AQSh chakana savdo sektorida ulkan o’zgarishlar

  • Amerika Ovozi

Pensilvaniya shtati

AQShda fevral va mart oylarida chakana savdo yaxshi bo’lmadi – so’nggi ikki yildagi eng salbiy ko’rsatkich. Bunga yoqilg’i narxining tushgani va avtomobil savdosining susaygani sabab qilib ko’rsatilmoqda. Biroq mutaxassislarga ko’ra, texnologik va demografik o’zgarishlar ham sanoatga ta’sir qilmoqda.

2011-yildan beri 10 milliard dollardan ko’p zarar ko’rgan “Sears” do’konlar tarmog’i jar yoqasida turibdi.

“Yolg’iz “Sears” bunday muammo bilan yuzlashayotgani yo’q. “Business Insider” jurnaliga ko’ra, kelasi bir necha oyda salkam 3500 do’kon yopilishi mumkin. Chakana savdo milliy federatsiyasi bosh iqtisodchisi Jek Klaynxensning aytishicha, bu biznes olamidagi tabiiy o’zgarishdir.

“Bank sohasini olaylik. 10-15 yil oldin hozirgidan ikki marta ko’p banklar bo’lar edi. Ba’zilari birlashdi, boshqalarini sotib olishdi, bu bozor iqtisodiyotidagi oddiy bir holatdir”, - deydi mutaxassis.

Internet savdo qilish uslubini o’zgartirdi, planshet va smartfonlar orqali xarid qilish ham osonlashdi, ham kuchaydi. “Amerika Ovozi”ga Skype orqali intervyu bergan biznes maslahatchi Murali Gokki buni shunday tushuntiradi:

“Elektron savdo doirasida smartfonlar orqali savdo qilish ancha tez o’smoqda. Mobil-savdo 2012-yilda ancha sust edi, hozir esa internet savdoning 20 foizini tashkil qiladi”, - deydi u.

Internet orqali savdo qiluvchi do’konlarning bozori chaqqonlashdi. Mutaxassis Sara Spagnoloning aytishicha, elektron savdo umumiy savdoning kichik qismini tashkil qiladi, xolos.

“Do’konlarning yopilishi matbuotda keng yoritilmoqda. Tadqiqotlarimizga ko’ra, chakana savdoning 90 foizi internet orqali emas, haqiqiy do’konlarda amalga oshirilmoqda”, - deydi ekspert.

Biroq, deydi ekspertlar, kelajakda yanada ko’proq magazinlarning yopilishi kutilmoqda, chunki ularning soni haddan ziyod ko’p. Amerika odam boshiga do’kon hajmi bo’yicha dunyoda birinchi o’rinda turadi, ya’ni har bir odamga ikki kvadrat metr savdo maydoni to’g’ri keladi.

Do’konlarning yopilayotgani bilan xaridorlar magazinga kamroq chiqadi deyish noto’g’ri, deydi soha mutaxassislari. Savdo federatsiyasi hisobiga ko’ra, 2017-yilda chakana savdo 4 foizga oshadi. Xaridorlarning sharoiti ham ancha yaxshi, deydi Murali Gokki.

“Xaridorlar uchun eng yaxshi payt hozir. Mahsulot mo’l, pul bor. Zarar ko’rayotganlar, asosan, savdogarlar”, - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG