“Qiynoqlarni bas qiling”

  • Amerika Ovozi

BMT va inson huquqlari himoyachilari davlatlardan qiynoqlarni qo’llamaslikni talab qilayapti. Xalqaro qonunlar bu amaliyotni qat’iyan taqiqlaydi.

26-iyunda jahon hamjamiyati Qiynoq qurbonlarini qo’llab-quvvatlash kunini nishonlaydi, vahshiy muomalaga yo’liqqan yuz minglab erkak, ayol va bolalar himoyasiga turadi.

Qiynoqlar yangilik emas. Har xil mintaqalarda bu illat asrlardan beri qo’llab kelinadi. Aynan qancha odam qiynoqqa solinayotganini aniq aytish qiyin, chunki bu razillik yashirincha qilinadi. Maxfiy politsiya mahkamalari, qamoqxonalar, hibsxonalarda amalga oshiriladi.

Xalqaro Amnistiya inson huquqlari tashkiloti oxirgi besh yilda dunyoning har burchagidan, jami 141 davlatdan qiynoqlar haqida xabar topgan. Jenevadan BMTning Inson huquqlari kengashi izohiga ko’ra, Osiyo, Afrika, Amerika, Yevropa va Okeaniyada har kuni qiynoq hollari qayd qilinadi.

Mona Rishmavi BMT Inson huquqlari oliy komissari idorasida ishlaydi. Qonun ustuvorligi, tenglik va diskriminatsiyaga qarshi bo’limni boshqaradi. Uning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, qiynoqlar qo’llangan davlatlarda hukumatlar bu illatni ko’rmaslikka oladi, mazkur qabihlik jazosiz davom etishiga yo’l qo’yadi. Bu asosan repressiv tuzumlarda tomir otgan tubanlik, lekin, deydi Mona Rishvami, demokratik jamiyatlarda ham qiynoqlar bor.

“Farq shundaki, demokratik mamlakatda qiynoq holi ayon bo’lsa, himoya sistemasi ishga tushib ketadi. Parlamentda muhokamalar bo’ladi. Vazirlar sharmanda qilinadi. Kimdir albatta dod-voy ko’taradi. Lekin hukumati xalq oldida javob berishni lozim topmagan, aholini pisang qilmagan davlatda qiynoqlar imi-jimida va katta ko’lamda amalga oshiriladi”, - deydi Rishmavi.

Bir necha xalqaro kelishuvlar, mahalliy qonunlar qiynoq amaliyotini man etadi. Joriy yilda Qiynoqqa qarshi konvensiya qabul qilinganiga 30 yil to’ladi. Bu shartnoma BMT Bosh Assambleyasida 10-dekabrda, Inson huquqlari kunida ma’qullangan.

Konvensiyaga 154 davlat imzo chekkan bo’lsa-da, qiynoqlar bu yurtlarning ko’pida hali ham bot-bot amalga oshiriladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining bildirishicha, 41 mamlakat konvensiyani tasdiqlamagan va ba’zilarida mahbuslarni qiynash, shafqatsiz muomala qilish odatiy hol.

Qiynoq adolatsiz kaltaklashdan tortib ommaviy jinsiy tavojuzlarni o’z ichiga oladi. Ayrim paytlarda mahbus o’z farzandi yoki oila a’zosiga azob berilayotgani shohidi bo’ladi.

Farq shundaki, demokratik mamlakatda qiynoq holi ayon bo’lsa, himoya sistemasi ishga tushib ketadi. Parlamentda muhokamalar bo’ladi. Vazirlar sharmanda qilinadi. Kimdir albatta dod-voy ko’taradi.


Mona Rishvami bular izsiz ketmaydi, deydi. Qiynoqqa uchragan odamlarda ko’pincha og’ir ruhiy jarohatlar qoladi.

“Ularga atayin jabr qilinadi. Atayin mayib qilinadi. Biror odamni xo’rlagan, inson qadr-qimmatini toptagan zahotingiz, ular avvalgi holiga qaytishi juda-juda mushkul. O’sha qiynoqlar, xo’rlik odamning xotirasida abadiy qoladi”, - deydi Rishmavi.

Vahshiyona munosabatga qaramay, bu dardga malham topishning yo’li bor. BMTning Qiynoqlar qurboni uchun fondi muhtojlarni insonparvarlik yordami, dori, ruhiy, huquqiy, moliyaviy madad bilan ta’minlaydi. Jamg’arma qiynoq jabrdiydalarini qo’llab-quvvatlovchi nodavlat tashkilotlarga ko’mak beradi.

Xalqaro qonunlarga ko’ra, davlatlar qiynoqqa duchor bo’lgan insonlarga to’liq kompensatsiya uzatishi shart. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hukumatlarni bu hujjatga amal qilishga undamoqda.

Hukumatlar qilmishi uchun javob berishi kerak; odamlarni qiynoqqa solgan shaxslar jazosini oladi, deya ogohlantiradi BMT. Qiynoqni boshidan kechirgan inson adolatga haqli, bu qabih illatni sodir etganlar esa jazolanishi darkor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG