Kobul, Bishkekdagi Amerika universitetlari behalovat


Jorj Vashington universitetida muhokama: Koalitsiyaning ketishi Amerika universitetlari uchun nimani anglatadi? Anjumanda Amerika tinchlik institutidan Skott Smit, Davlat departamentidan diplomat Linn Treysi, Jorj Vashington universitetidan Marlin Laruel, Bishkekdagi Amerika universitetidan Endryu Vaxtel qatnashdi.

Jorj Vashington universitetida muhokama: Koalitsiyaning ketishi Amerika universitetlari uchun nimani anglatadi? Anjumanda Amerika tinchlik institutidan Skott Smit, Davlat departamentidan diplomat Linn Treysi, Jorj Vashington universitetidan Marlin Laruel, Bishkekdagi Amerika universitetidan Endryu Vaxtel qatnashdi.

Afg’onistondagi Amerika universitetidan studentlar qadamini uzmoqda. Chunki xalqaro koalitsiya mamlakatdan ketish arafasida, Amerika bilan xavfsizlik bitimiga hali qo’l qo’yilmagan va yurt tinchiga umid so’nib borayapti.


Bunaqa sharoitda talabalar, ayniqsa, xotin-qizlar Kobulda o’qishga vaqt va pul sarflamoqchi emas. Ba’zilari qo’shni Qirg’izistondagi Amerika universitetiga o’tib ketmoqda. Yaqinda Jorj Vashington Universitetida (George Washington University) kechgan munozarada yuqorida nomi tilga olingan dargohlarning kelajagi haqida gap ketdi.

Endryu Vaxtel (Andrew Wachtel) Bishkekdagi Amerika Universitetini boshqaradi. Uning tasvirlashicha, nafaqat Afg’oniston, balki Qirg’izistondagi studentlar ham vahimada.

Bugun Bishkekdagi bu o’quv dargohida Afg’onistondan 75 talaba bor, aksariyati ayollar. Ana shu xotin-qizlar nazarida Afg’onistonda chet ellik askarlar qoladimi-qolmaydimi, baribir o’qimishli ayolga bu davlatda joy yo’q. Chunki ular fikricha, o’sha qoladigan bir tutamgina koalitsiya Afg’onistonga so’zini o’tkaza olmaydi. Bundan esa avvalo qiz-juvonlar jabr ko’radi.

“Afg’on talaba-qizlar biz muallimlardan iltimos qilib, Qirg’iziston yoki Amerikada qolish yo’lini izlayapti. Yozgi amaliyot topib bering, deb so’rayapti. Oldinlari ular Afg’onistonning o’zida biror nodavlat tashkilotida praktika o’tar edi, lekin bugun ushbu tashkilotlar odamlar yollamay qo’ygan yoki umuman ishini to’xtatgan. Shu bois qizlar uyga qaytishdan qo’rqadi”, - deydi Endryu Vaxtel.

Bishkekdagi Markaziy Osiyo Amerika universiteti (American University of Central Asia) 1993-yilda ochilgan. Mintaqadagi barcha davlatlardan talaba qabul qiladi. Kobuldagi Amerika universitetiga (American University of Afghanistan) 2004-yilda asos solingan. Amerika kiritayotgan eng zo’r sarmoya bu, deydi Davlat departamenti rasmiysi, Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomat Linn Treysi (Lynne Tracy).

“Qo’shma Shtatlar regionda maktab, kasalxona va yo’llar barpo etishi mumkin. Ammo sifatli ta’lim bera oladigan, davolay oladigan, yo’llarni ta’mirlay oladigan kadrlar bo’lmasa, infratuzilma tezda xarob bo’ladi. Shu jihatdan mintaqadagi Amerika universitetlari bebaho”, - deydi rasmiy.

Diplomat Qo’shma Shtatlar sarmoyasining muhim prinsiplaridan biri – mustaqillik va suverenitetga hurmat ekanini eslatadi. Linn Treysi Ukrainadagi voqealarga ishora qilib, davlatlar mustaqil qarorlar qabul qilishi, hududini himoya qila olishi juda muhim, dedi. Vashington Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda aynan suverenitet, mustaqillikni qo’llab-quvvatlash yo’lidan boradi, dedi Treysi xonim.

Mintaqa xalqlari mustaqil qarorlar qabul qilishi, taqdirini o’zi hal qilishi uchun esa ularda o’qish, erkin va tanqidiy fikrlash imkoni bo’lishi kerak. Fuqaro hukumatlar va jahon hamjamiyati bilan tengma-teng muzokara qilishi va ehtiyojlarini tushuntira olishi uchun ma’lumotli, bilimli bo’lishi zarur. Bishkek va Kobuldagi Amerika universitetlari shunaqa bilim va ko’nikmani paydo qilayotgani bois ham ahamiyatli sanaladi.

Jorj Vashington universitetida yangragan mulohazaga ko’ra, O’zbekistonda xalqaro ta’lim maskanlari bor, lekin ularda erkin fikr yo’q. Yo’qsil Tojikiston va yopiq Turkmaniston yoshlari uchun ham Bishkekdagi Amerika universiteti muhim, oz sonli ma’rifat manzili hisoblanadi. Afg’onistonda ahvol og’ir, koalitsiya esa baribir ketar ekan, Kobuldagi universitetga nima bo’ladi? Eslatish joiz, yil boshida bu yerdagi xuruj Amerika universitetining ikki xodimini, jumladan, Kobulda endi ish boshlagan yosh professor Aleksander Pitersenni hayotdan olib ketgan edi. Pitersen avval Qirg’izistondagi Markaziy Osiyo Amerika universitetida ham dars bergan. Shunday ekan, yoshlar ilm-ma’rifatdan umidni uzaversin, oz-moz o’qiganlar Afg’onistondan bosh olib ketsinmi?

Bishkekdagi universitetdan Endryu Vaxtel Afg’oniston va Amerika o’rtasida xavfsizlik bitimi imkon qadar tez imzolanishida gap ko’p, deydi. Mintaqa shundoq ham beqaror, davlatlar bir-biri bilan ishlashni bilmaydi, xohlamaydi ham. Shu yil Tojikiston va Qirg’iziston chegarasida ro’y bergan otishma ketidan chegara ancha paytgacha yopiq qolgan, studentlar uylariga borolmay qolgan. O’zini eng barqaror deb bilgan Qozog’iston va O’zbekiston, Endryu Vaxtel ta’rificha, aslida bitta shaxsga, xususan, Islom Karimov va Nursulton Nazarboyevga bog’lanib qolgan zaif jamiyatlar. Bunaqa muhitda Afg’oniston yanada alanga olishining, buning qo’shnilarga tarqalishining hech kimga keragi yo’q, deydi u.

Prezident Hamid Karzay qo’l qo’yishga shoshmayotgan xavfsizlik bitimi Amerika askarlariga Afg’onistonda qolib, mashqlar va maslahat bilan ko’maklashish imkonini beradi.

Jorj Vashington universitetida yangragan mulohazaga ko’ra, O’zbekistonda xalqaro ta’lim maskanlari bor, lekin ularda erkin fikr yo’q. Jorj Vashington universiteti olimasi Marlin Laruel, Markaziy Osiyo Amerika universiteti prezidenti Endryu Vaxtel

Jorj Vashington universitetida yangragan mulohazaga ko’ra, O’zbekistonda xalqaro ta’lim maskanlari bor, lekin ularda erkin fikr yo’q. Jorj Vashington universiteti olimasi Marlin Laruel, Markaziy Osiyo Amerika universiteti prezidenti Endryu Vaxtel

“Afg’oniston bilan xavfsizlik bitimi hali imzolanmadi, biroq Qo’shma Shtatlar hanuz umidvor”, - deydi Linn Treysi, diplomat. “Butun Markaziy Osiyo bilan xavfsizlik bobida hamkorlik kelgusida ham ustuvor yo’nalish bo’lib qoladi. Joriy yilda Afg’oniston xalqi prezidentni saylashi kutilar ekan, Amerika saylov silliq, xolis, adolatli kechishi uchun ham yordamini ayamaydi”, - deydi Davlat departamenti rasmiysi.

Xullas, Afg’onistonda aprel boshiga belgilangan bu prezident saylovlari va uning natijasi, koalitsiya ketayotgani va Amerika bilan xavfsizlik bitimi muallaq qolayotganidan mintaqa behalovat. Lekin optimizm ham yo’q emas.

Xorijlik sarmoyador ishonchini hali qozonib ulgurmagan bo’lsa-da, tobora Rossiya ta’sirida bo’lsa-da, Qirg’izistonda harna fuqarolik jamiyati bor va poraxo’rlikka qarshi kurashuvchi mexanizm ishlay boshlagan. Qo’shimcha sarmoyaga muhtoj bo’lsa-da, xalqaro universitetlar erkin faoliyat yuritmoqda. Ha, Afg’onistondan chet el askarlari ketishi, prezident poygalari ortidan g’olib va mag’lub tomon o’rtasida ehtimoliy bahslar yaqin ikki-uch yilda asoratsiz o’tmaydi. Bu aniq, deya xulosa qiladi Jorj Vashington universitetida gi munozarada o’z fikrini bildirgan ziyolilar.

Biroq atrofda ahvol qanchalik og’ir bo’lmasin, pora olmaslik, sifatli ta’lim berish, regionning intiluvchan studentlariga imkon berib, bepul o’qish uchun sharoit yaratish…

“Shu tamoyillar asosida ishlashda davom etayotganimiz – yutug’imiz”, - deydi Markaziy Osiyo Amerika universiteti prezidenti Endryu Vaxtel.
XS
SM
MD
LG