"Islomiy davlat" muvaffaqiyatining siri nimada?

  • Amerika Ovozi

“Islomiy davlat” guruhi kutilmaganda qudratga keldi. Bu to’da shu yoz Iroq va qo’shni Suriyaning katta hududlarini bosib olganida, hatto AQSh shoshib qoldi. Lekin ko’plab tahlilchilar fikricha, Iroqdagi “Al-Qoida”dan ajrab chiqqan bu guruh uzoq yillar tayyorgarlikdan o’tgan.

AQSh 2011-yil Iroqni tark etishidan avval ham “Islomiy davlat” mamlakatdagi notinchlikdan foydalanib turli portlash va qotilliklarni amalga oshirib kelayotgan edi. Guruh oshkor etgan raqamlarga ko’ra, Suriyada 50 ming, Iroqda esa 30 ming jangari bor. O’tgan oyning o’zida ular safiga yana 6000 ko’ngilli qo’shilgani aytiladi.

“Islomiy davlat” qo’l uradigan vahshiyliklardan hatto “Al-Qoida” ham tashvishga tushgan. Suriyadagi fuqarolar urushi hamda Iroqdagi beqarorlik jangarilar uchun qurol-yarog’ yig’ishda hamda o’z safiga ko’ngillilar olishda qo’l kelmoqda, deydi xavfsizlik va razvedka strategiyasi bo’yicha mutaxassis Deyvid Kilkallen.

“Guruh harbiy jihatdan “Al-Qoida”ga qaraganda kuchliroq, boyroq va ko’proq hududni va muhim infratuzilmalarni nazorat qiladi. “Al-Qoida”dan ko’ra, ular solayotgan tahdid ko’lami kattaroq. Odam o’g’irlash va pul talab qilish orqali millionlab dollar mablag’ yig’ishgan. Ular nazoratida hozir 500 milliard dollarlik resurslar bor”, - deydi kuzatuvchi.

Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” o’zining boshqaruv idoralarini o’rnatmoqda. Xuddi Livan ichida mustaqil davlat sifatida faoliyat yurituvchi “Hizbulloh” guruhi singari, deydi Vashingtondagi Atlantika kengashi markazi tahlilchisi Jorj Benitez.

“Ularni hozir Iroq va Suriyadagi o’zlari egallab olgan shaharlarda davlat vazifasini bajarayotganini ko’ryapmiz. Guruh hozir odamlarning xayrixohligini qozonishga urinmoqda”, - deydi u.

“Soliq yig’ishyapti, novvoyxonalarni yuritishyapti va maktablarni boshqarishyapti. Shuningdek, sud tizimlarini, kasalxona va jamoatchilik ishlarini ham nazorat qiilshyapti”, - deydi Benitez.

Ko’plab ekspertlar xulosasiga ko’ra, guruhning harbiy muvaffaqiyati boshqalarni ham ular safiga qo’shilishga undamoqda. Ammo ayrimlar “Islomiy davlat”ning haqiqiy salohiyatini aniqlab beruvchi jiddiy janglar hali bo’lmaganini aytadi. Terrorizm bo’yicha mutaxassis Brayan Jenkinsning aytishicha, Iroqning sunniy aholisi jangarilar uchun oson o’lja bo’ldi.

“Jangarilar guruhi harbiy jihatdan qudratli va Iroq armiyasini osonlikcha mag’lub etdi, deb bo’lmaydi. Shunchaki, Iroq harbiylarining tarqoqligidan foydalanib, ular qoldirgan bo’shliqni egallab oldi”, - deydi u.

“Yangilik shuki, ular mag’lubiyatga uchradi va Mosul to’g’oni ustidan nazoratni boy berdi. Bu ularning birinchi jiddiy chekinishi. Endi odamlar ularning yutqazayotganini anglab yetsa, ularga bo’layotgan qo’llab-quvvatlov ham yo’qolib boradi”, - deydi Atlantika kengashi tahlilchisi Jorj Benitez.

Brayan Jenkinsga ko’ra, Yaqin Sharqda hozir vaziyat butkul o’zgargan. Iroq va Suriyaning yashab qolishi xavf ostida turibdi.

“Suriya hozir hukumat va boshqa bir qator guruhlar o’rtasida bo’linib ketdi. Bu holat davom etadi. Iroq esa amalda sunniy, shia va kurd hududlariga ajralgan”, - deydi Jenkins.

Ko’plab tahlilchilar “Islomiy davlat” guruhini 2001–yilning 11-sentabr voqealaridan beri xalqaro jihodchilikda kuzatilgan eng yirik voqelik sifatida izohlamoqda. Bu jangarilar G’arbga qarshi qaratilgan global jihodchi tarmoqlarining yetakchisiga aylandi, deydi kuzatuvchilar. Sharqiy Osiyodagi “Abu Sayyof” va “Jamoati Islomiya” kabi radikal guruhlardan tortib Afrikadagi “Boko Haram”gacha bo’lgan ko’plab xalqaro terror guruhlari “Al-Qoida”dan yuz o’girib, “Islomiy davlat”ga bay’at qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG