Breaking News

"Ozodlik" radiosi Rossiyada o'rta to'lqindan tushadi


"Ozodlik" - Pragada asoslangan radio
"Ozodlik" - Pragada asoslangan radio
AQSh Kongressi tomonidan moliyalanadigan "Ozodlik" radiosi rus tilida o'rta to'lqindan tushib, faqat qisqa to'lqin va internet orqali axborot tarqata boshlaydi.

Rossiyadagi yangi qonunlar sabab shu yilning 10-noyabridan e'tiboran shunday o'zgarishlar bo'ladi, deydi "Ozodlik" vitse-prezidentlaridan biri Julia Ragona.

Kreml olg'a surgan va parlament ma'qullagan yangi tartib shundan iboratki, xorijiy shaxslar yoki organlar 48 foizdan ortiq ulushga egalik qiladigan axborot vositalari Rossiyada efirga chiqmaydi.

"Ozodlik" bu o'zgarish oqibatida Moskvadagi byurosi faoliyatini qisqartiradi, bir necha xodim ishidan ayriladi, lekin jabr ko'rganlarga moliyaviy madad ko'rsatiladi.

Radio Amerika Xalqaro Teleradio Kengashi (Broadcasting Board of Governors) tomonidan boshqariladigan axborot vositalaridan biri. "Amerika Ovozi" (Voice of America) ham shular jumlasidan.

Har ikki tashkilot axborot oqimi cheklangan sobiq Sovet davlatlariga soatlab eshittirish va ko'rsatuvlar uzatadi. Internetda ma'lumotlarga boy sahifalarga ega.

Sovet davrida radio eng yaxshi tanilgan vosita bo'lsa, bugun uning o'rnini ko'p hollarda internet va televideniye egallagan.

Mustaqil respublikalarda FM radiolar rivojlandi, lekin ularning "Ozodlik" va "Amerika Ovozi" bilan hamkorligi cheklangan. Rossiya va O'zbekiston singari davlatlarda rahbariyat bunga yo'l qo'ymaydi.

O'rta to'lqinda efirga chiqish uchun mahalliy peredatchiklardan foydalanish lozim. U ham taqiqlanayotgani sabab endilikda chet el radiolari auditoriya yashaydigan hududdan tashqarida joylashgan uzatuv sistemalariga tayanishga majbur.

"Amerika Ovozi" Rus xizmati faqat internetga o'tganiga bir necha yil bo'ldi. Maqolalar, audio va video dasturlar global tarmoqda uzatiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG