Amerika usta diplomat Richard Xolbrukdan ayrildi


Richard Xolbrukning yaqin do’sti, uzoq yillik safdoshi, Davlat kotibasi Xillari Klinton marhumni Amerikaning asl farzandi, o’tkir diplomat, vatan uchun, dunyo tinchligi va ravnaqi uchun jonini berishga tayyor inson deb ataydi. Xillari Klinton 2008 yilda

Richard Xolbrukning yaqin do’sti, uzoq yillik safdoshi, Davlat kotibasi Xillari Klinton marhumni Amerikaning asl farzandi, o’tkir diplomat, vatan uchun, dunyo tinchligi va ravnaqi uchun jonini berishga tayyor inson deb ataydi. Xillari Klinton 2008 yilda

Richard Xolbruk, Amerika tashqi siyosatida o’tgan yarim asrdan beri muhim rol o’ynab kelgan usta diplomat kecha Vashingtonda 69 yoshida hayotdan ko’z yumdi.

Xolbruk AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili edi.

Richard Xolbruk, shubhasiz, xalqaro maydonda o’chmas iz qoldirgan, jahon siyosatida o’ziga xos burilishlar yasagan uddaburon diplomat edi.

Xolbruk o’tgan juma kuni Davlat departamentida majlis paytida hushidan ketgan, tezlikda kasalxonaga olib borilib, yuragi operatsiya qilingan. 20 soatlik amaliyotdan og’ir ahvolda chiqqan. Yakshanba kuni yana operatsiya qilingan.

Jarrohlarning aytishicha, haddan tashqari ko’p qon yo’qotgan Xolbruk uch kun davomida o’lim bilan olishib, uni yenga olmadi.

Richard Xolbruk Bolqon yarimorolidagi urushga yakun yasagan diplomat sifatida tilga olinadi

Richard Xolbruk Bolqon yarimorolidagi urushga yakun yasagan diplomat sifatida tilga olinadi

Xolbrukning yaqin do’sti, uzoq yillik safdoshi, Davlat kotibasi Xillari Klinton marhumni Amerikaning asl farzandi, o’tkir diplomat, vatan uchun, dunyo tinchligi va ravnaqi uchun jonini berishga tayyor inson deb ataydi.

Klinton xonim juma kunidan beri Xolbrukning oldidan jilmagan. Uning oilasi bilan yonma-yon turib, aza tutmoqda.

Xillari Klinton 2008 yilda prezidentlik uchun kurashganida Xolbruk uning yaqin maslahatchisi bo’lgan va agar Klinton rahbarlikka saylanganida Davlat kotibi lavozimiga tayinlanishi mumkin edi.

Barak Obama ham uni bosh diplomatlikka ko’zlagan, ammo Xillari Klinton bu o’ringa ma’qul topilgach, Richard Xolbrukka Afg’oniston va Pokistondek murakkab va muhim davlatlar bilan ishlash vazifasi topshirilgan edi.

Xolbruk Afg'oniston rahbari Karzayni ishonchsiz deb ko'p marta tanqid qilgan. Afg'oniston muammosini harbiy yo'l bilan hal etish mumkin emas, der edi.

Xolbruk Afg'oniston rahbari Karzayni ishonchsiz deb ko'p marta tanqid qilgan. Afg'oniston muammosini harbiy yo'l bilan hal etish mumkin emas, der edi.

Yaqinlarining aytishicha, Xolbruk o’lim to’shagida yotib ham Afg’onistondagi urushni qanday tugatish mumkinligi haqida so’zlagan.

U bilan ikki yildan beri ishlab kelayotgan va ko’p achchiq so’zlar almashgan Afg’oniston rahbari Hamid Karzay va Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy Amerika xalqiga hamdardlik bildirar ekan, Xolbrukni tirishqoq siyosatchi, kuchli muzokarachi, gapning po’stkallasini aytishdan qo’rqmaydigan mard diplomat deya tilga olmoqda.

Xolbruk Karzayni ham, Zardariyni ham ishonchsiz va irodasiz rahbarlar deb bilar edi. Zaif va korrusiyaga botgan tuzumlar tepasida o'tirgan bu shaxslar uzoq muddatni ko'zlamaydi, faqat o'z manfaati va xavfsizligini o'ylaydi, der edi Xolbruk.

Prezident Obama bir yil oldin Afg'onistondagi qo'shinlar sonini 30 mingga oshirishga qaror qilganida, Xolbruk bunga keskin qarshilik bildirgan edi.

"Tolibon va al-Qoidani yengish va uzoq yillik urushni tugatish uchun harbiy qudratimizning o'zi yetmaydi", - der edi u.

Xolbruk Serbiya rahbari Slobodan Meloshevich bilan, Belgrad, 1997

Xolbruk Serbiya rahbari Slobodan Meloshevich bilan, Belgrad, 1997

Uning fikricha muammo zaminida qashshoqlik, yulg'ichlik va nafrat yotar edi. Maxsus vakil sifatida, shu paytgacha nimaga erishilgani haqida hisobot yozayotgan edi.

Prezident Obama Xolbrukning o’limi Qo’shma Shtatlar uchun katta talofat deydi.

"Amerika tashqi siyosatini usiz tasavvur qilish qiyin, Xolbruk o’ziga xos bir daho edi",- deydi prezident.

"Xolbruk jahonda tinchlik va erkinlikni ta’minlash AQSh bo’ynidagi muqaddas burch deya ishongan insonlardan biri edi", deydi Barak Obama.

Maqsadiga yetmaguncha olishadigan, qaysarligi bilan tanilgan Richard Xolbrukni “bulldozer diplomat” deyishar edi. U 1962 yildan beri diplomat edi.

Vyetnam urushini yaqindan kuzatgan, saboq olgan va bu borada bebaho tahlilnomalar yozgan.

Bosniya, 1995

Bosniya, 1995

1990-yillarda Bolqon yarimoroli qonga botib, sobiq Yugoslaviyada etnik qirg’inlar avl olgan paytda Xolburk bu xunrezliklarga chek qo’yish xalqaro hamjamiyat zimmasida deb bong urgan, Slobodan Miloshevich bilan yuzma-yuz muloqotlar olib borib, 1995 yilda serb, bosniyalik va xorvatlarni tinchlik bitimi imzolashga ko’ndirgan va shu tariqa urushga yakun yasagan diplomat. Hujjatga AQShning Ogayo shtati Deyton shahrida qo’l qo’yilgani uchun u tarixga “Deyton kelishuvi” sifatida kirgan.

O’sha davrda Amerikani boshqargan Bill Klinton Xolbrukni 1999 yilda BMTga elchi qilib tayinlagan. Sobiq prezident Xolbrukni “jahon diplomatiyasi yulduzi” deydi.

1993-94 yillarda Xolbruk Germaniyada elchilik qilgan. Uzoq yillar davomida u Osiyoga nisbatan siyosatni ham tebratgan.

Diplomat, Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Kim Sang-Xvan nazarida, xalqaro hamjamiyat ishongan, har bir so’ziga diqqat bilan quloq tutgan amerikaliklardan biri edi.

“Biz chuqur qayg’udamiz. U Janubiy Koreyaning ishongan do’sti edi”, - deydi Kim Sang-Xvan.

Richard Xolbruk rafiqasi, jurnalist Kati Marton bilan

Richard Xolbruk rafiqasi, jurnalist Kati Marton bilan

Xolbruk Yevropa va Shimoliy Amerika bo'yicha Davlat kotibi muovini bo'lib ham ishlagan. Kanada va Yevropa Ittifoqi rahbarlari uning oilasiga ta'ziya izhor etib, uning xizmati bilan ittifoqchilik rishtalari yanada mustahkamlanganini eslatmoqda.

Richard Xolbruk shu yilning 19 fevralida Toshkentda bo’lib, prezident Islom Karimov bilan muloqot qilgan, Afg’oniston bo’yicha hamkorlikni kengaytirish haqida gaplashgan edi. Xolbruk, shuningdek, Qirg’iziston va Tojikistonga ham safar qilgan.

Marhumning rafiqasi Kati Marton G'arbda tanilgan jurnalistlardan. Diplomat to'rt o'g'ilning otasi.

Xolbruk 1941 yilda Nyu-Yorkda tug'ilgan. Fashizm va natsizmdan qochib, Amerikada panoh topgan yahudiy oila farzandi.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG