir sohada tadqiqot olib borishga jazm etishining o’z tarixi bor. Qadamboy Otaboyev birinchi guruh nogironi, nasliy xastalik bilan og’riydi. Ayni shu hol uni genetik kasalliklarni o’rganishga undadi.

“Surishtirib bildimki, uch avlod oldin qarindoshlarimizdan biri shunday kasallikka chalingan ekan, - deydi u. - Toshkentdagi shifoxonalarning birida navbatdagi muolajam paytida nasl kasalliklariga chalingan bemorlarning tug‘ilgan yillarida o‘xshashlik borligiga e’tibor berdim. Bu qiziqish meni nasliy kasalliklarning kelib chiqishi, ularning avloddan avlodga o‘tish tartibi haqida bosh qotirishga undadi.”

Qadamboy Otaboyev

Qadamboy Otaboyev

Qadamboy aka bir necha yillar davomida xasta go‘daklarning tug‘ilishini, nasl kasalliklarining davomiyligini hamda ularning tarqalish sabablarini o‘rganib, izlanishlar natijalari, o‘zining bu haqdagi xulosalarini boshqalar bilan ham baham ko’rishni istadi. Shu tariqa uning «Sog‘lom avlod orzusi» nomli kitobi dunyo yuzini ko’rdi.

Tadqiqotchining aytishicha, ushbu qo’lyozma mahalliy va respublika tibbiyot sohasi vakillari tomonidan iliq kutib olingan. Hatto Sog’liqni saqlash vazirligi uning kitob holida chop etilishiga ruxsat berdi, deydi u.

“Risolani shifokorlar yozib bergan fikr-mulohazalar va nasl xastaligiga chalingan bemorlarning qiyosiy jadvallari bilan birga Sog‘liqni saqlash vazirligiga yubordim. Qariyb uch yildan keyin, nihoyat, ushbu qo‘lyozmani ommabop adabiyot sifatida chop etish mumkinligi haqida vazirlikdan yozma javob oldim”, - deydi u.

Qadamboy aka hozir kitobini takomillashtirish ustida ishlayapti. Kitob Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Salomatlik instituti rahbariyati homiyligida hamda Toshkent Tibbiyot akademiyasi rahbariyati yordamida bir guruh fidoiy mutaxassislar bilan birgalikda tamomila qayta ko’rib chiqildi.

Otaboyev mehnati mahsulidan, birinchi navbatda, bemorlar naf topishini istaydi. Shuning uchun u tavsiyalarini, izlanishlari natijalarini oddiy va sodda tilda bayon qilishga urinadi.

“Men kitobimni “YUNISEF” tashkiloti tavsiyasi bilan respublikamizda bir necha marotaba nashr etilgan, bizning hududda bepul tarqatilgan “Hayot uchun dalillar” kitobi kabi soddalashtirishga bel bog‘ladim. Chunki undagi tavsiyalar jamoatchilikka yetib borgandagina ko‘plab kishilarning hayotini saqlab qolish, kelajak avlodning sog‘lom tug‘ilishini ta’minlash mumkin deb o‘ylayman”, - deydi u.

Muallifning ta’kidlashicha, “Sog‘lom avlod orzusi” kitobi ota-onalarga kelgusi avlodni irsiy kasallik, unsur va kamchiliklardan asrash, nafaqat farzand, balki ota-ona sog‘lig‘ini tabiiy holda yaxshilash va ma’lum davrda farzand ko‘rish natijasida yuz beradigan sog‘liqni yo‘qotish holatlarining oldini olish haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etadi.

Qadamboy Otaboyevning "Sog'lom avlod orzusi" kitobi

Qadamboy Otaboyevning "Sog'lom avlod orzusi" kitobi

Kitobdagi ma’lumotlar ilmiy tadqiqotlarga asoslanmagan bo‘lsa-da, ko‘plab meditsina arboblari, shifokorlar va mas’ul xodimlar tomonidan iliq kutib olingan. Shu vaqtgacha birorta jiddiy e’tiroz bildirilmadi, deydi kitob muallifi.

Qadamboy Otaboyev hozir tadqiqotlarini yangi bosqichga ko’tarish, o’z shaxsiy kuzatuvlari asosida jamlangan tibbiy xulosalarini ilmiy tajriba asosida o’rganib chiqish niyatida. Buning uchun shunday tajriba o’tkazish imkoniyatiga ega xorijdagi biror tashkilot yoki muassasa yordamiga muhtojman, deydi u

“O’zbekistonda genetik tadqiqotlarni o’zkazishga mos laboratoriyalar yo’q, -deydi u. - Ammo chet elda shunday sharoitlar bor. Bu masalada menga yordam kerak”.
Otaboyev ayni shu iltimos bilan BMTning “YUNESKO” agentligiga murojaat qilganini, ammo ulardan biror javob bo’lmaganini aytadi.

“YUNESKO” bo’lmaydigan tashkilot ekan. Ularga kitobimni taqdim qildim, lekin ular hatto javob ham berishmaydi”, - deydi tadqiqotchi.

Qadamboy Otaboyev tibbiy izlanishlari ilmiy tasdig’ini topsa, bundan yanada kengroq jamoatchilik manfaatdor bo’lishini aytadi.

“Men bu borada vositachi bo‘la oladigan barchani kelgusi avlodni irsiy kasalliklardan, qarindosh-urug‘ nikohi natijasida yuzaga kelayotgan oqibatlardan va nogironlikdan, irsiy unsur va kamchiliklardan himoyalashdek oliy maqsad yo‘lida birlashishga chaqiraman”, - deydi tadqiqotchi.

Shu masalada Qadamboy Otaboyevga yordam bera oladigan yoki biror tavsiya berishi mumkin bo’lganlar bo’lsa, muallifga qadambek77 @ mail.ru elektron pochtasi orqali bog’lanishlari mumkin. Kitobni xarid qilish istagida bo'lganlar ham yuqoridagi manzilga murojaat qilishlari mumkin.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG