Faollar Selma shahridan Vashingtongacha piyoda keladi

  • Amerika Ovozi

Amerikada fuqaro huquqlari faollari Alabama shtatining Selma shahridan poytaxt Vashingtongacha 1385 kilometr masofani piyoda bosib o’tmoqchi.

Tarixiy Edmund Pettus ko’prigidan boshlangan “40 kecha va 40 kunduz” deb nomlanuvchi marsh 15-sentabrda Vashingtonda tugashi kutilyapti.

“Amerikaning adolat yurishi” deb ham ta'riflanayotgan hodisa munosabati bilan ruhoniy Tereza Dier “Montgomery Advertiser” nashriga intervyu berib, biz Injilda tilga olingan voqealarga mos yurish qilyapmiz, degan.

200 dan ortiq ko’ngilli marshda ishtirok etmoqda. Ular bosib o’tadigan yo'l 1965-yil huquq faollari yurgan yo’ldan 16 marta kattaroq bo’ladi.

Bu marsh Ovoz berish haqidagi qonunning 50-yilligi munosabati bilan tashkil etilgan.

Faollarning aytishicha, 2013-yilgi Oliy sud qarori ayrim shtatlarga bu qonunning bir necha bandlarini o’zgartirish huquqini bergan va qonunni xavf ostida qoldirgan.

Selmadan Montgomerigacha Martin Lyuter King yetakchilidiga o’tgan tarixiy marsh Kongress tomonidan irqidan qat’i nazar barchaga saylash huquqini beruvchi qonunning qabul qilinishiga turtki bergan edi.

Yangi tadbir tashkilotchilari ham politsiya zo’ravonligi kuchaygan bir paytda bunday muammolarga uzoq muddatli yechim topish kerak, degan fikrda.

Mart oyida Prezident Barak Obama Selma shahriga tashrif buyurib, tarixiy marshda qatnashgan fuqarolik huquqlari faollarini qahramon deya atagan, ammo rasizmga qarshi kurash hali tugagani yo’q, deb aytgan edi. U ayrim shtatlarda fuqarolarning ovoz berish huquqlari cheklanayotganini ham qoralagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG