Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

  • Amerika Ovozi

Urush davriga xos kiyingan va qo’liga qurol ko’targan amerikaliklar o’sha qonli voqealarni sahnalashtirmoqda

Urush davriga xos kiyingan va qo’liga qurol ko’targan amerikaliklar o’sha qonli voqealarni sahnalashtirmoqda

Bundan 150 yil oldin, 1861 yilda Amerikada fuqarolik urushi boshlangan edi.

Mamlakat ikkiga bo’lingan, janubdagi 11 shtat Amerika Shtatlari Konfederatsiyasini tuzib, shimoldan batamom ajralishga qaror qilgan.

To’rt yillik urush federatsiya, o’sha paytdagi prezident Avraam Linkoln boshchiligidagi kuchlar g’alabasi bilan tugaydi. Urush natijasida qullik bekor qilinadi.

Fuqarolik urushi Virjiniya tarixida chuqur iz qoldirgan. Bu urushni hal qilgan besh jangdan uchtasi aynan Virjiniyada bo’lib o’tgan.

Birinchisi poytaxt Vashingtondan 50 kilometr narida joylashgan Manassasda 1861 yil 21 iyul kuni boshlangan.

Yaqinda bu jangning 150 yilligini nishonlash maqsadida Manassasga besh ming odam to’plandi. Urush davriga xos kiyingan va qo’liga qurol ko’targan amerikaliklar o’sha qonli voqealarni sahnalashtirib, ommaga namoyish etdi.

Albatta, bu jang bir o’yin edi, xolos. Ammo bunday tomoshalarga ko’plab amerikaliklar jiddiy qaraydi. Chunki bunday tadbirlar odamlarga tarixdan saboq beradi, bugungi kunni qadrlashga o’rgatadi.

“Virjiniya shtati o’ziga xos tarixga ega. Shu bois bu o’tmish haqidagi hikoyalar odamlarga juda qiziq. Uni o’rganish va bu zamin nimaga guvoh bo’lganini bilishimiz kerak”, - deydi Robert Braun.

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

Uning ajdodlari konfederatsiya uchun jang qilgan ekan.

“Urushda ular siyosiy erkinlik va mustaqillik uchun hamda hukumatga qarshi kurashgan. Ular federal davlatdan chiqishga intilgan”.

Janubliklar Virjiniya poytaxti Richmondda yangi hukumat tuzgan. Bu ko’rkam shahar aholisi soni bugungi kunda 200 mingga teng.

Konfederatsiya prezidenti Jefferson Devisning uyi ta’mirlangan, bugun muzey. Richmondning bosh ko’chalarida Devis va boshqa qahramonlar haykallarini ko’rish mumkin.

Urushdan 25 yil o’tib ochilgan bu dargoh odamlar bilan gavjum. Muzey rahbari Veyt Rouls Konfederatsiya muzeyida tarix faqat janubliklar emas, balki har ikkala taraf nuqtai nazaridan taqdim etilganini aytadi.

Albatta, hozirgi eksponatlar muzey endi ochilgan vaqtidagidan farq qiladi. Ilgari ko’proq urush va janglar haqida hikoya qilingan bo’lsa, bugun muzeyga kelgan kishi boshqa savollarga ham javob topadi.

“Urush paytida oq tanli erkaklarning 95 foizi jang qilgan. Xo’sh, ular jang maydonida bo’lganida, mamlakatni kim boqqan? Iqtisodiyot qanday ahvolda bo’lgan? Mas’uliyat qora tanli qullar va erkinlikka erishganlar zimmasiga tushgan”, - deydi Veyt Rouls.

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

Richmond Universiteti rahbari, tarixchi Edvard Eyers fikricha, fuqarolik urushining eng muhim natijasi qullikning bekor qilinishidir. Bu butun jahon tarixini o’zgartirib yubordi, deydi olim.

“Janub yangi davlat, konfederatsiyaga asos solgani va bu bilan qullikni saqlab qolmoqchi bo’lganiga shubha yo’q. Oxir-oqibat Qo’shma Shtatlar birlashdi va jahon tarixi tubdan o’zgardi”, - deydi Eyers.

Fuqarolik urushidan oldin Richmond mamlakatdagi eng yirik savdo markazi bo’lgan. Bu yerda qullar sotilgan. Daryo bo’ylab qullarga to’la kema va qayiqlar yurgan. Qora tanli erkak, ayol va bolalar savdosi yo’lga qo’yilgan.

Ba’zilar qamoqqa tashlangan, vafot etganlar shu yerda dafn etilgan. O’sha joylarning bari shu yil aprel oyida alohida belgilab chiqildi. Endi shahar tarixini o’rganish osonlashdi.

Richmondda hamma ham shahar tarixini yaxshi bilmaydi. Buni ochiq tan olgankardan biri – shtat delegati Delores MakKuinn.

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

Amerikani Amerika qilgan fuqarolik urushi

“To’g’risini aytsam, men Richmondda bunday hodisalar ro’y berganini bilib hayratga tushdim. Biz bu boy tarixdan umuman bexabar edik”, - deydi u.

MakKuinn fikricha, ayniqsa qora tanlilar uchun bu tarix nihoyatda muhim.

Afro-amerikaliklar hozirda shahar aholisining 50 foizini tashkil etadi. Ular o’tmishni izchil o’rganishi, avlodlar boshdan kechirgan qiyinchiliklar, chekkan azob-uqubatni anglab yetishi lozim.

2007 yilda Richmondda qullikka bag’ishlab “Totuvlik” haykali ochildi. Richmond Universiteti rektori Edvard Eyers deydiki:

“Kurashning insoniy jihatini inobatga olish, ya’ni ayol va erkaklar, qora va oq tanlilarning urushdagi rolini bir xil tan olishimizga ancha vaqt ketdi. Ammo bunga erishdik”.

Fuqarolik urushini yoddan chiqarishga haqqimiz yo’q, deydi tarixchi, u Amerikaning bugunini belgilagan voqea.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG